Breaking News

Isroil-XAMAS urushi: Ixtilof tarixiga nazar


Isroil armiyasi tanklari G'azo chegarasi yaqinida, 2023-yil, 13-oktabr
Isroil armiyasi tanklari G'azo chegarasi yaqinida, 2023-yil, 13-oktabr

Isroil-Xamas to'qnashuvi keskinlashib bormoqda. XAMASning so'nggi hujumi ortidan Isroil armiyasi G'azoga bostirib kirishi kutilyapti. Quyida Isroil-Falastin ixtilofi va XAMASning paydo bo'lish tarixiga nazar tashlaymiz.

Mustamlakachilik davri va Isroil davlatining paydo bo’lishi

G'azo 1917-yilgacha Usmoniylar saltanati nazoratida bo’lgan. 1922-yildan boshlab Falastin qariyb 30 yil Britaniya mustamlakasiga aylandi. O'sha yillarda, asosan, natsizm kuchayib borayotgan Sharqiy Yevropadan qochib kelgan yahudiylar Falastinga o’rnasha boshladi.

Sionizm tarafdorlari Bibliyadagi Isroil yeriga tarixiy aloqadorligini ta'kidlab, Falastinda yahudiylar uchun milliy davlat qurish harakatini boshladi. Britaniya hukumati sionizmni tan olib, Falastinda yahudiy davlatini barpo etishga va'da berdi.

Ikkinchi Jahon urushidan so’ng Britaniya Falastinni ajratish vakolatini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga topshirdi. 1948-yilda BMT arab yetakchilari tomonidan rad etilgan ikki davlatchilik rejasini tasdiqladi. Isroil o'zining davlatiga asos solinganini e'lon qildi.

Isroil-Xamas ixtilofi tarixi: urush xronologiyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

Ikkinchi jahon urushi davrida Ittifoqchi davlatlar arab yetakchilariga urush davridagi yordam evaziga mustaqillik berishni va’da qilgan edi. Ko'plab arab falastinliklar Isroilning yaratilishini bu va'daning buzilishi deb hisobladi.

1948-yil may oyida Isroil va besh qo'shni arab davlati o'rtasida urush boshlandi. Isroil g'alaba qozondi va o'z hududini kengaytirib, jumladan, musulmonlar va yahudiylar uchun muqaddas shahar bo'lgan Quddusni egallab oldi.

O’z uyidan haydalgan o'n minglab falastinliklar Misr armiyasi tomonidan egallab olingan 40 kilometrlik tor qirg’oq bo’yidagi G'azoga ko’chib kelishdi. Qochqinlar oqimi tufayli G‘azo aholisi uch baravar ko‘payib, 200 mingga yetdi.

Misr G'azodan quvib chiqarildi

Misr harbiy gubernator qo‘mondonligi ostida yigirma yil davomida G‘azo sektorini boshqargan. O'sha davrda falastinliklar Misrda ishlash va ta'lim olish huquqiga ega bo’lgan.

Yillar davomida o’zini ozodlik kurashchilari deb atagan bir guruh falastinliklar Isroilga bir necha bor harbiy hujumlar uyushtirgan. Isroil ham G’azoga qarshi amaliyotlar o’tkazgan.

Isroil 1967-yilgi Yaqin Sharq urushida G'azo sektorini egallab, Misr hukmronligiga barham berdi. Isroil harbiylari hududni to’liq o’z nazorati ostiga oldi.

Bir paytlar o'zlariga tegishli bo'lgan, hozir esa isroilliklar egallab olgan yerlarni ko’rish ko'plab falastinliklar uchun ulkan qayg’u manbai edi. Shu tariqa Isroil bosqiniga qarshi kurash falastinliklar uchun asosiy masalaga aylandi.

XAMASning tug'ilishi

1987-yilda Isroil mudofaa kuchlari yuk mashinasi fuqarolik mashinasiga urilib, 4 nafar falastinlik ishchi halok bo‘ldi. Shundan so’ng tartibsizliklar avj oldi. G'azoliklar o'limni qasddan qilingan hujum deb baholadi; Isroil hukumati bu da'voni rad etdi. Ish tashlashlar va tosh otish namoyishlari boshlandi.

Misrda joylashgan sunniy "Musulmon birodarlar" guruhi G'azoda XAMAS deb nomlangan yangi tashkilot tuzdi. Qisqa vaqt ichida XAMAS Falastin Ozodlik Tashkiloti rahbari Yosir Arofatga kuchli raqibga aylandi.

XAMASning missiyasi Isroilni yo'q qilish va uning o'rnida islomiy hukumatni barpo etishdir. Guruh e’lon qilgan ilk nizomda hamma joyda yahudiylarga qarshi zo’ravonlik qilish yoqlangan edi.

Oslo kelishuvlari

1993-yilda Isroil va Falastin Oslo kelishuviga erishdi. Bu misli ko'rilmagan tinchlik bitimi bo'lib, Falastin ma'muriyatini tashkil etish va unga G'azo va G'arbiy Sohildagi Iyerixon shahri ustidan cheklangan nazorat huquqini berish kabi shartlarni o’z ichiga olgan. Arofatga hatto o'n yillik surgundan keyin G'azoga qaytishga ruxsat berildi.

Oslo kelishuvlari Falastinga davlat maqomi berishni va'da qilgan edi, ammo bu reja keyin yuz bergan kelishmovchiliklar tufayli to’liq amalga oshmadi. Isroil aholi punktlarini qurishda davom etar ekan, XAMAS hafsalasi pir bo'lgan g'azoliklar orasida o’z nufuzini oshira boshladi.

21-asrdagi o’zgarishlar

2000-yilda XAMAS qo’l urgan xudkush portlashlari va otishmalar butun G'azo bo'ylab komendantlik soati va nazorat punktlari joriy qilinishiga sabab bo’ldi. Yangi asr kirib kelishi bilan Isroil va falastinliklar o'rtasidagi kelishmovchilik yanada kengaydi.

Isroil G’azoda mahalliy iqtisodiyotning muhim qismi bo'lgan baliqchilik sanoatini bir kunda to’xtatib qo’ydi. Isroil da’vosiga ko'ra, XAMAS baliqchilik kemalari orqali terrorchilar hujumida qo'llanilgan qurollarni tashigan.

2005-yil avgustiga kelib, Isroil armiyasi G'azoni butunlay tark etdi va bu hududdagi bir nechta yahudiy aholi punktlarini evakuatsiya qildi. Atrofi tikanli simlar bilan o'ralgan shaharda qora bozor savdosi avj oldi. Kontrabandachilar yer osti tunnellari orqali Misrdan yuklarni olib kira boshladi.

XAMAS 2006-yilda G'azodagi parlament saylovlarida g’olib chiqib, anklav ustidan nazoratni Arofat partiyasidan tortib oldi.

Xamas o‘shandan beri biror marta ham saylov o‘tkazmagan va Isroil 15 yildan beri G‘azoni blokada ostida ushlab turibdi. 2009-yilda BMT uzoq vaqtdan beri davom etayotgan cheklovlarni "halokatli" deya tanqid qildi. Ammo Isroil G‘azoga kirish-chiqish ustidan o’rnatilgan qattiq nazoratni XAMAS ko‘proq halokatli qurollarga ega bo‘lishiga yo’l qo’ymaslik bilan izohladi.

Misr ham G'azo bilan chegarada qattiq cheklovlarni joriy qilgan.

2014-yilda XAMAS Isroil shaharlariga raketa zarbalarini berdi. Isroil javob sifatida amalga oshirgan havo hujumlarida G‘azodagi ko’plab mahallalarni vayron qildi, 2100 dan ortiq falastinlik halok bo'ldi. Ularning aksariyati tinch aholi vakillari.

Bugun vaziyat qanday?

7-oktabr yahudiylarning Shemini Atzeret bayrami kuni XAMAS Isroilga bostirib kirib, ko’plab tinch aholi vakillarining qonini to’kdi.

Guruh jangchilari musiqa festivaliga yig’ilgan odamlarni o’qqa tutgan va yana o'nlab odamlarni garovga olgan. Isroil shundan beri G'azoni havo hujumlari orqali o’qqa tutmoqda.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Eron XAMASni taktik mashg'ulotlar, ilg'or boshqaruv tizimiga ega raketalarni yig'ish bo'yicha ko'rsatmalar va yiliga 100 million dollargacha bo’lgan mablag’ bilan ta’minlamoqda.

Tahlilchilarning aytishicha, Isroil G'azoga keng ko'lamli harbiy yurish qilishga tayyorlanmoqda. Isroil armiyasi vakili Jonatan Konrikusning ta'kidlashicha, 7-oktabr Isroil tarixidagi eng yomon kun bo’lib, ko’lami jihatidan AQShdagi 11-sentabr voqealariga o’xshaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG