Breaking News

Isroil G'azo aholisini shaharni tark etishga chaqirmoqda


Yaqin Sharqda bir haftadan beri zo’ravonliklar davom etmoqda. Falastinning G’azodagi XAMAS jangarilari o’tgan shanba Isroilga hujum qilishi ketidan yahudiy davlati G’azo Sektorini tinmay bombardimon qilmoqda.

Xalqaro hayot - 13-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:49 0:00

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu zarbalar XAMAS harbiy inshootlari va infratuzilmasiga qarshi qaratilganini aytayotganiga qaramay hujumlarda tinch aholi ham nobud bo’lmoqda.

G’azoda qurbonlar soni Isroilda XAMAS hujumlaridan o’lgan odamlar sonidan oshib ketdi. G’azo rasmiylariga ko’ra, 1500 dan ziyod falastinlik o’lgan. Isroilda 1300 kishi o’ldirilgan. Isroil armiyasi 1500 jangari yo’q qilinganini ma’lum qildi.

Isroil bugun G’azo Sektoridagi eng yirik shahar G’azo aholisiga uy-joylarini zudlik bilan tashlab, janubiy hududlarga qochishga 24 soat muhlat berdi. XAMAS Isroil ultimatumini “soxta propaganda” deb, fuqarolarni unga laqqa tushmaslikka chaqirdi.

Kuzatuvchilar Isroil sektorga qo’shin kiritishga hozirlanayotganiga ishora qilmoqda.

G’azo shahrida bir million 200 ming odam yashaydi. Bu sektor aholisining yarmidir. Shaharliklarning bir qismi so’nggi kunlarda qochishga majbur bo’lgan.

Isroil BMTning hududdagi idoralariga shaharni tark etishni tavsiya qilgan. BMT bosh kotibining so’zlovchisi Stefan Dujarrik bayonot chiqarib, Isroil ultimatumi dahshatli oqibatlarga olib kelishini aytdi.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan BMT bayonotini tanqid qilarkan, tashkilotni XAMASni qoralab, Isroilning o’zini mudofaa qilish huquqini qo’llab-quvvatlashga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Iordaniya qirolining rafiqasi Raniya “Instagram”dagi storisida “bosqinchiga o’zini mudofaa qilish huquqi tegishli emas” deb yozdi.

Shotlandiya rahbari Hamza Yusufning qaynonasi G’azoda qolib ketganini aytib video tarqatgan. Yusuf pokistonlik muhojirlar oilasida tug’ilgan, rafiqasi Nadiya Nahla esa falastinlik arablardan.

''Bu mendan so’nggi video. G’azoliklar biz tomon kelmoqda. Bir million odam. Na oziq-ovqat bor, na suv. Qochayotgan odamlarni o’qqa tutishmoqda. Ularni qayerga joylashtiramiz? Kasalxonadagi odamlarni evakuatsiya qilib bo’lmaydi. Hozirgi zamonda bunday ishlarga yo’l bergan odamlarda mehr qayoqqa ketdi? Yaratgandan madad so’raymiz. Xayr”, - dedi Elizabet Nahla.

Yusuf rafiqasining yaqinlari qarindoshlarini ko’rish uchun G’azoga borishganini, ammo shanba kuni XAMAS Isroilga hujum qilganini aytadi.

Londonlik tahlilchi Hisham Helyer Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, ko’plab begunoh odam nobud bo’lishini taxmin qiladi.

''Batamom falokat bo’ladi. Gumanitar falokat bo’ladi. BMT va boshqa huquq tashkilotlari ham shu haqda ogohlantirmoqda. Gap 1,1 million odam haqida ketmoqda. Aksariyati oddiy fuqarolar. Ulardan dunyodagi eng zich hududlardan birini 24 soat ichida tark etishni talab qilishyapti. Buning imkoni yo’q. Tanklar va qo’shinlar kirishi bilan ko’plab odamlar nobud bo’ladi”, - deydi u.

AQShning “Newsweek” haftalik jurnali Isroil 48 soat ichida 300 mingdan ziyod zaxirachini safarbar etganini, Rossiyada qisman safarbarlik doirasida bunga bir oydan oshiq vaqt ketganini ma’lum qiladi. So’nggi xabarlarga ko’ra, Isroil 360 ming zaxirachini xizmatga jamlagan.

Isroil XAMAS garovga olingan barcha odamlarni ozod etmaguncha qamalni yumshatmasligini yoki hududga gumanitar yuk kirishiga yo’l qo’ymasligini bildirdi.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasining mintaqaviy direktori Fabritsio Karboni G’azodagi kasalxonalar transport vositalarida yoqilg’i tugaganiga ishora qilarkan, ular yoqilg’i bilan ta’minlanmasa morglarga aylanishi haqida ogohlantirdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bishkekda MDH davlatlari sammitida G’azoning qamalga olinishini Ikkinchi jahon urushida Leningrad shahrining natsitslar tomonidan 900 kunlik qamali bilan tenglashtirdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilda rasmiylar bilan muloqotidan so’ng bugun Iordaniyada Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbos va Iordaniya qiroli Abdulla bilan, Qatarda amir Shayx Tamim bin Hamad al-Taniy va Bosh vazir Shayx Muhammad bin Abdulrahmon al-Taniy bilan ko’rishdi. Iordaniyada uch million falastinlik yashaydi, AQSh harbiy bazasi joylashgan.

Blinken shuningdek Saudiya Arabistoni, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarida ham bo’ladi.

Isroilni qo’llab-quvvatlash uchun bu mamlakatga bugun Yevropa Ittifoqi va qit’a rahbarlari birin-ketin qatnamoqda.

Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen, Yevropa Parlamenti rahbari Roberta Metsola, Germaniya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari, AQSh mudofaa vaziri shular jumlasidan.

O’tgan yil oktabrida Rossiyaning Ukraina energetika inshootlariga hujumlari paytida Ursula fon der Leyen Rossiyani ukrain xalqini elektr quvvati, issiqlik, suvdan ayirish maqsadida terror usullaridan foydalanayotganlikda ayblagan edi, biroq Isroil hujumlarida o’lgan 450 dan ortiq bolani va qamal oqibatida suvsiz, elektr quvvatisiz, yoqilg’isiz qolgan falastinliklarni tilga olmadi.

Bugun dunyo bo’ylab minglab musulmon juma namozidan so’ng Falastinni qo’llab namoyishlar uyushtirdi.

Xususan Eron, Malayziya, Iordaniya, Hindiston, Bangladesh, Iroq, Indoneziya, Pokiston, Yaman, Turkiya, Livan, Afg’oniston va boshqa mamlakatlarda. Politsiya Parijdagi namoyishni kuch bilan tarqatishga harakat qildi. Bu mamlakatda Falastinga xayrixoh ommaviy tadbirlar man qilingan.

Yaqin Sharqda kattaroq mojaro ro'y berishi mumkinmi?

Ba’zi tahlilchilar XAMASning G’azoda minglab tunellari borligini, jangarilar hududni Isroil harbiylaridan yaxshiroq bilishini aytib, Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, katta talofat ko’rishini taxmin qilmoqda.

Shunday bo’lgan taqdirda Livanning “Hizbulloh” guruhi ham Isroilga qarshi urush boshlashi haqida ogohlantirgan. Eron va Suriya ham Isroilni o’ziga dushman deb biladi. Ayrim siyosatchilar va kuzatuvchilar mojaro G’azo doirasidan tashqariga chiqishidan, mintaqaviy urushga aylanishidan xavotirda.

“Agar Isroil G’azoni bosib olsa, Eron tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan va uning maqsadlariga ergashayotgan, Isroildan Eronchalik nafratlanayotgan boshqa guruhlar ham aralashishi mumkin degan xavotir mavjud”, - deydi Vashingtondagi “Stimson markazi” eksperti Barbara Slavin.

Ulardan biri “Hizbulloh” XAMASga qaraganda ancha kuchli, askarlari ancha ko’proq, raketalari ancha mukammalroq hisoblanadi. So’nggi kunlarda “Hizbulloh” va Isroil ahyon-ahyonda o’q almashib turibdi.

Isroil Suriyani Eronga qurol o’tkazishda yordam berayotganlikda ayblarkan, payshanba kuni Damashq va Halab aeroportlarini hujumga oldi, biroq fuqarolar urushida holdan toygan Suriyada Isroil hujumlariga javob berishga yetarlicha salohiyat yo’qligi aytiladi.

“Katta urush boshlanishi ehtimolini hisobdan chiqarmayman. Garchi “Hizbulloh” urushdan oldin Isroil ichki nizolar ta’sirida tarqoqlashadi deb o’ylagan bo’lsa-da. Ammo hozir bu jarayonga barham berildi. Ushbu omil katta urushning oldini olgan bo’lishi mumkin. Eron “Hizbulloh”ni zaxirada ushlab turadi, Isroil hujumiga uchrashi mumkinligini hisobga olsa”, - deydi AQShning Yaqin Sharqdagi sobiq elchisi Denis Ross.

Londonlik tahlilchi Lina Xatib Isroil Eronga bevosita zarba berishiga ishonmaydi.

“Shunday bo’lgan taqdirda Isroilning XAMAS bilan urushda siyraklashayotgan resurslari yanada kamayadi”, - deydi u.

Katta urush boshlangan taqdirda Isroilning qudratli ittifoqchisi AQSh unga yordam berishga shay.

"Isroilga gapim shuki, sizda o’zingizni himoya qilishga kuch yetarli bo’lishi mumkin, ammo Amerika turguncha, siz bu ishda yolg’iz emassiz. Biz hamisha yoningizda bo’lamiz”, - dedi kuni kecha Isroilga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Erdog'an murosaga chaqirmoqda, vositachi bo'lmoqchi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Isroilni G’azoga Misr orqali gumanitar yordam yetkazishga imkon berishga chaqirdi. Unga ko’ra, Turkiya bugun Misrning Shimoliy Sinay viloyatiga muhtojlar uchun yordam ortilgan samolyot yuborgan.

Erdog’an taraflarni tinchlikka chaqirarkan, vositachi bo’lishga tayyor ekanini bildiradi. Isroil bilan 2021-yilda sovuqlashgan aloqalarni yaqingacha tiklashga harakat qilgan Turkiya rahbari hozir qiyin ahvolga tushib qolgan. Uning minglab tarafdorlari, dindor fuqarolar Isroilning G’azoga hujumini qoralamoqda.

Erdog’an so’nggi kunlarda Isroil, Falastin, Livan, Qatar, Misr, BMT, Rossiya, Malayziya, Iordaniya, Jazoir, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya rahbarlari bilan G’azodagi vaziyatni muhokama qildi.

Yevropa Komissiyasi prezidentining o’rinbosari Margaritis Sxinas payshanba kungi Bryusseldagi chiqishida Turkiyani aniq bir pozitsiyani tanlashga chaqirdi. Grek siyosatchisiga ko’ra, Anqara kim bilan bo’lishini, tarixning qaysi tarafida bo’lishini aniq bildirishi kerak – Yevropa Ittifoqi, NATO, begunoh odamlar tarafidami yoki Moskva, Eron, XAMAS va “Hizbulloh” tarafida.

“Turkiyada XAMAS agentlari faoliyat yuritishini ta’kidlash joiz. Bu Isroil uchun xavotirlidir”, - deydi Tel-Avivning Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.

Erdog’an iyul oxirida Anqarada XAMASning siyosiy rahbari Ismoil Xaniya bilan uchrashgan. Turk rahbariga ko’ra, XAMAS bilan aloqalar vositachilik ishlarini yengillashtiradi va Eronning harakatga ta’sirini susaytirishga yordam beradi.

Ayni paytda Turkiya XAMAS vakillari bilan garovga olingan odamlarni ozod etish masalasida muzokara olib borayotgani aytiladi.

Turkiyadagi aksariyat yirik muxolif partiyalar Isroilni qoralab, Falastinga xayrixohlik bildirmoqda.

Erdog’anning hozirgi nisbatan betaraf siyosati Isroil G’azoga qo’shin kiritganida o’zgaradimi, yo’q, buni vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG