AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika Isroilni qo’llab-quvvatlashini aytib, Kongressdan Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni yumshatish uchun zudlik bilan chora ko’rishni so’rashini ma’lum qildi.
“Bu juda qabih ish bo’ldi. Isroilda 1000 dan ortiq fuqaro o’ldirilmadi, so’yildi. Shularning kamida 14 nafari amerikalik. Ota-onalar farzandlarini himoya qilish uchun ularni o’z tanasi bilan to’sib, jon berdi. Yosh bolalarning o’ldirilgani haqidagi xabarlarni eshitib, odamning ko’ngli behuzur bo’ladi. Butun boshli oilalar o’ldirildi”, - dedi Bayden.
U Amerika Isroil tarafida ekanini aytdi.
"Isroil bilan hamnafasmiz. Isroil o’z fuqarolarini himoya qilishi va hujumga javob berishi uchun uni zarur narsalar bilan ta’minlaymiz. Terrorizmni oqlab bo’lmaydi, uni oqlashga bahona yo’q”, - dedi Bayden.
Shu sabab, Amerika prezidentiga ko’ra, AQSh mintaqaga zarbdor avianosets guruhini safarbar etdi. Kongress Vakillar palatasiga yangi spiker saylanishi bilan Bayden qonunchilardan muhim hamkorlarning milliy xavfsizlikka doir ehtiyojlarini zudlik bilan qondirish uchun pul so’rashini bildirdi.
Tahlilchilarga ko’ra, qonli qirg’indan junbushga kelgan Oq uy Isroil bayrog’i ranglarida yoritildi.
“Terrorchi guruh qo’lga olgan odamlar orasida amerikaliklar bo’lishi mumkin. Ularning taqdiri Amerikaning har bir prezidenti uchun ustuvor bo’lishi kerak. Isroilda terror xurujidan o’lgan amerikaliklarni hayotga qaytarib bo’lmaydi. Mintaqadagi o’ta og’ir vaziyatga endi barcha murakkabliklarni qo’shing. Bu nafaqat Isroil va XAMASni o’z ichiga oladi, balki “Hizbulloh” va Eronning aralashuv ehtimolini ham hisobga olish kerak. Prezident Bayden mana shularning barchasini taroziga qo’yishga harakat qilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Daniel Baymen.
Qo’shma Shtatlar Isroil tomon bir necha harbiy kema, o’nlab samolyot, minglab qo’shin yuborgan. Kuzatuvchilar Isroil mudofaa kuchlari XAMASga qarshi yetarlicha kuchga ega ekanini, AQSh yordamiga zarurat yo’qligini aytarkan, ayrimlar buni Eronni jilovlash uchun kerakligini taxmin qilmoqda.
Ayrim ekspertlar XAMAS hujumi ortida Eron turganiga ishora qiladi.
"Eron yetakchiligidagi lager Isroilga hujum qilishga qaror qildi. Nega? Bu katta savol. Nazarimda, Eron va uning hamkorlari ularga jiddiy qarshilik ko’rsatilmaydi va ular Yaqin Sharqda eng qudratli element bo’ladi deb o’ylagan bo’lishi mumkin”, - deydi isroillik tahlilchi Yossi Kupervasser.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh mintaqaga katta harbiy kuch safarbar etganini tanqid qildi.
“AQSh avianosets gruppirvokasini u yerga nega jo’natganini va yana bittasini O’rta Yer dengiziga yuborishini e’lon qilganini tushunmayapman. Bunga qanday ehtiyoj borligini tushunmayapman. Ular Livanni bombardimon qilmoqchimi? Yoki kimnidir qo’rqitish uchunmi? U yerdagi odamlar hech narsadan qo’rqmaydi. Muammoni bunday hal qilib bo’lmaydi, murosa yo’llarini qidirish kerak. Bunday harakatlar vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Agar mojaro Falastin hududidan tashqariga yoyilsa, butun dunyoga ta’sir qiladi”, - dedi Putin.
Unga ko’ra, Isroil-Falastin muammosini hal qilish uchun azaldan mavjud mexanizmlarga rioya qilish, BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlarini bajarish kerak, ya’ni mustaqil va suveren Falastin davlatini yaratish zarur.
Isroil shimolda Livan tomonidan ham hujumlarga hozirlanmoqda. “Hizbulloh” guruhi Isroil tomon bir necha raketa otgan, Isroil qarshi hujum bilan javob berdi.
Natijada Livan janubida bugun bir necha uy va masjid zarar ko’rgan.
XAMASdan ancha qudratliroq hisoblangan “Hizbulloh” hozircha urushga to’liq kirgani yo’q.
Yamanda xusiy isyonchilar AQSh mojaroga aralashsa, Amerikaning mintaqadagi inshootlariga hujum qilishga tayyor ekanini bildirgan. Iordaniya ana shunday nishonlardan biri bo’lishi mumkin. Bu mamlakatda AQShning harbiy-havo bazasi joylashgan.
Iordaniya qiroli Abdulla G’azodagi vaziyatni izohlarkan, mustaqil Falastin davlati bo’lmasa, Yaqin Sharqda tinchlik qaror topmasligini aytdi.
Iordaniyada uch millionga yaqin falastinlik yashaydi.
Seshanba kuni minglab odam bu mamlakatda namoyish qildi. Ba’zilari AQSh harbiy bazasidan Isroilga qurol yuborilayotganini da’vo qilarkan, qirol va hukumatni Amerikaga xizmat qilayotganlikda aybladi. Biroq Iordaniya harbiylari buni inkor etib, amerikaliklar bazadan Isroil foydasiga foydalanayotgani haqidagi xabarlarning soxta ekanini aytdi.
XAMAS Isroil tomon yuzlab raketa otarkan, Isroil ularni urib tushirish uchun
“Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi uchun raketalarga muhtoj. Kuni kecha AQSh va bir necha mamlakatdan Isroilga o’q-dori yetkazilgan.
Xorijiy mamlakatlar Isroildan fuqarolarini evakuatsiya qilishda davom etmoqda.
Isroil G’azo qamalini bekor qilish rejasi yo’qligni bildirmoqda.
Oddiy aholi suv, non, yoqilg’i, elektr quvvati yo’qligidan nolimoqda. Isroil G’azoga gumanitar yordam yetkazish harakatlariga ham to’siq qo’ymoqda.
"Butun dunyodan kesilib qoldik. Bu falastinliklar yuz tutayotgan genotsiddan ham battarroq. Isroil aloqa kompaniyalari faoliyatini taqiqlab, G’azoda telekommunikatsiya xizmatini butunlay o’chirib qo’ymoqchi, butun boshli mahallalarni, turar-joylarni bombardimon qilishyapti, zulmatga cho’ktirishdi. Dunyo xalqimiz nidosini endi eshita olmaydi”, - deydi inson huquqlari faoli va jurnalist Maha Husayn.
Isroil G’azoga qo’shin kiritishga hozirlanarkan, zaxirachilarni to’plamoqda, harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun xorijdan ham yahudiylar vataniga qaytmoqda.
"Ko’p qo’shin safarbar etdik. G’azoga askar kiritiladimi, yo’q, buni bilmayman. Ammo hamma bunga tayyor bo’lishi kerak”, - deydi Kupervasser.
Isroil XAMASning 1500 a’zosi yo’q qilinganini ma’lum qildi. To’qnashuvlarda Isroilda 1200 odam, Isroil bombardirovkalarida esa G’azoda 1100 ga yaqin aholi nobud bo’ldi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Isroilda. Unga ko’ra, Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli. So’nggi kunlarda Blinken bir necha mamlakat tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qilgan.
AQSh Isroilga XAMAS o’g’irlab G’azoga olib ketgan odamlarni qutqarishda yordam va’da qilgan va shu maqsadda Isroilga maxsus kuchlar yetib borgan.
“Qator mamlakatlarda XAMAS bilan aloqa qilish imkoni bor. Bu mamlakatlardan XAMASni garovdagi barcha odamlarni ozod etishga ko’ndirishni so’radik”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.
Ayrim tahlilchilar XAMAS hujumini Eronning Isroil-Saudiya Arabistoni aloqalarini yaxshilashga to’siq qo’yish rejasi bilan bog’lamoqda. Isroil qirollik bilan diplomatik aloqalarni tiklash tashabbusini to’xtatmoqchi emas, ammo so’nggi voqealar jarayonni murakkablashtirgani aytilmoqda.
“Urushning kelib chiqgani jadvalni ortga surib qo’yishi mumkin. Ammo bu aloqalarni normallashtirishga chek qo’yildi degani emas. Hozir butun diqqat urushning turli jihatlariga va Isroilga yordam berishga qaratiladi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Set Jouns.
Dunyoda mukammal deb hisoblangan Isroil razvedkasi va qurolli kuchlari XAMASning hujumga tayyorgarligidan nega bexabar qolgani, Isroilda kimlar bunga javobgar ekani ko’plarni qiziqtirmoqda.
XAMAS hujumi Isroilda radikal millatchi siyosatchilarning hokimiyatga kelishi va Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning xalq noroziliklariga sabab bo’lgan sud tizimi islohotlarini amalga oshirishi oqibatida jamiyatda vujudga kelgan tarqoqlikka barham berdi. Muxolif siyosatchilar hukumat bilan birlashib, umumiy tahdidga birgalikda qarshi turishga tayyor ekanini aytarkan, aybdorlar g’alabadan so’ng aniqlanishini bildirmoqda.