Breaking News

Isroil-XAMAS urushi: BMT tinchlikka undamoqda, o'lganlar soni ortgan


Kibbutz Beyeri, Isroil, 11-oktabr, 2023
Kibbutz Beyeri, Isroil, 11-oktabr, 2023

Isroil urush bilan shug'ullanish uchun maxsus boshqaruv tashkil etgan. Maqsad - XAMASni yer tishlatish va hozirgacha yig'ilgan 300 ming qo'shinni G'azo yaqiniga safarbar etib, ehtimoliy bosqinga tayyorlash.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bu boshqaruvga sobiq mudofaa vaziri Benni Gantz va hozirgi Mudofaa vaziri Yoav Gallantni taklif etgan. Ularning zimmasiga maxsus amaliyotlar nazorati yuklangan.

Konservativ boshqaruv tuzgan bu maxsus boshqaruv, deydi tahlilchilar, Isroil siyosiy doiralaridagi hukmron keskin kayfiyatni aks ettiradi. Netanyaxu bu tuzilmani birdamlikka asoslangan hukumat deb atamoqda.

Netanyaxu G'azoda XAMAS hukmronligiga chek qo'ymoqchi. Toki, deydi u, bu guruh Isroilga qarshi boshqa hujum qila olmasin.

11-oktabrdagi hisobga ko'ra, Isroil tomondan 1200 odam, jumladan 22 amerikalik o'lgan. 2700 kishi jarohatlangan. Yana 17 amerikalikdan darak yo'q.

Falastin tomondan o'lganlar 1055 nafar, yaralanganlar 5200 ga yaqin.

G'azo sektori, 11-oktabr, 2023
G'azo sektori, 11-oktabr, 2023

Isroil kuchlari G'azoga bostirib kirsa, vaziyat yanayam qonli tus oladi, deya ogohlantirmoqda inson huquqlari faollari.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish "urushni aslo kengaytirmang, mojaro ko'lami toraysin", deya undamoqda.

AQSh Isroil hukumati bilan muntazam maslahatlashuvda, deydi Oq uy rasmiylari.

XAMAS qo'lida kamida 150 kishi garovda - askarlar, xotin-qizlar, erkaklar, bolalar va keksalar.

Isroil XAMASga doirligi taxmin qilingan obyektlarni nishonga olmoqda. XAMAS ham G'azo atrofidagi yahudiy shaharlar va posyolkalarga raketa otmoqda, xususan Ashkelonga.

Isroil G'azoga ovqat, suv, yonilg'i va dori-darmon ta'minotini kesgan. Sektorda 2,3 million aholi bor. G'azodan Misrga chiqadigan yo'l ham to'silgan. Hududdagi yagona elektr stansiyasi ham hozirda ishdan to'xtagan.

BMTga ko'ra, G'azodagi yetti kasalxonada zarur vositalar yetmayapti. Gumanitar tashkilotlar ham dori-darmon taqchilligidan nolimoqda, ularga ham ta'minot uzilgan.

Isroil Mudofaa vazirligi G'azoda turar joy va boshqa obyektlar nishonga olinayotganini tasdiqlab, XAMAS ataylab shunday inshootlarga yashiringan, deya qayd etmoqda.

BMT hisobicha, sektorda kamida 263 ming aholi boshpanasiz qolgan.

G'azo sektori, 11-oktabr, 2023
G'azo sektori, 11-oktabr, 2023

Yahudiy davlat 169 askaridan ayrilgan. 60 zobit XAMAS qo'lida.

Pentagonning tasdiqlashicha, AQSh maxsus kuchlari Isroildagi shunday guruhlar bilan hamkorlikda XAMASga qarshi harakatlar rejalamoqda. Vashington Isroilga harbiy yordamni oshirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga safarda. Blinken Isroil rahbarlari bilan yaqindan gaplashib, hududdagi vaziyat bilan yaqindan tanishmoqda. U, shuningdek, mojarodan qurbon bo'lgan va zarar ko'rgan amerikaliklar masalasi bilan ham mashg'ul.

XAMAS xurujlarida o'lganlar orasida boshqa davlatlarning fuqarolari ham bor, jumladan Avstraliya, Braziliya va Filippindan.

Isroil tarafdorlari, Budapesht, 11-oktabr, 2023
Isroil tarafdorlari, Budapesht, 11-oktabr, 2023

Falastin rahbariyati G'azo sektorida gumanitar ahvol o'ta og'ir deya ogohlantirmoqda. Fath harakati yetakchilaridan Sabri Saydam deydiki, sog'liqni saqlash tizimi, ta'lim dargohlari, suv va energiya ta'minoti hamda aloqa vositalari, jumladan internet izdan chiqqan.

"Isroil agar G'azoga bostirib kirsa ham u yerda yakson qiladigan hech narsa yo'q", - deydi Saydam. "Falastin ahlining kuli ko'kka sovurilmoqda".

Isroil Tashqi ishlar vazirligidan Alon Liyel deydiki, XAMASni yo'q qilish keskin choralar talab qiladi.

“Hukumatimiz xalqi oldida javobgar. Biz odamlarni boy berdik. XAMAS qilmishi uchun javob berishi kerak".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG