Chorshanba kuni Isroilda favqulodda birlik hukumati tuzildi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning millatchi koalitsiyasi muxolif partiyalar rahbarlari bilan XAMASga qarshi urush paytida birlashishga va siyosatni muvofiqlashtirishga kelishib oldi.
Birlik hukumatiga “Ko’k va oq” partiyasining lideri, sobiq mudofaa va adliya vaziri Benni Gans va Mudofaa vaziri Yoav Gallant kirdi. Sobiq bosh vazir Yair Lapid ham unga taklif etilgan.
Gallant XAMASni Daishga tenglashtirib, “uni yer yuzidan yo’q qilamiz” deb aytdi.
Netanyaxu va Gans favqulodda hukumat urushga aloqasi yo’q siyosat va qonunlar qabul qilmasligini bildirdi.
Isroilliklar birlik hukumati tuzilganini olqishlamoqda.
"Natija faqat bitta bo’lishi mumkin. Yo ular bizni, yo biz ularni. O’rta yo’l yo’q. Yarim chora yo’q. Hukumat chegarada turgan askarlarimizga zarar bermay, bu ishga mas’uliyat bilan yondashadi degan umiddaman. Chunki mening farzandim G’azoda yoki boshqa joyda yashirinib o’tirgan terrorchilar farzandlaridan muhimroq. G’azoning yer bilan tekislanishini xohlayman”, - deydi qudduslik bir yahudiy.
Isroilga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashuvlari chog’ida Isroil ehtiyojlari haqida gaplashgan.
“Isroilning mudofaa uchun ehtiyojlarini hisobga olib ularni qondirishda Kongress bilan hamkorlik qilamiz. Kongressda har ikki partiya qonunchilarida Isroil xavfsizligiga xayrixohlik juda kuchli”, - dedi Blinken Netanyaxu bilan uyushtirilgan matbuot anjumanida.
Chorshanba kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Milliy xavfsizlik kengashi a’zolari bilan majlis paytida Isroil rahbari bilan yana bir bor gaplashgan.
"Bunday vaziyatda fikrimizni ravshan bildirishimiz kerak. Terrorizm uchun hech qanday asos yo'q, hech qanday bahona yo'q. Terrorizmning biz ko’rgan turi chegaradan chiqib ketdi. Kecha aytganimdek, mening Isroil xavfsizligi va yahudiy xalqining xavfsizligiga majburiyatim qat’iydir”, - dedi Bayden.
So’nggi kunlardagi zo’ravonliklarda 22 amerikalik halok bo’lgani, yana 17 nafari bedarak ketgani aytilarkan, Isroilga safari chog’ida Davlat kotibi Blinken Amerika fuqarolarining taqdiri bilan ham shug’ullanmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi davlatlar rahbarlari bilan aloqada ekanini, mojaro jug’rofiyasining kengayishidan xavotirda ekanini aytdi.
“Livan janubidan hujumlar bo’lgani haqidagi xabarlardan tashvishdaman. Zo’ravonliklarga qo’l urayotgan tomonlarga so’zi o’tadigan barcha taraflardan eskalatsiyaning kuchayishi va mojaro tarqalishining oldini olishni so’rayman”, - dedi u.
Guterrish XAMASni garovga olingan barcha isroilliklarni ozod etishga, tinch fuqaroni himoya qilishga, xalqaro gumanitar qonunga rioya qilishga chaqirdi. Unga ko’ra, ayni damda 220 ming falastinlik BMTning G’azo bo’ylab joylashgan boshpanalarida jon saqlamoqda. Guterrish BMTga aloqador kasalxonalar, maktablar va klinikalarni nishonga olmaslikka da’vat etdi.
Ayrim kuzatuvchilar va siyosatchilar Isroilga hujumni rejalashda XAMASga Eron yordam berganini taxmin qilarkan, AQSh hukumati unda bunday ma’lumot yo’qligini bildirdi.
"Eng boshidan Eron bu hujumga aloqadorligini keng ma’noda aytib kelyapmiz, chunki ular XAMASning harbiy qanotini moliyalashtirishda ko’p pul ajratmoqda. Eron XAMAS jangarilarini tayyorladi, ularni kuchaytirdi, ularga yordam berdi, yillar davomida XAMAS bilan aloqada bo’ldi. Bularning barchasi hozir biz ko’rib turgan vaziyatga hissa qo’shdi.
Biroq Eron so’nggi hujumdan boxabarmidi, uni rejalashda va amalga oshirishda yordam berdimi? Bunday ma’lumot bizda yo’q”, - dedi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Chorshanba kuni AQSh rasmiylari razvedka ma’lumotlariga tayanib XAMASning Isroilga qarshi hujumi Eron rahbarlarini hayratga solganini aytishdi.
Shunga qaramay Bayden Eronni qadamini o’ylab bosishga chaqirdi.
“Isroil mudofaa kuchlariga qo’shimcha harbiy yordam uzatyapmiz, jumladan “Temir gumbaz” hafo mudofaasi tizimi uchun o’q-dori, raketalar. AQSh harbiy kemalari va samolyotlarini mintaqaga yubordik va Eronga ehtiyot bo’lish kerakligi haqida aniq bildirdik”, - dedi Bayden.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp XAMASning Isroilga hujumida Bayden ma’muriyatining zaifligini sabab qilib ko’rsatdi. Floridadagi saylovchilari bilan uchrashuv chog’ida Tramp Amerikaning dushmanlari Bayden ma’muriyatidan foydalanayotganini aytdi.
"Isroilga qarshi vahshiy hujumlar uch sababga ko’ra ro’y berdi. Bayden men Eronga qo’ygan qattiq sanksiyalarni yumshatdi, ularga neftni katta miqdorda sotishga imkon berdi. Eron neft savdosidan yiliga 80 milliard dollar daromad ko’ryapti. Mening prezidentligim paytida bir tiyin ham pul topishmas edi. Afsuski, tariximizdagi eng poraxo’r va eng qobiliyatsiz prezidentni deb Uchinchi jahon urushiga yaqinlashyapmiz”, - dedi Tramp.
Germaniya Kansleri Olaf Shols bugun parlamentda so’zga chiqib, Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbosni XAMASning Isroilga hujumiga munosabat bildirmaganlikda aybladi.
“Sukutingiz sharmandalidir. Falastin hududlariga taraqqiyot uchun berayotgan yordamimizni ko’rib chiqamiz. Loyihalarimiz mintaqa tinchligi va Isroil xavfsizligiga xizmat qilyaptimi – ularni mana shu mezonga qarab belgilaymiz”, - dedi Shols.
Germaniya rahbari XAMAS tomonidan G’azoga majburan olib chiqib ketilgan isroilliklar, jumladan ayollar va bolalar taqdiridan xavotirda ekanini aytgan holda Isroilning kundalik bombardirovkalari oqibatida G’azoda o’layotgan bolalar taqdiri haqida hech narsa demadi.
Falastin rasmiylariga ko’ra, Isroil hujumlarida 260 dan ziyod bola va 230 nafar ayol o’lgan.
Jami nizo boshidan beri G’azo va G’arbiy Sohilda 1100 dan ziyod falastinlik, Isroilda esa 1300 dan oshiq odam nobud bo’lgan.
Bugun G’azo Sektorining Xon Yunus shahrida havo hujumlarida kamida 50 odam o’lgan. Odil Hammad ismli arab jasadlarni ko’mishga joy qolmayotganini aytadi.
“O’lganlarni turli joylarda ko’mishga majburmiz. To’g’ri kelgan joyda, uylar atrofida qabr qazishga majburmiz”, - deydi u.
Yahudiylar ham XAMAS hujumlarida o’lganlarni yerga qo’ymoqda. Ba’zilari ko’ngilli sifatida go’rkovlarga yordam beryapti.
“Isroil xalqi uchun, askarlarimiz, Yaratgan uchun savob ish qilgim keldi – o’lgan bir askar uchun qabr qazidim”, - deydi 29 yashar qudduslik dindor yahudiy.
G’arb davlatlari G’azoda tinch aholi va XAMAS jangarilari o’rtasidagi farqni inkor etarkan hozirgi mojaroda yillar davomida BMT rezolyutsiyalariga xilof holda Falastin yerlarini istilo qilib kelgan Isroilning tarafini olmoqda. Yevropaning ayrim mamlakatlarida Falastinga xayrixoh namoyishlar man qilingan.
Shunga qaramay dunyoning turli chekkalarida yashovchi musulmonlar va Falastinga xayrixoh odamlar ko’chaga chiqib, bo’layotgan voqealarga munosabatini bildirmoqda.
Xususan 1990-yillargacha oq tanli irqchilar zulmidan jabr ko’rgan Janubiy Afrikaning Yoxannesburg va Keyptaun shaharlarida chorshanba kuni to’plangan namoyishchilar Isroilni qoralab, Falastinga nisbatan zulmni to’xtatishga, uni ozod etishga da’vat etdi.
“Agar dunyo bo’ylab irqchilik va mustamlakachilikka qarshi bo’lsak, Falastin xalqining talablari va ularning mustamlakachilik, irqchilik, Falastinning tub aholisiga tegishli yerlarni o’g’irlab, ularni egallab turgan sionist Isroilga qarshi kurashini qo’llab-quvvatlashimiz kerak”, - deydi namoyishchilardan biri.
Kanadaning Toronto shahrida joylashgan Isroil konsulligi hamda shahar kengashi binosi yonida ham namoyishlar kuzatildi.
Bosh vazir Jastin Trudo namoyishchilarni qoralab, ularni Isroilga hujum qilgan XAMASni qo’llab-quvvatlayotganlikda aybladi.
Ispaniyaning Barselona shahrida 200 ga yaqin odam Falastin bayroqlari bilan ko’chaga chiqdi. Barselona Ispaniyaning Kataloniya mintaqasida joylashgan bo’lib, hududda bo’lginchilik kayfiyatlari kuchli.
Shveysariyaning Jeneva shahrida esa BMT binosi tashqarisida Isroilga xayrixoh guruhlar to’planib, XAMAS hujumlarini qoraladi, Isroilga birdamlik bildirdi.
Avstriya poytaxti Venada Falastin tarafdorlarining namoyishi Isroilga xayrixoh chiqishlar bilan bir kunga rejalangani uchun man qilindi. Shunga qaramay bir necha yuz odam shahar markazida to’plandi. Politsiya ularni qurshovga olib, harakatlanishiga yo’l bermadi.
AQShda esa nufuzli Garvard universiteti qoshidagi 30 dan ortiq talaba tashkilotlari umumiy bayonot chiqarib, XAMAS qatliomiga Isroil siyosati sabab bo’lganini, Isroil hukumati o’nlab yillar davomida falastinliklarni “ochiq osmon ostidagi qamoqxona”da saqlab kelganini bildirdi.
Amerikalik milliarder, xedj-jamg’armasining rahbari Bill Ekman va yana bir necha tadbirkor Garvard universitetidan bayonotga imzo chekgan tashkilotlarga a’zo talabalar ismlarini oshkor etishni talab qilib, ularni qora ro’yxatga qo’shishni taklif etdi, o’qishni tamomlashganidan so’ng ularni ishga olmaslik da’vati bilan kompaniyalarga murojaat qildi.