Breaking News

G'azoda gumanitar vaziyat yanada keskinlashgan


Rafa qochqinlar lageri, G'azo sektori, 15-oktabr, 2023
Rafa qochqinlar lageri, G'azo sektori, 15-oktabr, 2023

AQSh hukumatiga ko'ra, G'azo sektoridan Misr tomon gumanitar koridor ochiladi va yordam kela boshlaydi, ammo qachonligi mavhum. Isroil sektorga qo'shin kiritish payida ekan, hudud chuqur qo'rqinch va vahima ichida. Isroil XAMASni nishonga olayotganini aytib, raketa hujumlariga zo' bermoqda. XAMAS ham unga qarshi harakatlarni to'xtatmagan, Guruh qo'lida 200 ga yaqin kishi garovda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil, Iordaniya, Bahrayn, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrda bo'lib, rahbarlar bilan gaplashgan,

"Mintaqa hukumatlari mojaro aslo kengaymasin, deyishadi va begunoh insonlar qoni to'kilmasin, deyishadi. G'azo ahliga madad ko'rsatilishi kerak", - deydi Blinken.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa uning hukumati hech qanday sulhga tayyor emasligini bildirmoqda. Insonparvarlik yordami yetkazish borasida ham kelishuv yo'q.

Jabaliya mahallasi, G'azo shimoli, 11-oktabr, 2023
Jabaliya mahallasi, G'azo shimoli, 11-oktabr, 2023

BMT ogohlantirishicha, G'azoda yegulik, suv, dori-darmon va yonilg'i bag'oyat taqchil va vaziyat soat sayin yanada keskinlashmoqda.

"Isroilga nisbatan hujumla dahshatli. Odamlarni garovga olish xalqaro qonunlarni qo'pol buzishdir. Ammo bu jinoyatlarga begunoh insonlarni o'ldirish bilan javob bermaslik kerak", - deya nola qilmoqda BMTning Falastindagi boshqarmasi.

Isroil qurolli kuchlaariga ko'ra, davlatning ayni damdagi asosiy vazifasi - garovdagilarni ozod etish, ularning tirik chiqishini ta'minlash.

"Hukumat shuning ustida astoydil ishlamoqda", - deydi armiya rasmiysi Daniel Hagari.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish XAMASni qo'lidagi isroilliklar va boshqa davlatlarning fuqarolarini darhol qo'yib yuborishga chaqirmoqda. U, shuningdek, Isroil hukumatini Falastin ahliga zulm o'tkazmaslikka undamoqda.

Misr nohukumat tashkilotlaridan G'azo ahliga yordam, Arish, Sinay yarimoroli, 15-oktabr, 2023
Misr nohukumat tashkilotlaridan G'azo ahliga yordam, Arish, Sinay yarimoroli, 15-oktabr, 2023

BMTning gumanitar yordam bo'yicha maxsus vakili Martin Griffits bu hafta Yaqin Sharqda bo'lib, Falastin aholisi yuzlashayotgan muammolarni yechishga harakat qiladi.

BMT Xavfsizlik kengashida ham bu boradagi rezolyutsiya loyihasi muhokamada.

Netanyaxu deydiki, XAMAS yer tishlamaguncha, hujumlar davom etadi va kerak bo'lsa, G'azoga bostirib kiriladi.

Urushda hozirgacha kamida 1400 isroillik va 2750 falastinlik o'lgan.

30 amerikalik nobud bo'lgan, 15 nafaridan darak yo'q.

AQSh rahbari Jo Bayden uning hukumati Isroilni quvvatlashini eslatmoqda, ammo uning fikricha, yahudiy davlat G'azoga qo'shin kiritmasligi kerak.

“Bu katta xato bo'ladi. XAMAS, ayniqsa uning eng ekstremistik elementlari Falastin xalqini aks ettirmaydi. Shunday ekan, Isroil G'azoni bosib olish to'g'ri ish bo'lmaydi", - deydi Amerika prezidenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG