Breaking News

AQSh prezidenti Isroilga otlanmoqda


AQSh Prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni Isroilga borishni rejalamoqda. Dushanba kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan 7,5 soat muloqot qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Bayden tashrifining ahamiyatiga to’xtaldi.

Xalqaro hayot - 17-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:10 0:00

“Tashrif Isroil va dunyo uchun muhim davrga to’g’ri kelmoqda. Prezident avval AQShning Isroil bilan birdam ekanimizni, uning xavfsizligiga burchimiz metin ekanini ta’kidlab o’tmoqchi. Ikkinchidan Prezident Bayden Isroilga qilingan hujumdan foydalanishga harakat qilayotgan har qanday mamlakat yoki guruhlarni bunga qo’l urmasin deb ogohlantirib qo’ymoqchi. Shu sabab mintaqaga ikkita avianosets guruhlari va boshqa harbiy salohiyatimizni safarbar etdik”, - dedi Blinken.

Unga ko’ra, Bayden Netanyaxu bilan muloqot chog’ida Isroil harbiy amaliyotlarini qanday olib borayotgani bilan qiziqishi, tinch aholi orasida talafotlarni kamaytirishga, G’azoga gumanitar yordam yetkazishni yo’lga qo’yishga chaqirishi kutilmoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, Bayden, shuningdek, Iordaniyada bo’lib, qirol Abdulla, Misr va Falastin rahbarlari bilan ham ko’rishadi.

Isroil G’azoga havo hujumlarini to’xtatmas ekan, qurbonlar soni oshishda davom etmoqda. Bugun “Jabaliya” qochqinlar lageri yana nishonga olindi, ko’p odam o’lgan.

Sektorning Rafah shahri ham hujumga uchradi.

"Non yopib o’tirgandik. Odamlar och. Elektr quvvati, suv yo’q. Qo’shnilar uchun non qilayotganimizda tepamizdan raketa uchib o’tdi, keyin hamma yoq qorong’ulashdi”, - deydi g’azoliklardan biri.

Hujum paytida yaralangan odamlar, jumladan bolalar kasalxonaga yetkazildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilning g’azoliklarga evakuatsiya qilish buyrug’i xalqaro qonunga zid ekanini bildirmoqda. Tashkilotning gumanitar qonun bilan shug’ullanuvchi bir guruh mutaxassislariga ko’ra, G’azoni qamalga olgan Isroil aholini yoppasiga jazolash orqali urush jinoyatlariga qo’l urmoqda. Ular XAMASning ham Isroilda tinch aholiga hujumlarini qoralamoqda.

Isroil dushanba kungi hujumlarda XAMAS Sho’ro kengashining rahbari Osama Mazini o’ldirilganini ma’lum qildi. Mazini garovdagilar masalasida asosiy muzokarachilardan biri bo’lgani aytiladi.

Isroil G’azo chegarasida qo’shin va tank to’plashda davom etmoqda. Ayrim kuzatuvchilar Amerika prezidenti Isroilga tashrifi chog’ida Netanyaxuni G’azoga qo’shin kiritmaslikka ko’ndirishga harakat qilishini taxmin qilmoqda.

Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon Isroil askarlari G’azoga kirsa, salbiy oqibatlarga yuz tutishini aytdi.

"Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa siyosiy o’yinchilar keyingi soatlarda cheklangan imkoniyatlardan foydalanmasa, sionist rejimga qarshi yangi frontlarning ochilish ehtimoli muqarrar bo’ladi”, - dedi vazir.

Unga ko’ra, AQSh Eronni, “Hizbulloh”ni aralashmaslikka, mojaroning kengayishiga yo’l qo’ymaslikka chaqirmoqda, ammo Isroildan tinch aholiga qarshi jinoyatlarini to’xtatishga da’vat etmayapti.

Bugun Berlinda Iordaniya qiroli bilan ko’rishgan Germaniya Kansleri Olaf Shols ham Eron va “Hizbulloh”ni Isroil-XAMAS ixtilofiga aralashmaslikka chaqirdi. Shols shu bugunoq Isroilga bordi.

Xitoy Yaqin Sharqda samarali vositachi bo'la oladimi?

XAMAS hujumidan so’ng bir necha kun sukut saqlagan Xitoy mintaqaga maxsus vakil yuborishini bildirdi. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi o’tgan shanba kuni Blinken bilan, yakshanba kuni eronlik hamkasbi bilan gaplashdi, shu oy Vashingtonga borishi kutilmoqda.

Pekin Eron va Saudiya Arabistoni o’rtasida diplomatik aloqalarni o’rnatishga yordam bergan, mintaqada o’ziga yarasha nufuzi bor.

“Xitoy har ikki taraf bilan aloqasi bo’lgani uchun munosabat bildirishga shoshilmadi. Xitoyning mintaqa tabiiy resurslariga qiziqishi katta, jiddiy iqtisodiy manfaatlari bor, Eron bilan neft savdosi bo’yicha uzoq muddatli shartnomaga kelishgan, neft va gaz eksportlari xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy-dengiz kuchlarini ishga solmoqda. Xitoyning diplomatik, iqtisodiy va harbiy roli oshmoqda”, - deydi AQShning Isroildagi sobiq elchisi Daniel Kurser.

AQShdagi ayrim siyosatchilar Xitoy Isroil va Falastin o’rtasidagi ko’p yillik nizoga barham bera olishiga shubha bilan qaraydi. Xitoy tinch fuqaroga qarshi zo’ravonliklarni qoraladi, ammo XAMASni bevosita qoralagani yo’q, Falastinda mustaqil davlat yaratilishi tarafdori.

“XAMAS ikki davlat yondashuvini qo’llab-quvvatlamaydi. XAMAS Isroilni tan olmaydi, uning yo’q qilinishi, isroilliklarni o’ldirish tarafdori. Xitoy haqiqiy vositachi bo’la oladimi, yo’q, ma’lum emas”, - deydi AQShning Xitoydagi elchisi Nikolas Byorns.

Isroilda garovdagilarni ozod etishga qaratilgan harakatlar

Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi XAMASni garovda ushlab turilgan 200 ga yaqin odamni ozod etishga chaqirmoqda. Ular jangarilar hujumi paytida Isroil hududida o’g’irlanib, G’azoga olib ketilgan edi. XAMAS qo’lida 250 tagacha odam borligini da’vo qiladi.

Isroil hukumati, AQSh, mintaqadagi davlatlar garovdagilarni ozod etish yo’llarini izlamoqda. Turkiya XAMAS bilan muloqotda ekani aytilmoqda, Rossiya vositachilik yordamini taklif etgan.

“Turli mamlakatlar garovdagi fuqarolarini ozod etishda yordam so’rab bizga murojaat qilishdi. XAMASning siyosiy qanoti bilan shu haqda gaplashyapmiz. Xorijliklar, oddiy fuqarolar va bolalarning ozod etilishiga qaratilgan harakatlarimiz davom etyapti”, - deydi Turkiyaning Bayrutda livanlik hamkasbi bilan uchrashgan Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan.

O’g’irlangan odamlarning oila a’zolari Isroil hukumatidan hech kim ular bilan bog’lanmaganini aytadi. Biroq oddiy aholi tashabbusni qo’lga olib, Tel-Avivdagi ko’rgazma markazida bir xonani ijaraga olib, garovga olingan odamlar haqida ma’lumot to’plovchi markaz tashkil etishdi, yuzlab ko’ngillilar internetda ular haqida axborot ulashishmoqda.

"Tog’amning 70 ga kirgan bemor xotinini mototsiklda G’azoga olib ketishdi, tog’amni esa o’ldirishdi. Xolamni videoda ikki terrorchi qurshovida ko’rib qoldik”, - deydi isroilliklardan biri.

XAMAS hujumigacha Isroil hukumatining sud islohotlari rejasiga qarshi namoyish qilgan odamlar endi garovdagilarni izlash bilan ovora.

“Turli jabha vakillarini to’pladik – ilg’or texnologiyalar, surishtiruv, razvedka, ijtimoiy tarmoqlar bilan shug’ullanuvchi odamlar hozir birga hamkorlik qilishyapti”, - deydi markaz rahbari Karin Nahon.

Uning aytishicha, to’plangan ma’lumotlar garovga olingan odamlarning 100 dan ziyodi hayot ekaniga ishora qilmoqda. Markaz topilmalarni Isroil xavfsizlik xizmatlariga yo’llaydi.

Aholi askarlarni oziq-ovqat bilan ta’minlamoqda, G’azo atrofidagi hududlardan evakuatsiya qilingan o’n minglab yahudiylarga yordam berishyapti.

Isroil G’azoga qo’shin kiritishga hozirlanar ekan, ba’zilar hujumda garovdagi odamlar nobud bo’lishi haqida ogohlantiryapti. XAMAS Isroilning G’azoga havo hujumlarida garovdagilarning ayrimlari nobud bo’lganini bildirmoqda.

Kecha XAMASning Isroilga hujumi oqibatida o’zbekistonliklar ham o’lgani haqida xabar bergan edik. O’zbekistonning Isroildagi elchixonasi bugun Isroil hukumati tarqatgan ushbu ma’lumotni rad etib, qurbonlarning Isroilga ko’chib borgan sobiq o’zbekistonliklar ekanini va O’zbekiston fuqaroligidan chiqishganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG