Musulmon mamlakatlarida minglab odamlar ko'chaga chiqib, Falastin xalqini quvvatlamoqda, Isroilni G'azodagi hujumlarni to'xtatishga chaqirmoqda.
Misr, Livan, Turkiya, Iroq, Iordaniya, Yaman, Marokash, Malayziya va Indoneziyada bu hafta namoyishlar tinmadi.
Odatda ommaviy yig'inlarga ruxsat berilmaydigan Misrda falastinliklarni quvvatlash uchun yo'l ochilib, minglab fuqarolar Qohira va boshqa shaharlarda ko'chada.
"Isroil yo'q bo'lsin" degan shiorlar ostidagi chiqishlar davom etaveradi, deydi faollar.
Bahraynda minglab namoyishchilar o'z hukumatidan Isroil bilan aloqa qilmaslikni talab qilib, yahudiy davlatni qoralamoqda.
XAMAS 7-oktabrda Isroilga keng ko'lamli hamla qilib, 1400 odamni o'ldirgan. Shundan beri Isroil G'azoni tinimsiz o'qqa tutmoqda, hozirgacha 4100 nafardan oshiq falastinlik halok bo'lgan.
G'arb Isroilni quvvatlar ekan, arab dunyosi va umuman, musulmon davlatlar falastinliklarga hamdard. Namoyishlarda, Amerika va Yevropa bo'ylab chiqishlarda ham Isroilga va uning ittifoqchilariga la'natlar aytilmoqda. Bu namoyishlar bilan yonma-yon Isroil tarafdorlari ham o'z talablarini aytib turibdi.
Bu hafta Isroilga borib kelgan Prezident Jo Bayden Kongressga murojaat qilib, bu davlatga, shuningdek, Ukraina va Tayvanga harbiy va iqtisodiy ko'maklashish uchun 100 milliard dollar ajratishni so'ramoqda
Ramallohda falastinliklar Isroilga madadkor Amerika hukumatini qoralamoqda. Ular fikricha, AQSh bu urushda noxolis va arab aholi taqdiriga befarq.
Namoyishchilar deydiki, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va uning hukumati falastinliklarni qirib tashlashga harakat qilmoqda.
20 yoshli Hamza nazarida aslida Yaqin Sharqdagi azaliy mojaroda Isroil aybdor. U singari falastinliklar AQShdan norozi.
"Biz terrorist emasmiz. Biz bosqin ostidamiz. Biz ozod yashashni istaymiz", - deydi Hamza.
Isroil hukumatiga ko'ra esa uni yo'q qilishni istagan har qanday taraf yer tishlaydi, chunki yahudiy davlat o'zini himoya qiladi.
AQSh, Isroil va ularning ittifoqchilari XAMASni terrorist deb tamg'alagan. G'azoda XAMAS hukmronligiga nuqta qo'yiladi, deydi Isroil rasmiylari.
Iordan daryosining G'arbiy sohilida ham namoyishlar avjida. Isroil askarlari toshbo'ron qilingan, Isroilga oid timsollar yoqilgan, yahudiylar la'natlangan.
Musulmon davlatlarining rahbarlari ham bu norozilik chiqishlariga jo'r bo'lmoqda.
Turkiyada Prezident Rajab Tayyip Erdog'an Isroilning G'azoga hujumlarini genotsid deb baholamoqda. Erdog'an Netanyaxu ma'muriyatini harbiy harakatlarni to'xtatishga chaqirmoqda. Uningcha, tinch aholi yashaydigan joylar aslo nishonga olinmasligi kerak.
Anqara XAMASning Isroilga hujumlarini qoralab chiqqan, ammo yahudiy davlatning G'azodagi choralariga ham qarshi. Turkiya hukumati Isroil bilan diplomatik aloqalarga ega.
Erdog'an Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissiy bilan bu masalada muloqotda.
"Falastin yerlarida qabih ishlar qilinmoqda", - deydi Turkiya prezidenti.
Qohira nazarida XAMAS Isroilga qonli hamla qilgani noto'g'ri, biroq Falastin ahli ham azaldan azobda.
"Uzoq davrdan beri davom etayotgan adolatsizlik mahsuli bu. Nafrat va g'azab o'z-o'zidan paydo bo'lgani yo'q. Falastinliklar umidini yo'qotgan", - deydi Sissiy.
21-oktabr kuni Misr bu mojaro yuzasidan xalqaro anjuman o'tkazib, unga arab va g'arblik arboblar va ekspertlarni taklif qilgan. Isroil va AQShdan hech kim qatnashmayapti.
Iordaniya hukumati xavotiricha, urush ko'lami kengayishi mumkin, agar Isroil G'azoga bostirib kirsa. Qirollik bo'ylab ham namoyishlar kuzatilmoqda.