Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQShning Suriyada joylashgan qo’shinlari Turkiyaga tahdid ekanini aytadi. Amerikalik harbiylar mahalliy kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari” guruhi jangchilariga “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi kurashda yordam berayotganini bildiradi. Anqara esa guruhni Turkiyadagi kurd bo’lginchilariga bog’laydi.
Oktabr oyi boshida Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti paytida AQSh qo’shinlari turk dronini o’ziga tahdid deb urib tushirib, Anqaraning qahr-g’azabiga uchradi.
“Bu qabul qilib bo'lmaydigan xato. NATOning bir a’zosi ikkinchisiga o’q otishi mumkin emas, garchi gap dron haqida ketayotgan bo’lsa-da. Agar Suriyada shunday vaziyat davom etsa, Amerika Qo’shma Shtatlari bilan jang qilishga to’g’ri kelib qolishi mumkin. Bu o’ta xavfli. Nafaqat Amerika uchun, balki butun mintaqa tinchligi va barqarorigi uchun”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
1-oktabr kuni “Kurdiston ishchilar partiyasi” Anqarada bomba portlatishi ketidan Turkiya armiyasi Suriyada kurd pozitsiyalarini nishonga ola boshladi. Vashington bayonot chiqarib, Turkiyaning talabini bajarmasligini, ya’ni “Suriya demokratik kuchlari”ga yordamini to’xtatmasligini bildirdi, Anqarani Daishga qarshi urushni paysalga solayotganlikda aybladi.
“Zididyatlar shu qadar kuchayganki, AQSh hatto mintaqada ittifoqchi dronlarning o’z bazalari ustidan uchib o’tishiga yo’l qo’ymoqchi emas. Bu yangi narsa emas. AQSh aksilterror missiya uning Suriyadagi manfaatiga xizmat qilishiga ishonarkan, Suriyadan chiqmoqchi emas, chunki bu “Islomiy davlat”ga oyoqqa turishga imkon beradi”, - deydi Filadelfiya shahridagi Tashqi siyosatni o’rganish institutidan Aaron Stayn.
Kuzatuvchilar ikki tomonlama ziddiyatlarning kuchayishi Yaqin Sharqdagi mojaroga barham berishga halaqit qilayotganini aytadi.
“Davlat kotibi Entoni Blinken mintaqa davlatlariga safari chog’ida Turkiyaga bormaganini yoki Turkiya orqali o’tmaganini, turk hamkasbi bilan muloqot qilmaganini ko’rdik, garchi Blinken Turkiya XAMAS rahbariyati bilan yaqin aloqaga ega ekanini va garovdagilarni ozod etishda ro’l o’ynashi mumkinligini bilsa-da. Bu bo’linishdan darak. Prezident Erdog’an e’tiborsiz qolishni yoqtirmaydi. Ammo hozir ikki taraf o’rtasida ishonch yo’q. Ishonchni tiklash kerak”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutining turk eksperti Asli Oydintoshbosh.
Isroil-XAMAS to’qnashuvi boshlanganidan beri Erdog’anning Isroilga qarshi ritorikasi kuchaygan, unga harbiy yordam berayotgan Vashington ham tanqid ostida.
Tahlilchilar nazarida, mintaqadagi mojaro bilan band AQShda hozir Turkiya bilan ziddiyatlarga e’tibor berishga vaqt yo’q.
"Mintaqa, Isroil, XAMAS – bularning barchasi hozir AQSh tashqi siyosatini qamrab olgan. Amerika tashqi siyosatining diqqati hozir XAMASda, AQSh-Turkiya munosabatlarini tuzatishda emas”, - deydi Aaron Stayn.
Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, Vashington tomonidan Anqarani ataylab yoki bexosdan e’tiborsiz qoldirish mintaqa bo’ylab ziddiyatlarning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.