Isroil G'azo sektoriga bostirib kirish taraddudida ekan, AQSh rahbari Jo Bayden o'z xalqi va uning Kongressdagi vakillariga murojaat qilib, yahudiy davlatni quvvatlash uchun qo'shimcha mablag' so'ramoqda.
Bayden Ukrainaga ham yordamni davom ettirishga undab, Rossiya bosqini ostidagi mamlakat AQSh madadiga muhtoj, deydi.
"Har ikki davlat yovuz, shafqatsiz va qonxo'r tomonlar bilan olishmoqda. Har ikkisi qo'shnilarining erkin tizimi va demokratiyasidan nafratlanadi, ularni yo'q qilmoqchi", - deydi Bayden Rossiyaning Ukraina, XAMASning Isroil bilan urushda ekaniga ishora qilib.
"Bu mojarolarda Isroil va Ukraina ustun kelmasa, dushman bizning ham tinchligimizga hamla qiladi. Urush kangayib, unyo beqarorlashadi", - deydi Bayden.
'Tarixdan saboq olishimiz kerak. Terroristlar terrori, diktatorlar zulmi uchun jazolanmasa, yanada quturib, parokandalik ko'lami oshadi. Bundan faqat ziyon ko'ramiz".
Amerika bu urushlarga qo'shin yuborishni xohlamaydi va bunday rejadan yiroq, deydi Bayden, biroq davlat uzoqni ko'zlab qarorlar qilishi kerak, chetda qarab turolmaydi.
"Dunyoni Amerika yetakchiligi ushlab turadi. Bizning ittifoqlarimiz xavfsizligimizni ta'minlaydi", - deydi Bayden.
Prezident Kongressdan qancha so'rayotganini xalqqa murojaatida aytmadi, ammo gap milliardlab dollar haqida ketmoqda.
Bu ikki davlatni qurollantirish bilan, Oq uyga ko'ra, AQSh o'z arsenalini ham yangilaydi.
Amerika rahbari deydiki, Rossiya o'tmishni qaytarishga urinmoqda, atrofdagi davlatlarning yerlarini o'ziniki deya da'vo qilib, ularga bevosita tahdid solmoqda.
NATO a'zolari bo'lmish Polsha va Boltiqbo'yi davlatlari Kremlning po'pisalarini eshitib turadi, deya ta'kidlaydi Bayden.
"AQSh agar bu o'lkalarni quvvatlamasa, kim qiladi bu ishni? Ular bizga ishonadi, bizga havas qiladi, Amerikani Amerika qilgan qadriyatlarni o'ziga namuna deb biladi. Ularni yovuzlik iskanjasidan asrash AQShni asrashdir", - deydi prezident.
Amerika hukumatining ayni damdagi byudjeti kelasi oyning yarmigacha yetadi. Vakillar palatasi spikersiz ekan, biror masala yoki taklif muhokamaga chiqmaydi.
Oq uy qonunchilarni bu falajlikka barham berib, Yaqin Sharq va Ukraina bilan bog'liq dolzarb mavzularga e'tibor qaratishga chaqirmoqda.
7-oktabrda XAMAS Isroilga xuruj qilib, o'nlab yahudiyni garovga olganidan beri 5000 nafarga yaqin odam o'lgan, aksariyati falastinliklar. XAMASni yo'q qilamiz, deya Isroil G'azoni o'qqa tutmoqda. Falastinliklar Isroilni qirg'inda ayblaydi. Yahudiy davlat esa o'zini himoya qilishga haqli ekanini aytadi.
AQSh Isroilning yonini olmoqda, biroq falastinliklarga yordam yetkazadi. 100 million dollar ajratilmoqda.
"XAMAS Falastin xalqini aks ettirmaydi", - deydi Bayden.
"Begunoh falastinliklar qoni to'kilayotganidan anduhdamiz, hamdardmiz va bunda XAMAS, terrorist guruh, aybdor".