Breaking News

XAMAS ikki amerikalikni qo'yib yubordi


Judit Tay Raanan va qizi Natali Shoshana Raanan Isroil muzokarachisi general Gal Hirsh bila, 20-oktabr, 2023
Judit Tay Raanan va qizi Natali Shoshana Raanan Isroil muzokarachisi general Gal Hirsh bila, 20-oktabr, 2023

XAMAS bugun amerikalik ona va qizini qo'yib yuborgan. Ular 7-oktabrdagi hujumda garovga olingan. Guruh ularni insonparvarlik alomati sifatida ozod etganini bildirgan.

59 yoshli Judit Tay Raanan va 17 yoshli qizi Natali Chikago shahrilik bo'lib, Isroilda ta'tilda yurgan paytda olib ketilgan. XAMAS ular borgan yahudiy ziyoratgohdan yana bir necha kishini asirga olgan.

Ona va qizi Amerika va Isroil pasportlariga ega. Bugun ularni G'azo chegarasida harbiylar kutib olgan. Hozirda oilasi bilan birga.

Jigarlari hamon XAMAS qo'lida o'tirgan yahudiylar guruhni shafqat ko'rsatib, qolganlarni ham qo'yib yuborishga undamoqda.

"Rahbarlarimiz va xalqaro hamjamiyat butun kuchini ishga olib, ularni ozod etsin", - deyiladi qarindoshlar chiqargan bayonotda.

AQSh rahbari Jo Bayden bugungi yangilik uchun Qatar va Isroilga rahmat aytmoqda. Bayden Raanan oilasi bilan telefonlashgan.

Ona va qizni G'azodan Isroilga yetkazgan Xalqaro Qizil xoch tashkiloti boshqalar ham ozod etilishidan umidvor.

10 amerikalik bedarak ketgan. XAMAS 200 kishini asirda saqlanayotgani taxmin qilinadi.

Isroil va XAMAS mojarosida hozirgacha 5000 ga yaqin odam o'ldi, ulardan qariyb 30 nafar amerkaliklar. 3400 nafari, ya'ni eng ko'pi falastinliklardir.

G'azo osmoni, 20-oktabr, 2023
G'azo osmoni, 20-oktabr, 2023

Isroil XAMASga qarshi hujumlarni davom ettirar ekan, sektorga qo'shin kiritishi mumkin.

Yahudiy hukumat va AQSh guruhni terroristlar deb ataydi va unga tegishli ekani taxmin qilingan obyektlar nishonda.

Livan bilan chegaradagi hududlar ham notinch. Falastinliklarning turli jangari to'dalari Isroilga u yerdan raketalar otmoqda, deydi rasmiylar.

Bu hafta Bayden Isroilda bo'ldi. Qaytib, Kongressga bu davlatga harbiy yordam berish uchun murojaat qildi.

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham mintaqada, Isroil rahbariyati va arab liderlar bilan uchrashgan.

BMT Misr orqali falastinliklarga yegulik va dori-darmon olib ketmoqda, 20-oktabr, 2023
BMT Misr orqali falastinliklarga yegulik va dori-darmon olib ketmoqda, 20-oktabr, 2023

Sunak ham Bayden singari Isroilga hamdardlik bildirgan va unga yordam taklif qilmoqda.

“Siz dahshatli terrorga uchradingiz. Biz siz bilanmiz, yelkadoshmiz", - degan Sunak Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga.

“Davlatimiz va xalqimiz sizga madadkor. Biz sizga g'alaba tilaymiz".

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant G'azo bilan chegarada qo'shinlarni maxsus amaliyotga tayyorlamoqda.

"G'azoni yaqindan ko'rasiz, ishoning menga", - deydi u, askarlarga qarata.

7-oktabrdagi hamlada XAMAS 1400 isroillikni yo'q qilganidan beri yahudiy davlat chegaraga 300 mingcha harbiy to'plagan.

Isroil XAMASga nisbata alamni begunoh falastinliklardan olmoqda, degan tanqid keng, chunki uning G'azoga hujumlarida minglab arablar nobud bo'lgan, jumladan bolalar.

AQSh Isroilga XAMASni yer tishlatishda ko'maklashadi, ammo uni arab aholiga gumanitar yordam ko'rsatishga, uni suvsiz, yeguliksiz, quvvatsiz va dori-darmonsiz azoblamaslikka chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG