Breaking News

Isroil-XAMAS ixtilofi. 14-kun


Shu hafta Isroilga borib kelgan AQSh Prezidenti Jo Bayden payshanba oqshom Amerika xalqiga televideniye orqali murojaat qilib, Qo’shma Shtatlar Ukraina va Isroilga dushmanlariga qarshi urush olib borishga nega yordam berishi kerakligini tushuntirdi.

Xalqaro hayot - 20-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:36 0:00

Bayden Kongressdan Ukraina uchun 60 milliard dollar, Isroil uchun 14 milliard dollar, Amerika chegarasi va Tayvan xavfsizligi hamda gumanitar yordam uchun qo’shimcha 26 milliard dollar so’ramoqchi, ya’ni jami 100 milliard dollar.

“XAMAS va Putindan turlicha tahdid taralmoqda, lekin har ikkisi qo’shni demokratik davlatni tag-tugi bilan qo’porib tashlamoqchi”, - dedi Bayden.

Biroq Ukrainaga qo’shimcha pul berilishiga qarshi chiqayotgan respublikachi senatorlarning kamida sakkiz nafari Isroil, Ukraina va chegara xavfsizligi uchun pulni bitta qonunga birlashtirilishiga qarshi.

Amerikada hamma qonunchilar ham Ukraina demokratik davlat ekanini tan olmaydi, uni korrupsiyalashgan tuzum deb biladi. Ammo Isroilga harbiy yordam berishga kelganda Senat va Vakillar palatasi a’zolari deyarli hamfikr. Mamlakat bo’ylab esa amerikaliklarning atigi 41 foizi AQSh Isroil tarafida bo’lishi kerak degan fikrda.

“Terrorchilar va diktatorlar o’z terrori va bosqini uchun jazolanmasa, kattaroq tartibsizlik, ko’proq o’lim va vayronalarga qo’l urishini tarixdan bilamiz”, - dedi Bayden.

Tanqidchilar AQSh qurollari Isroilga minglab begunoh insonlarni o’ldirishga yordam berayotganini aytadi.

Isroilning tungi hujumlarida G’azo shahrida grek pravoslav cherkovi, sektorning Dayral Balah shahrida esa bir masjid vayron bo’ldi. Isroil hujumlaridan o’lgan falastinliklar soni 4000 dan oshib ketdi, yaralanganlar salkam 15 ming atrofida.

Oq uy taklif etayotgan qonun loyihasi Kongressda tasdiqlanishi uchun Vakillar palatasida spiker bo’lishi kerak, biroq respublikachilardan spikerlikka nomzod Jim Jordan ikki davra ovoz berishdan so’ng ham ko’pchilik ovozlarni qo’lga kirita olmadi. Bugun uchinchisi.

Baydenning payshanba kungi ma’ruzasi ayrim mamlakatlarda tanqid bilan qabul qilindi. Ayniqsa “Ukraina va Isroilga yordam Amerika xavfsizligiga aqlli sarmoya” ekani haqidagi gaplari.

Misr nega falastinliklarni mamlakatga kiritmoqchi emas?

Shanba kuni Qohirada tashkil etilayotgan sammitda G’azo Sektoridagi vaziyat muhokama qilinadi. 31 mamlakat vakillari va BMT bosh kotibi tadbirda qatnashish istagini bildirgan.

Bayden Isroilga tashrifi chog’ida Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni Misrdan G’azoga gumanitar yordamni o’tkazishga ruxsat berishga ko’ndirgan edi. Biroq minglab tonna gumanitar yuk hanuz chegarada kutib turibdi. Misr ham chegaradagi minglab falastinliklarni hududiga kiritmoqchi emas.

“Falastinliklarni G’azodan Sinayga o’tkazish bilan ularning Isroilga qarshiligini ham, G’azo Sektoridan kurashni Sinayga o’tkazayotgan bo’lamiz. Demak bu bilan Sinay Isroilga qarshi amaliyotlar uchun yangi baza bo’ladi”, - dedi Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy.

Isroil havo hujumlarida va G’azo shahrini bo’shatish talabi ketidan yuz minglab odam uylarini tashlab chiqishga majbur bo’ldi. Isroil bilan oldingi mojarolar ham yuz minglab falastinlikni o’z yerlaridan ayirdi.

“Misr yuz minglab falastinliklarga Sinayda joy berib, Isroilga Falastin muammosini hal qilishiga yordam bermoqchi emas. Falastinliklar va misrliklar 1948 va 1967-yillarda nima bo’lganini, yerlaridan haydab chiqarilishganini yoki qo’rquv sabab chiqib ketishga majbur bo’lishganini yaxshi bilishadi va buning ortiq takrorlanishini istashmaydi”, - deydi Londondagi Arab-britan hamjihatligi kengashidan Kris Doyl.

Misr mojaroga chek qo’yish uchun ayrim mamlakatlar kabi o’zini vositachi sifatida taklif etmoqda. Biroq XAMASni qo’porib tashlashga ahd qilgan va G’azoga qo’shin kiritishga hozirlanayotgan Isroilning ayni damda muzokaralarga ehtiyoji yo’qdek ko’rinadi.

Mintaqada Isroil hujumlariga qarshi namoyishlar

Bugun qator musulmon mamlakatlarda juma namozidan so’ng ko’p ming sonli namoyishlar kuzatildi. Qohiraliklar al-Azhar masjidida to’planib Isroil hujumlariga norozilik bildirdi.

G’arbiy Sohilning Xevron shahrida esa namoyishchilar Rossiya va Shimoliy Koreya bayroqlari va rahbarlarining suratlarini ko’tarib chiqdi.

Namoyishlar Turkiya, Iordaniya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya va ko’plab boshqa mamlakatlarda o’tkazildi.

Hatto shvetsiyalik taniqli atrof-muhit muhofazachisi Greta Tunberg ham Falastinni qo’llab-quvvatlab chiqdi, G’azoga qarshi hujumlarni to’xtatishga chaqirdi.

Isroil G’azoga qo’shin kiritishga hozirlanar ekan, xorijdagi diplomatlari va fuqarolari xavfsizligidan xavotirda, ularni ayrim mamlakatlarni tark etishga da’vat etmoqda.

Xususan Isroilning Turkiyadagi elchisi va bir necha diplomati vataniga qaytib ketishgan.

AQSh, Xitoy mintaqada qanday maqsadlarni ko’zlamoqda?

AQShning Yaqin Sharqda hozirgi siyosati nimadan iborat? O’rta Yer dengiziga safarbar etilgan va o’nlab qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar joylashgan ikkita aviatashuvchi kemalar gruppirovkasi mintaqada kattaroq urushning oldini olishga qaratilganmi yoki aksincha yangi mintaqaviy siyosiy va gumanitar inqirozni keltirib chiqarishgami?

Prezident Bayden falastinliklarga gumanitar yordam uchun 100 million dollar ajratilishini ma’lum qildi, ammo shu bilan birga, Isroilga ko’rsatayotgan milliardlab dollarlik yordami tinch aholining nobud bo’lishiga sabab bo’lmoqda.

Rossiya va Xitoy kabi yirik davlatlar Isroil-Falastin mojarosini hal qilish uchun Falastin mustaqil davlatga aylanishi kerakligini bildiradi. Bu ikki davlat rahbarlari shu hafta Pekindagi xalqaro forum doirasida uchrashib, o’zaro aloqalardan tashqari Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qildi.

Amerikalik tahlilchi Brayan Katulis Xitoy mintaqada barqarorlik tarafdori ekanini aytadi.

“Nazarimda, Xitoy Yaqin Sharqda urushlar va beqarorlik bo’lishini istamaydi, ayniqsa mintaqa energetika resurslariga ehtiyoji kuchaygan bir davrda”, - deydi Yaqin Sharq instituti eksperti.

2021-yilda Xitoy Eron bilan 25 yillik hamkorlik dasturiga kelishiib, Tehrondan arzon neft olish evaziga chorak asr davomida Eronga 400 milliard dollarlik sarmoya kiritish majburiyatini o’z bo’yniga oldi.

Biroq G’azodagi inqiroz XAMASga pul va dalda berayotgan Eronni ham o’z domiga tortishi mumkin. Xitoy va Rossiya bundan manfaatdor emas.

Shu oy Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi Vashingtonda bo'lib, ikki tomonlama munosabatlar, Yaqin Sharqdagi vaziyat, fentanil inqirozi, Rossiyaning Ukrainadagi urushini ham muhokama etmoqchi.

AQSh qonunchilari Eron pulini qayta muzlatmoqchi

Amerikalik qonunchilar Eronni XAMASga yordam berayotganlikda ayblarkan, yaqinda mahbus almashish kelishuviga ko’ra Tehronga qaytarilgan olti milliard dollarni qayta muzlatib qo’yishmoqchi.

“Eron XAMASni moliyalashini bilamiz, shunga Bayden ma’muriyati pulni muzlatishga nega rasmiy qaror chiqarmayotgani odamni ajablantirmoqda”, - deydi respublikachi senator Marsha Blekburn.

Pul Qatarda saqlanayotgani aytiladi. Eron hukumati esa pul uning nazoratiga o’tganini ta’kidlamoqda.

Eronning Janubiy Koreya banklarida muzlatilgan puli Tehron besh amerikalik mahbusni ozod etganidan so’ng o’rtada vositachi bo’lgan Qatarga o’tkazilgan. Senat Tashqi aloqalar qo’mitasining raisi Ben Kardin pul Eronga hali o’tkazilmaganini aytadi.

Respublikachi senator Ted Kruz esa Eronning neft savdosidan tushayotgan daromadini ham muzlatishga chaqirmoqda. Gap 80 milliard dollar haqida ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG