Breaking News

XAMAS yana ikki asirni ozod qildi


Yocheved Lifshitz va Nurit Kuper XAMAS jangarilar tomonidan qo'yib yuborilgan
Yocheved Lifshitz va Nurit Kuper XAMAS jangarilar tomonidan qo'yib yuborilgan

XAMAS 23-oktabr kuni yana ikki ayol asirni ozod qildi. Isroil esa guruhga qarshi hujumlarga zo'r bermoqda. AQSh nazarida urush mintaqaviy tus olishi mumkin.

XAMAS bu ayollarni keksa yoshda ekani uchun qo'yib yuborganini bildirgan. 85 yoshli Yocheved Lifshitz va 79 yoshli Nurit Kuper erta tongda G'azodan chiqarilgan.

O'tgan hafta XAMAS amerikalik ona va qizni qaytargan edi. 7-oktabrdagi xurujda guruh Isroilning 1400 dan ortiq fuqarosini o'ldirgan va 200 ga yaqin ishini garovga olgan.

AQSh Isroilga G'azoga bostirib kirmaslikni maslahat bergan. Yahudiy davlat esa XAMASni tinimsiz terrorda ayblab, uning ildizi G'azoda ekani aytadi va sektorda bu guruh hukmronligiga barham berishga bel bog'lagan.

Bugunning o'zida Isroil G'azoga 300 dan ortiq bomba otgan. U yerga piyoda askarlar kiritish hamon rejada, deydi Mudofaa vaziri Yoav Galant.

G'azoga insonparvarlik yordami yetkazish uchun Isroil cheklangan imkoniyat yaratmoqda.

Isroil hujumlarida jarohatlangan bolalar, 23-oktabr, G'azo
Isroil hujumlarida jarohatlangan bolalar, 23-oktabr, G'azo

Asirlarni XAMAS yerostida saqlayotgani taxmin qilinadi. G'azo yillardan beri qamalda. 2007-yildan buyon uni XAMAS boshqarib keladi.

AQShga ko'ra ham bu guruh terrorist tashkilotdir va uni yer tishlatish uchun Vashington Isroilga ko'maklashish qarorida qat'iy.

Ayni damda Kongress Isroilga qo'shimcha yordam berish masalasini muhokama qilmoqda.

Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashi Isroil-XAMAS urushiga Eron aralashishi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Suriya va Iroqda Amerika kuchlariga Tehron quvvatlaydigan jangarilar hujumlar qilgan, xususan raketa va dronlar otilgan.

Eron hukumati XAMAS tarafida, garchi 7-oktabrdagi xurujda uni dastaklagani haqida ma'lumot yo'q, deydi rasmiylar.

Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Yaqin Sharqda urush ko'lami kengayadi, deya xavotirda.

Bugun Rafa shahrida Isroil bombalaridan kamida 18 kishi halok bo'lgan. 5000 dan oshiq falastinliklarning yostig'i qurigan, 15, 273 kishi jarohatlangan.

G'azo, 23-oktabr, 2023
G'azo, 23-oktabr, 2023

Isroil armiyasi G'azo sektoridagi muvaffaqiyatlarini ko'rsatuvchi videolar chiqargan. Ularga ko'ra, XAMASga tegishli infratuzilma vayron bo'lgan. Biroq aynan qayerda ekani ko'rsatilmagan.

Isroil havo kuchlari Livanda Hizbullohni ham nishonga olmoqda. Chunki, deydi rasmiylar, Hizbulloh ham XAMAS singari yahudiy davlatga raketalar otmoqda.

Bu orada Iroqda Eron quvvatlovchi guruh Amerika kuchlariga hamla qilganini tan olgan.

Iroq Islomiy muxolifati deb nomlangan to'da al-Tanf garnizoniga ikki dron tashlagan. Baza Iordaniya va Iroq chegaralariga yaqin, Suriya janubida.

Yevropa Ittifoqi Isroil va XAMASni sulhga undamoqda. G'azoga ko'proq yordam kiritish zarur, deyiladi blok tashqi ishlar vazirlari bayonotida.

Ittifoq bosh diplomati Josep Borrell deydiki, hozirgacha borgan 20 yuk mashinasi hech narsa emas.

G'azo tokdan, suvdan, yegulik va dori-darmondan uzilgan, deydi u. Zaxira tugab borar ekan, gumanitar ahvol og'irlashmoqda.

G'azo, 23-oktabr, 2023
G'azo, 23-oktabr, 2023

"Qudratli davlatlar Falastin masalasini unutib qo'ygan edi, go'yoki u o'z-o'zidan hal bo'ladigandek, xuddi uning ahamiyati yo'qdek. Albatta, bor va albatta, o'z-o'zidan yechilmaydi", - deydi Borrell.

BMT hisobicha, G'azoda 1,4 million odam uyidan qochishga majbur bo'lgan. Tirikchilikka ulkan zarar yetgan, aholi doimiy sarosimada.

Yevropa Ittifoqi XAMASni Isroilga raketa otishni bas qilishga, Isroilni G'azoni nishonga olmaslikka, garovdagilarni ozod etish uchun zudlik bilan harakatlarni jadallashtirishga undamoqda. Hozirgacha tashlangan qadamlar juda oz, deydi Borrell.

Yahudiy davlatning javobi shuki, XAMAS yo'q bo'lmaguncha, unga qarshi amaliyotlar to'xtamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG