Breaking News

Isroil-XAMAS urushi yangi savdo yo'llariga to'siqlar qo'ymoqda


Katta Yigirmalik sammiti, Dehli, 9-sentabr, 2023
Katta Yigirmalik sammiti, Dehli, 9-sentabr, 2023

Isroil va XAMAS orasidagi urushning oxiri ko'rinmas ekan, Hindistondan Yaqin Sharq orqali Yevropa tomon yangi savdo yo'llari loyihasi sekinlashgan.

Katta Yigirmalik uchun bu tijorat tizimi Xitoynikiga muqobil yo'l bo'lib, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Saudiya Arabistoni tomonidan quvvatlangan.

Hindistondan boshlanadigan temir yo'l va ta'minot sistemasi Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Iordaniyani bog'lab, Isroilning Hayfa portiga borishi kerak. O'rta dengizdan keyin yuk Suvaysh kanali orqali Yevropaga kiradi.

Isroil notinchligi Hindistonni qattiq xavotirga solib, yangi savdo yo'llari xavfsizligini qayta ko'rib chiqishga majburlamoqda, deydi Chintamani Mahapatra, Dehlidagi Kalinga tahlil markazi asoschisi.

“Qaynoq nuqtalarni o'z ichiga olgan koridor ochish aslida qaltis harakat", - deydi Maykl Kugelmen, Vashingtondagi Uilson tahlil markazi eksperti.

“Nafaqat sarmoya topishga qiynalasiz, diplomatiya ham oson emas. Urush davrida hech kim mas'uliyatni to'liq o'z bo'yniga olmaydi, olsa ham muammolar uchun javob bermaydi, ularni hal etmaydi, ayniqsa dunyoning bu qismlarida", - deydi u.

Hindistondan Yaqin Sharq tomon yangi yo'llar ochiladi, deya e'lon qilinganida arab dunyosi Isroil bilan hamkorlikda ishlaydi, deya umid bildirilgan.

Biroq bugungi vaziyatda aloqalar yanayam keskinlashgan. G'azo Isroil nishonida ekan, arab hukumatlar yahudiy davlat bilan biror jabhada ishlashga moyil emas, deydi ekspertlar.

O'rta dengiz bo'yidagi Hayfa porti, Isroil, 24-iyul, 2022
O'rta dengiz bo'yidagi Hayfa porti, Isroil, 24-iyul, 2022

“Reja tinchlik bo'ladi degan asosda qurilgan edi, - deydi Manoj Joshi, Dehlidan yana bir tadqiqotchi. - Hozirgidek inqiroz ichida qanday harakat qilish mumkin? Shuni o'ylashmoqda hozir".

Yangi yo'llar uchun sarmoya hali deyarli qilinmagan. 2-3 ming kilometrlik temir yo'l qurish kerak. Buni kim bajaradi, kim unga homiylik qiladi? Bu masalalar hali mavhum.

Kugelmen nazarida Saudiya Arabistoni Isroil portiga muhtoj, ammo G'azoning o'qqa tutilayotgani aloqani yana sovuqlashtirgan.

Hindiston - bu savdo koridoridan eng ko'p foyda ko'rishi taxmin qilingan davlat. Hukumat sarmoya qidirmoqda, hozirgi qiyinchilikni e'tirof etmoqda.

Dehlining arab dunyosi, Isroil va G'arb bilan rishtalari keyingi yillarda o'sib, Yevropa Ittifoqi uning uchinchi yirik biznes sherigiga aylangan.

Hindiston Isroil va XAMASni urushni to'xtatishga undamoqda. Bir tomondan Dehli XAMASni terrorizmda ayblagan, ikkinchi tomondan Falastin ahliga hamdard ekanini bildirib kelmoqda. G'azoga yordam uzatib, mustaqil Falastin davlati barpo etilsin, deya chaqirmoqda.

Yangi savdo yo'li taqdiri undan manfaatdor davlatlar qo'lida, deydi Mahapatra.

"Urush to'xtamaguncha, ish oldinga siljimaydi. Koridor yaratiladi, bunga aminman. Hozir hukumatlar hamjihat emas, bu aniq".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG