Breaking News

Qatarga xalqaro vositachi sifatida ishonch yuqori


Qatar o'zini xalqaro mojarolarda vositachi deb biladi va AQSh bilan yaqindan ishlab keladi
Qatar o'zini xalqaro mojarolarda vositachi deb biladi va AQSh bilan yaqindan ishlab keladi

Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulramon al-Taniyga ko'ra, XAMAS bilan muzokara avjida. Maqsad - guruh qo'lidagi 200 ga yaqin asirni ozod etish.

G'azoda esa vaziyat tobora og'irlashib bormoqda: yegulik, suv va energiya ta'minoti uzilgan. Zaxira tugayapti.

Qatar nazarida bugungi mojaroda Isroil aybdor. Uning falastinliklarga zulmi sabab ixtilofning oxiri ko'rinmayapti, deydi amirlik rasmiylari. AQShda bunday bayonotlarga qarshilik kuchli, ammo Qatarning o'z o'rni va roli bor.

Isroil va Amerika hukumatlari amirlik bilan ishlashga qaror qilgan, chunki uning XAMAS bilan aloqasi ishonchli deb hisoblanadi. Shu kungacha to'rt kishini guruh changalidan olib chiqdi.

Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulramon al-Taniy
Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulramon al-Taniy

Qatar AQSh bilan azaldan hamkorlik qilib keladi. Vashington harbiylari uning hududida xizmat qiladi. Al-Udayd havo bazasi - Yaqin Sharqda AQSh qo'shinlari eng ktta sonda joylashgan inshootlardan biri. 1996-yilda qurilgan bazani Amerika ishlatishi 2002-yilda oshkor qilingan.

Vashington-Doha aloqalari 1972-yildan jonlangan, ayniqsa xavfsizlik, energetika va ta'lim sohalarida.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ham ikki davlat yaqin sheriklardir, nafaqat Yaqin Sharqda, balki Afrikada ham.

Tolibon bilan muzokara qilishda, qolaversa u Kobulni qayta egallaganidan keyingi murakkab davrda ham Doha G'arb va ular orasidagi asosiy vositachi bo'lgan.

Amerka o'z kuchlarini va unga ishlagan afg'onlarni olib chiqishda ham Qatar yordamiga tayangan.

Tolibon yillardan beri Qatarda o'z idorasiga ega
Tolibon yillardan beri Qatarda o'z idorasiga ega

Prezident Jo Bayden 2022-yilda Qatarga AQShning "NATO tarkibida bo'lmagan yirik hamkor" degan maqomni bergan.

Kongressga bu qarorini tushuntirar ekan, Bayden Qatarni har qanday vaziyatda suyansa bo'ladigan, keskin sinovlardan o'tgan sherik deb atagan.

Qatar yaqin o'tmishda Eronda besh amerikalikning ozod etilishini, Ukrainada esa Rossiya qo'lidagi bolalar qo'yib yuborilishini ta'minlagan.

Amirlik vositachi sifatida xalqaro maydonga 2000-yillarda chiqqan.

2008-yilda Hizbulloh Livanda asosiy infratuzilmani bosib olganida, Qatar bu shia quruh va ularning G'arb tomonidan quvvatlangan raqiblarini bir davraga olib kelgan. Doha kelishuviga erishilib, urushning oldi olingan.

Ekspertlar deydiki, Qatar Eron, Rossiya, XAMAS va Tolibon bilan birdek ishlay olishi uning davlatlar va no-davlat kuchlar bilan muzokara va muloqot ko'nikmalarini shakllantira olganini ko'rsatadi. Bu, ayniqsa, AQShga qo'l keladi.

"Qatar Afg'oniston, Suriya va Turkiyadagi mashaqqatli vaziyatlarda biz bilan yaqindan ishladi. Tinchlik yo'lida harakat qildi, shuningdek, gumanitar ishlarda ham faol", - deydi Davlat kotibi Entoni Blinken.

Londondan siyosiy tahlilchi Lina Xatib deydiki, amirlik turli taraflar bilan kommunikatsiya qilishga usta ekan, aloqa kanallarini ushlab tura olishi, eng muhimi ishonch darajasini boy bermasligi uni o'ziga xos qudratga aylantirgan.

"Geosiyosiy jihatdan Qatar ustunlik qozongan. Ayni damdagi Isroil-XAMAS urushi ham uning nimaga qodir ekanini ko'rsatish uchun imkoniyat".

XAMAS bilan yaqnligini savolga tutuvchi tomonlar ham bor.

"Qatar nozik qadamlar tashlay oladi, lekin buni har doim ham eplay olmasligi mumkin. Amerika uning hamkorligidan minnatdor, ammo Vashington Qatarni tergab turibdi. Doha XAMAS bilan aloqasi tinchlik uchun xizmat qilishini isbotlay olishi kerak", - deydi Mehran Kamrava, Jorjtaun universiteti professori.

Atigi 300 ming aholisi bilan Qatar tabiiy gazning uchinchi eng yirik eksportchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG