BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish ishlariga bosh-qosh Filip Lazzarini bayon qilishicha, Isroil XAMAS hamlalariga javoban olib borayotgan urushda G'azo sektori aholisi kollektiv jazolanmoqda. Odamlar uy-joyini tashlab chiqishga majbur, Isroil ularni ketishga zo'rlamoqda, deya tasvirlaydi u.
“Gumanitar sabablar yetarli: o'q otishni zudlik bilan to'xtatish kerak. Millionlab insonlar uchun bu hayot-mamot masalasi", - deydi Lazzarini BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilar ekan.
"Falastin va Isroil aholisining kelajagi bunga bog'liq", - dedi u, 30-oktabr kungi muhokamada.
Kollektiv jazo va majburiy ko'chirish insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi, shuningdek, urush jinoyati.
Lazzarini 7-oktabrda XAMAS qilgan hujumlardan va unga javoban Isroil qilayotgan bombardimondan dahshatga tushganini aytadi. Har ikki tomon, uning tahlilicha, begunoh insonlar qonini to'kmoqda.
“Buzg'unchilik misli ko'rilmagan darajada. Ko'z oldimizda insoniyatning bunday fojiasiga chidab tura olmaymiz".
Tomonlar xalqaro qonunlarga bosh egishi shart, deydi Lazzarini, G'azoga yordam berish kerak, har jihatdan. BMTga buning uchun mablag' zarur.
XAMAS Isroilning 1400 odamini o'ldirgan. Isroil bombalaridan o'tgan uch haftada 8000 dan oshiq falastinlik halok bo'ldi.
Ikki hafta mobaynida G'azoga suv, energiya,suv, yegulik va dori-darmon ta'minoti to'xtatildi. 21-oktabrdan beri ular cheklangan miqdorida kiritilmoqda. Biroq yetmayapti va sharoit daqiqa sayin og'irlashmoqda, deya bildirmoqda BMT.
O'tgan bir haftada 115 ga yaqin yuk mashinasi yordam olib kirgan. Shundan 33 tasi 29-oktabrda o'tgan.
“Misr chegarasi orqali kelayotgan ko'mak muhim, ammo 2 milliondan oshiq aholining talabini qondira olmaydi", - deydi Lazzarini.
Yegulikka zor falastinliklar BMT omborxonalariga bostirib kirgan. Yordam ishlari bilan mashg'ul vakolatxonada 13 mingga yaqin kishi ishlaydi. Ulardan 64 nafari Isroil hujumlarida o'lgan, 22 nafari jarohatlangan.
"Xavfsizlik idoramiz boshlig'i bugun rafiqasi va sakkiz bolasi bilan halok bo'ldi", - deydi Lazzarini.
Falastin Sog'liqni saqlash vazirligiga ko'ra, o'tgan uch haftada o'lganlarning 3400 dan ziyodi bolalardir. Kamida 6300 bola jarohatlangan. Bu raqamlar mustaqil tasdirlanmagan.
“G'azoda kuniga 420 nafardan ortiq bola nobud bo'lmoqda. Bunga qanday qilib qarab turibmiz?" - deydi UNICEF, BMT Bolalar fondi rahbari Ketrin Rassell.
Rassell XAMAS ham o'nlab bolani garovga olgani, Isroilning o'nlab farzandlarini o'ldirgani va Iordan daryosining G'arbiy sohilida ham o'nlab yosh avlodning yostig'i quriganini qoralamoqda.
BMT Xavfsizlik kengashi a'zolari urush yuzasidan bir pozitsiyada emas va hozirgacha biror rezolyutsiya qabul qilmagan.
O'tgan hafta BMT Bosh Assambleyasida berilgan ovozlarning aksariyati sulhga chaqirgan, ya'ni a'zo davlatlarning ko'pchiligi Isroilni G'azoni o'qqa tutishni darhol to'xtatishga undagan. Biroq bu organ rezolyutsiyalari yuridik kuchga ega emas va yahudiy davlat urushni davom ettirmoqda.
“O'q otishni bas qiling, deyish Isroilning qo'lini bog'laylik, XAMAS G'azodagi hukmronligini davom ettirsin, demakdir", - deydi Netanyaxu ma'muriyatining BMTdagi elchisi Gilad Erdan.
"G'azo xalqiga XAMASdek boshqaruv tilaysizmi?"
Erdanning bunday bayonotlariga qaramasdan BMT Xavfsizlik kengashida sulh talabi kuchaygan. Asosiy muddao, deydi diplomat, begunoh insonlar qoni to'kilishiga barham berish.
Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy kengashni to'plab, G'azoni qutqarish uchun chora ko'rishga undamoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari elchisi Lana Nusseyba fikricha, Bosh Assambleyada berilgan ovoz kengashga jiddiy turtki.
Xitoy elchisi Jang Jun ham assambleyadan o'rnak olish kerak, deydi.
“Kengash birdam bo'lib, zarur qarorlar qabul qilishi, mas'uliyat va javobgarlikni ta'minlagan holda vaziyatni tuzatish uchun qadam tashlashi lozim", - deydi Pekin vakili.
Braziliya nazarida ham Falastin va Isroil aholisi uchun eng zarur narsa hozir sulh.
AQSh G'azoga yordam berish uchun BMT, Isroil va Misr bilan yaqindan ishlamoqda, deydi elchi Linda Tomas-Grinfild.
"Inson hayotini saqlash uchun nimaiki zarur bo'lsa, qilishimiz kerak", - deydi diplomat.
Uning qayd etishicha, Bayden ma'muriyati Isroilni begunoh falastinliklarni nishonga olmaslikka undab kelmoqda.
Biroq Vashinton sulhga qarshi. O'q o'tishni to'xtatish XAMASni kuchaytiradi, deydi rasmiylar.
Milliy xavfsizlik kengashida Jon Kirdi so'zlariga ko'ra, AQSh gumanitar yordamni kengaytirish, qochqinlarga madad ko'rsatish, tinch aholini hujumlardan asrash kerak deb hisoblaydi va shunga harakat qilmoqda.
"Biz bunday harakatlarni quvvatlaymiz. Ammo biz ayni damda sulh tuzishni to'g'ri qadam deb bilmaymiz", - deydi Kirbi.