Breaking News

BMT Bosh kotibi: G'azo - "bolalar mozoriga aylandi"


G'azo janubidagi Rafa shahrida Isroil bombalaridan qochayotgan bolalar, 6-noyabr, 2023
G'azo janubidagi Rafa shahrida Isroil bombalaridan qochayotgan bolalar, 6-noyabr, 2023

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G'azoga hujumlarni to'xtatishga chaqirishda davom etarkan, hozirda sektor "bolalar mozoriga aylangan", deydi. Har kuni yuzlab yosh avlod o'ldirilmoqda, deydi u, Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan Xavfsizlik kengashiga murojaat qilar ekan.

"Nima qilish kerakligi aniq, - deydi Guterrish.

"Gumanitar sulh e'lon qilish, hoziroq".

Bugun AQSh rahbari Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefonlashgan. Prezident Bayden XAMASga qarshi urushda AQSh yahudiy davlatni quvvatlashini ta'kidlar ekan, Falastin aholisi himoyasiga ham urg'u bergan. Harbiy amaliyotlarda tinch fuqarolar nishonga olinmasligi, ularni ehtiyot qilish zarurati qayd etilgan.

Guterrish Isroil va XAMASga xalqaro qonunlarni bot-bot eslatib, begunoh insonlarni o'ldirish jinoyatdir, deya bong urmoqda.

"G'azodagi asirlar darhol qo'yib yuborilishi shart", - deydi BMT Bosh kotibi.

G'azoni o'qqa tutayotgan Isroil kuchlari, 6-noyabr, 2023
G'azoni o'qqa tutayotgan Isroil kuchlari, 6-noyabr, 2023

7-oktabrda XAMAS Isroilda qariyb 250 kishini garovga olgani taxmin qilinadi. Ular orasida bolalar ham bor.

"Bu insonlarni ozod etish harakat qilaverishimiz zarur", - deydi Guterrish.

Guterrish deydiki, tinch aholidan qalqon sifatida foydalanish, kasalxona, BMT inshootlari, boshpana va maktablarga hujum qilish yoki ularni egallab olish, shuningdek, gumanitar yordamning yo'lini to'sish va yonilg'i ta'minotini kesish - xalqaro qonunlarni qo'pol ravishda buzishdir.

"Bu talablarga shartsiz amal qilish lozim", - deydi Bosh kotib.

Netanyaxu deydiki, XAMAS asirlarni qo'yib yubormas ekan, hech qanday "gumanitar tanaffus" bo'lmaydi. AQSh harbiy amaliyotlarni vaqtincha to'xtatish taklifini olg'a surgan.

Guterrishga ko'ra, G'azoda insoniyat inqiroziga nutqa qo'yish xalqaro hamjamiyat zimmasida.

XAMAS nazoratidagi Sog'liqni saqlash vazirligi hisobicha, G'azoda o'tgan bir oydan beri Isroil hujumlarida o'lganlar soni 10 mingdan oshgan.

Urushda o'nlab jurnalistlar ham halok bo'lgan. BMT 89 xodimini yo'qotgan.

G'azoda oziq-ovqat va zarur vositalar tarqatilmoqda, 2-noyabr, 2023
G'azoda oziq-ovqat va zarur vositalar tarqatilmoqda, 2-noyabr, 2023

Falastinliklarga favqulodda yordam uchun BMTga 1,2 milliard dollar zarur. G'azo va G'arbiy sohilda 2,7 million aholi bor.

Har kuni o'nlab yuk mashinalarida gumanitar yordam kelmoqda. Isroil bunga 21-oktabrdan beri cheklangan tarzda ruxsat bergan.

Yonilg'i olib kirish hamon taqiqlangan. Chunki, deydi Isroil rasmiylari, XAMAS uni urush uchun ishlatishi tayin.

Iordaniya va boshqa qo'shnilar ham madad ko'rsatmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashi a'zolari, jumladan doimiy a'zolar, Isroil-XAMAS urushini qanday to'xtatish mumkinligi borasida kelisha olmayapti.

AQSh diplomatlarining aytishicha, murosa yo'li izlanmoqda.

"Gumanitar tanaffus taklifi muhokamada. Talab mazmuni yuzasidan kelishuv zarur", - deydi Robert Vud, AQShning BMTdagi elchisi o'rinbosari.

XS
SM
MD
LG