O'n minglab odam 14-noyabr kuni AQSh poytaxti yuragiga yig'ilib, Isroilni olqishlashini bildirdi. Ular Oq uy va yahudiy hukumatdan XAMAS qo'lidagi asirlarni qutqarishni talab qilib, terrorizmni qoraladi.
Vashington shahrida namoyishchilarni nazorat qilish uchun kuchli xavfsizlik choralari ko'rilgan. Kanada va AQShning turli burchaklaridan kelgan omma Yaqin Sharqda tinchlikka erishilishidan umidvor ekanini izhor etib, qonli hujumlar barqarorlikka yetaklamaydi, deya bong urgan.
Noyabr oyi boshida Vashingtonda Falastinni quvvatlab shunday namoyishlar o'tkazilgan edi. Unda ham o'n minglab odamlar qatnashgan.
Har ikki marshda muxolif tomonlar ham kuzatildi, ya'ni Isroil uchun chiqishlarda bir tarafda Falastin tarafdorlari ham o'z qarashlarini bildirib turdi. Falastin uchun chiqishlarda ham Isroil manfaatlari uchun hayqirganlar bor edi.
AQSh hukumati 7-oktabrdan beri avj olgan Isroil-XAMAS urushida yahudiy davlatga yordamlashmoqda, qolaversa uning azaliy tayanchidir.
Kongress a'zolari, jumladan demokratlar va respublikachi liderlar ham bugungi namoyishlarga qo'shilib, Amerika qonunchilari "Isroil bilan yelkadosh" deya ta'kidlagan.
Oq uy Isroilni urushda Falastin xalqiga hujum qilmaslikka, xususan G'azo aholisini o'qqa tutmaslikka chaqirib kelmoqda. Biroq yangilangan mojaroda 11 mingdan oshiq falastinlik o'lgan.
XAMAS xurujida 1200 isroillik halok bo'lgan. Yana qariyb 250 nafari AQSh va Isroil terrorist deb atovchi guruh tomonidan o'tgan oy boshida garovga olingan.
Isroil uchun namoyishlarga Quddusdan yahudiy liderlar onlayn bog'lanib, jamoatchilikka murojaat qilgan.
“Isroilga qonli hujumlar qayta takrorlanmasin", degan shiorlar ko'targan amerikaliklardan biri XAMASni qonxo'r tomon sifatida ko'rishini aytib, bolalar, keksalar va begunoh insonlarni qirganlikda ayblaydi.
Falastinni quvvatlovchi namoyishchilar esa Isroilni shunday jinoyatlarda ayblaydi.
XAMAS asirlarni qo'yib yubormas ekan, u qayerda bo'lsa ham nishonda, deya eslatmoqda Isroil hukumati. Guruh, deydi yahudiy qo'mondonlar, odamlardan qalqon sifatida foydalanadi va urushda oddiy aholi orqasiga berkinib, o'z xalqini nobud qilmoqda.
Rechel Goldberg asirlardan birining onasi. Uning aytishicha, garovdagilar orasida nasroniylar, musulmon, yahudiy va buddistlar bor.
"Ular nega azobda? Bilishimcha, 9 oylik go'dakdan tortib 87 yoshgacha bo'lgan odamlaar XAMAS qo'lida", deydi Rechel.
Namoyishlarda zo'ravonlik chiqishi mumkin degan xavotir hamisha bor, deydi mutasaddilar, biroq bugungi tadbirlar tinch o'tgan.
Merilend va Nyu-York shtatidan kelgan namoyishchilar deydiki, maqsad - Isroilga hamdardlik bildirish va dunyoni tinchlikka undash.
Melani ismli amerikalik fikricha, u bilgan hech bir odam G'azodagi azob-uqubatga befarq emas va u yerda qon to'kilishini istamaydi.
“Biz uchun har bir insonning hayoti bebaho, G'azodami yoki Isroilda. Biroq bu urushni Isroil boshlamadi", - deydi Melani XAMASni la'natlar ekan.
Noa ismli talaba kuzatishicha, Amerika universitetlarida antisemitizm, ya'ni yahudiylarga qarshilik kuchaygan. Lekin u va tengdoshlari Isroilni quvvatlashda davom etishini aytadi.
"Biz aslida har qanday beqarorlikka qarshimiz va qaniydi, bu urush bo'lmasa-yu, namoyishlarga chiqib, shunday gaplarni aytmasak. Biroq real vaziyat murakkab", - deydi talaba.