XAMASni ozodlik harakati deb atagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Isroilni keskin tanqid qilishiga qaramay, Turkiya Isroilga uzatilayotgan yoqilg’i uchun tranzit nuqtasi vazifasini bajarishda davom etmoqda.
Shu oy Anqaraga borgan Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon Isroilni neft bilan ta’minlashga aloqador mamlakatlarni neft ta’minotini to’xtatishga chaqirdi.
Biroq uning turkiyalik hamkasbi Fidan Hoqon Eron vazirining bu da’vatiga quloq solmadi. Isroil Turkiyaning Jayhun porti orqali neft olishda davom etmoqda.
“So’nggi raqamlardan shunisi ma’lumki, Ozarbayjon Isroilning neftga bo’lgan ehtiyojlarining taxminan 40 foizini qoplaydi. Neft Jayhunga boradi, u yerdan Isroil portiga, undan nari esa neftni qayta ishlash zavodlariga yuboriladi”, - deydi “London energetika klubi”dan Mehmet O’gutchu.
Turk qonunchilari parlament oshxonasidan Koka-Kola va Nestle mahsulotlarini olib tashashga qaror qilgan bo’lsa-da, Isroilni keskin qoralagan Erdog’an neft tranzitini to’xtatgani yo’q.
Ayrim tahlilchilar Turkiyada Isroilga boshqa yo’l orqali zarba berish imkoni borligini aytadi.
“Turkiya Malatya viloyatida NATOning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim hisoblangan Kurejik radar stansiyasini yopib qo’yishi mumkin. Bilishimcha, stansiya Isroil havo sarhadlarini ham himoya qiladi”, - deydi tahlilchi Ilhan O’zgel.
Erdog’an hozircha bayonotlardan nariga o’tmayapti. Garchi Isroildan Turkiya elchisini chaqirib olgan bo’lsa-da, Turkiya prezidenti diplomatik aloqalar uzilmasligini bildirdi, Anqara XAMAS garovda ushlab turgan odamlarni ozod etishga harakat qilayotganini aytdi.
“Bayonotlar qattiq yangrayapti. Ammo konkret harakatlar unchalik qattiq emas. Oradagi ko’prik butunlay yoqilsa, diplomatik rolni o’ynash mumkin bo’lmay qolishi yaxshi anglab yetilmoqda”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan G’olip Dalay.
Dushanba kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Anqarada bo’ldi. Erdog’an bilan uchrashmadi, vazir Hoqon Fidan bilan muloqot qildi.
12-noyabr kuni Erdogan Riyodda arab davlatlari sammitiga borishi kutilmoqda. Biroq ayrim tahlilchilar mintaqa davlatlarining ojizligiga e’tibor qaratadi.