Breaking News

Isroil-Xamas ixtilofining 35-kuni. Kun tafsilotlari


G'azo shimolidan janubiga qochayotgan falastinliklar
G'azo shimolidan janubiga qochayotgan falastinliklar

G'azodagi urushdan so'n sektorni nimalar kutmoqda?

Xalqaro hayot - 10-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:12 0:00

Urush tugaganidan so’ng G’azoni qanday kelajak kutmoqda? AQSh sektorning Isroil tomonidan qayta istiloga olinishiga qarshi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa hudud xavfsizligi uchun Isroil javob berishini bildirdi.

“Isroil G’azoni okkupatsiya qilishi mumkin emasligi ayondir. Mojaro tugashidan so’ng o’tish davriga ehtiyoj bo’ladi. G’azo va G’arbiy Sohil boshqaruvida Falastin xalqi markaziy rol o’ynashi muhimdir. Qayta okkupatsiyani qo’llab-quvvatlamaymiz”, - dedi Tokioda “Katta Yettilik”ga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan majlis qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazining eksperti Yossi Mekelbergning aytishicha, Isroil va uning G’arbdagi tarafdorlari urushdan keyingi G’azo uchun reja ishlab chiqishi kerak.

“XAMAS siyosiy va harbiy kuch sifatida g’oyib bo’lsa, nima bo’ladi? Ushbu bo’shliqdan kimlar kelib chiqishi mumkin? XAMASdan ham yomonroq kuch bo’lishi mumkin. Muvaqqat davrga o’tyapmiz. Jarayonda regional elementlarning ishtirok etishi o’ta muhimdir”, - deydi ekspert.

Unga ko’ra, AQSh-Isroil aloqalari mustahkam, ammo kelishmovchiliklar ham yo’q emas.

“Amerikada Netanyaxuga, Isroildagi hozirgi hukumatga ishonishmaydi va ko’p bo’sh cheklar berish xavfli ekanini tushunishadi”, - deydi Mekelberg.

"Katta Yettilik" gumanitar tanaffus tarafdori, otashkesinni xohlamayapti

“Katta Yettilik” vazirlari XAMASning 7-oktabrdagi hujumini qoraladi, garovdagilarni ozod etishni talab qildi, ammo G’azoda otashkesinni qo’llab-quvvatlamadi.

Odamlarga G’azoning shimoliy qismidan janubiga evakuatsiya qilishga imkon berish maqsadida Isroil kundalik to’rt soatlik tanaffuslarga rozi bo’ldi.

"Ikkita gumanitar koridor bo’ladi. Biri kuniga 4-5 soat ochiq turadi. U orqali minglab odam xavfsiz hududlarga chiqib ketdi. Ikkinchisi esa sohil bo’yidagi yo’lda tashkil etiladi”, - deydi AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Vedant Patel.

Chorshanba kuni Kapitoliyda demokrat va respublikachi qonunchilar bir tinglovda Isroilga xayrixohligini bildirayotgan payt xonaga Isroil hukumatiga qarshi bir to’da namoyishchilar kirib bordi.

Isroil G'azoga 20 ming daon bomba tashladi

Demokratlarning ayrimlari G’azoda tinch aholi orasida talafot kattaligidan tashvishda.

Bugun shahardagi al-Shifo kasalxonasi atrofiga bombalar yog’ilgan, o’lganlar bor. Isroil XAMAS tunellari kasalxonalar ostidan o’tganiga ishora qilib, G’azoda to’rtta kasalxonani o’qqa tutgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil da’vosiga dalil yo’qligini bildirgan.

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, sektordagi 35 ta kasalxonadan 18 tasi va yana 40 ta tibbiy muassasa vayronalar yoki yoqilg’ining yo’qligi sabab ishlamayapti.

Amerikalik qonunchilardan biriga ko’ra, Isroil G’azoga 20 ming donadan ko’p bomba tashlab, garovdan besh kishini qutqarishga muvaffaq bo’ldi, xolos.

“Nazarimda, Isroil Bosh vaziri Netanyaxu falastinliklarni kollektiv jazolashni garovdagilarni ozod etishdan ustunroq qo’ymoqda”, - dedi Xoakin Kastro.

Respublikachilar son jihatdan ustun Vakillar palatasi Isroilga 14,3 milliard dollarlik yordam ajratishga doir qonun loyihasini qabul qildi, biroq demokratlar ko’pchilikni tashkil etuvchi Senat uni ma’qullamadi.

G'azoga yetarlicha gumanitar yuk kirmayapti

21-oktabrdan beri kundalik ravishda G’azoga gumanitar yordam ortilgan yuk mashinalari kirib-chiqmoqda. Isroil ularni sektorga kiritishdan oldin tekshirmoqda. Yukning katta qismi Misr bilan chegaradagi Rafah shahri orqali o’tmoqda. Yana bir qismi Negev sahrosidagi Nitsana chegara punkti orqali.

Isroil mudofaa kuchlarining polkovnigi Moshe Tetro G’azodagi vaziyatni gumanitar inqiroz emas, gumanitar muammo deb atadi.

G’azo Sektorida vaziyat oson emas, ko’plab muammolar, ko’plab qiyinchiliklar bor. Ammo G’azo Sektorida gumanitar inqiroz yo’q. Hozir urush ketyapti va uni boshlagan biz emas. XAMAS boshladi”, - deydi u.

BMT rasmiylariga ko’ra, sektorga keragidan kam yordam kirmoqda.

Isroil falastinlik ishchilar o'rniga Hindistondan odam chaqirmoqchi

Isroil o’z hududida ishlagan falastinliklarni G’azo va G’arbiy Sohilga qaytarib yuborgach, ularning o’rniga qurilish sektoriga 100 minggacha hindni jalb qilmoqchi. Hozirgi urushgacha Isroildagi qurilishlarda salkam 90 ming falastinlik ishlardi.

“Qurilish sektoridagi ishchilarning taxminan 25 foizini falastinliklar tashkil etardi. Ammo endi ular qaytib kelmaydi. Ularga ishlash mumkin emas”, - deydi Isroil quruvchilar uyushmasi vitse-prezidenti Xaim Feyglin.

Mamlakatda qurilishlarning ko’pi hozir turib qolgan. Qurilish kompaniyalari hukumatdan mamlakatga arab bo’lmagan ishchilarni taklif etishni so’ragan.

Urushgacha Isroilda qurilishlarda ishlagan 90 ming falastinlikning 10 foizi G’azodan, qolgani G’arbiy Sohildan edi.

“Hozir Hindiston bilan gaplashyapmiz. Isroil hukumati ruxsat berishi bilan 50 mingdan 100 minggacha hindistonlikni qurilishga jalb qilib, sektorni jonlantirmoqchimiz”, - deydi Feyglin.

Urushgacha Isroilda jami 140 ming falastinlik qonuniy va noqonuniy mehnat qilgan.

“Ahvol chatoq. Odamlar qashshoqlashadi endi. Oqibati yaxshi bo’lmaydi. Albatta ko’p narsa urush qanday tugashiga bog’liq bo’ladi”, - deydi iqtisodchi Samir Huleyla.

Isroilda qurilishda ishlash imkoniyatidan mahrum bo’lgan ko’plab falastinlik erkaklar o’z qishloqlariga qaytib, ishsiz yuribdi.

“Tongda bu yerga kelib, qahva ichaman, do’stlarim bilan gaplashib o’tiraman. Tushlikni uyda qilib, karta o’ynash uchun yana qaytib kelaman”, - deydi ramallohlik Iso Zeyta.

Isroildagi qurilishlarda hozir asosan xitoylik ishchilarni ko’rsa bo’ladi. Biroq ularning soni loyihalarni bitirish uchun yetarli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG