Breaking News

Arab davlatlarida ijtimoiy norozilik va beqarorlik kuchaymoqda


Iordaniya poytaxti Ammonda Falastin himoyasi uchun o'tkazilgan norozilik namoyishi, 2023-yil, 27-oktabr
Iordaniya poytaxti Ammonda Falastin himoyasi uchun o'tkazilgan norozilik namoyishi, 2023-yil, 27-oktabr

G'azoda falastinlik tinch aholi o'limi dahshatli miqyosda ortib borar ekan, AQShning arab davlatlari Isroil-XAMAS urushida o't ochishni to'xtatish uchun Vashingtonga bosim o'tkazishda davom etmoqda. Tahlilchilar fikricha, arab mamlakatlarida tinch aholi qurbonlar va ulkan vayronagarchiliklar tufayli gʻazab otiga minmoqda va yetakchilar oʻz mamlakatlarida ichki beqarorlik kuchayishidan xavotirda.

Vashingtonda joylashgan Strategiya va Siyosat institutining Yaqin Sharq tahlilchisi Nikolas Xerasga ko’ra, Isroilning XAMAS bilan mojarosida AQSh ittifoqdoshlari Misr va Iordaniya, ayniqsa, muhim rol oʻynamoqda. Ikki davlat Isroil bilan mintaqadagi eng uzoq muddatli tinchlik shartnomalariga ega va yahudiy davlati bilan “razvedka hamda xavfsizlik sohasida yaqin hamkorlik” olib borgan.

Iordaniya qiroli Abdulloh o'tgan hafta AQSh Davlat kotibi Antoni Blinken va bir qancha arab davlatlari rahbarlari o'rtasida uchrashuv o'tkazdi. Arab yetakchilari Isroil bombalari ostida halok bo’lgan va majruh bo’layotgan G‘azo tinch aholisi uchun zarur tibbiy va gumanitar yordamni yetkazish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi. AQSh va boshqa “Katta yettilik” davlatlari ham Isroilga yordam yetkazib berish va garovga olinganlarni ozod qilish uchun “gumanitar pauza va chiqish yo‘laklari”ga ruxsat berishni so’radi.

Xerasning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Misr va Iordaniya Isroil-Falastin mojarosini ikki davlatchilik yechimi asosida hal qilishga urinmoqda va Isroilning falastinliklarni o'z mamlakatlariga majburan ko'chirish haqidagi taklifini rad etgan.

Uning so'zlariga ko'ra, vaziyat, ayniqsa, Iordaniya uchun xavotirli.

"Ushbu davlatlarning ikkalasida ham juda notinch va g'azablangan aholi e’tiborini o'z hukumatlariga qarshi qaratishi ehtimoli yuqori. Iordaniya Isroil bilan pragmatik munosabatda bo'ldi. Iordaniya Quddusdagi islomiy muqaddas joylar uchun javobgar hisoblanadi. Iordaniya bu mojaro boshlanishidan oldin ham jiddiy iqtisodiy bosim ostida bo'lgan va bu aholi orasida ijtimoiy va siyosiy faollikning oshishiga olib kelgan”, - deydi u.

"Butun mintaqa kelajak avlodlarni belgilaydigan nafrat dengiziga botib ketmoqda", - deya ogohlantirdi Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi.

Uning aytishicha, G'azo bo'yicha har qanday muloqot "urush va qotillik to'xtatilgandan keyingina amalga oshadi".

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Isroilning urushdagi xatti-harakatlarini qoraladi. Bahrayn Isroil bilan biznes aloqalarini uzdi, Iordaniya va Turkiya esa o‘z elchilarini qaytarib oldi. Islom konferensiyasi tashkiloti shanba kuni Saudiya Arabistonida G‘azo bo‘yicha sammitga mezbonlik qiladi.

"Arab jamoatchiligining uzoq muddatli noroziligi ekstremistik guruhlar uchun yoqilg'i", - deydi Londondagi “Chatham House” tashkilotining Yaqin Sharq dasturi hamkori Elham Faxro.

Vashingtondagi Brukings instituti faxriy ilmiy xodimi Bryus Ridel "Amerika Ovozi" bilan suhbatda "Mojaro G'azodan G'arbiy Sohilgacha tarqalgan”ini aytdi.

“Isroil va XAMAS oʻrtasida Gʻazoda boshlangan urush endi Isroil va falastinliklar oʻrtasidagi Gʻazo va Gʻarbiy Sohil kurashiga aylandi, buning katta qismi yahudiy kelgindilar zoʻravonligi sababli boʻldi. Iordaniya qiroli Abdulloh kabi Amerika ittifoqchilari va bahraynliklar o'zlarini katta tahdid ostida his qilmoqda. Ular amerikaliklardan G'azoni bombardimon qilishni bas qilishni so’ramoqda”, - deydi u.

"Ochig'ini aytaman, bu mojaro Isroilga, bizga nisbatan katta miqdordagi jamoatchilikning g'azabini qo'zg'atdi, - deydi AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo'yicha yordamchisi Barbara Lif shu hafta AQSh Kongressi Tashqi ishlar qo'mitasiga. - Bu biz ishlashimiz kerak bo'lgan narsadir”.

Shu bilan birga, Iordaniya havo kuchlari yakshanba kuni G'azoda og'ir sharoitlarda faoliyat yuritayotgan dala kasalxonasiga tonnalab shoshilinch tibbiy yordam yubordi. Harakat Isroil bilan kelishilgan holda amalga oshirildi.

Isroilning G'azoni bombardinon va qamal qilishi ba'zi kasalxonalarni ishdan chiqardi. Misrning Rafah chegara punkti orqali yordam yetkazib berish hanuz cheklangan darajada qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG