Breaking News

“Katta Yettilik” vazirlari Isroilning G'azoga hujumlarini qoralamadi


Bugun rivojlangan davlatlar uyushmasi hisoblangan “Katta Yettilik” guruhi tashqi ishlar vazirlari Yaponiyada uchrashib, Ukraina va G’azodagi urushga munosabat bildirdi. Ularga ko’ra, Yaqin Sharqda mojaroning kuchayishi Ukrainaga yordamga ta’sir qilmaydi.

Xalqaro hayot - 8-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:00 0:00

"Xalqaro hamjamiyat diqqati Yaqin Sharqga qaratilgan bo’lsa-da, “Katta Yettilik” Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etadi”, - dedi Yaponiya Tashqi ishlar vazirasi Yoko Kamikava.

Guruh qo’shma bayonot chiqarib, Isroil o’zini himoya qilishga haqli ekanini, tinch aholini himoya qilish va xalqaro gumanitar qonunga rioya qilish muhimligini bildirdi.

G’arb davlatlarining balandparvoz insoniy bayonotlariga qaramay, Isroil G’azo shaharlarini bombardimon qilishda davom etmoqda. Isroilning bir oylik hujumlarida G’azoda Rossiyaning Ukrainada salkam ikki yillik urushiga qaraganda ko’p bola o’lgan. Rossiya bosqinini eng boshidan qoralagan G’arb Isroilni minglab tinch aholi o’limi uchun qoralashdan o’zini tiymoqda, Qo’shma Shtatlar uni qurol bilan ta’minlamoqda.

“Katta Yettilik” majlisida qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, XAMAS G’azoni boshqarishda davom eta olmaydi, Isroil esa sektorni uzoq muddat egallashi to’g’ri emas.

"Mojarodan keyin G’azoni boshqarish masalasiga kelganda ayrim narsalarni aniqlashtirib ollish muhimdir. Birinchidan, XAMAS G’azoni boshqarishda davom eta olmaydi. Aks holda 7-oktabr voqealari takrorlanishi mumkin. Terror hujumlari G’azodan amalga oshirildi. Isroil ham G’azoni egallolmaydi. Ularda bunday istak yo’q. Ammo o’tish davriga ehtiyoj bo’ladi. O’sha davrda xavfsizlikni ta’minlash uchun qanday mexanimzlarning bo’lishi hozircha savol ostida”, - dedi Blinken.

Isroil rahbari XAMAS yengilganidan so’ng G’azo Sektori xavfsizligini ta’minlash Isroil zimmasiga tushishini bildirdi.

“Xavfsizlikni nazorat qilmaganimizda nimalar bo’lishini ko’rdingiz. XAMAS terrorining misli ko’rilmagan darajada kuchayishiga guvoh bo’ldik”, - dedi Netanyaxu.

AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi bu borada shunday fikr bildirdi.

"G’azo Falastin yeri va shundayligicha qoladi. G’azoning qayta istilo qilinishini qo’llab-quvvatlamaymiz. Davlat kotibi bu haqda aniq bildirgan”, - dedi Vedant Patel.

“Katta Yettilik” vazirlari AQSh istaganidek sulh yoki otashkesin emas, gumanitar tanaffusga chaqirdi.

Biroq hozircha bunday tanaffusdan darak yo’q. Isroilning G’azo shimolidagi Bayt-Lahiya shahriga havo hujumida bir necha odam, jumladan homilador ayol o’lgan. Qurbonlar soni 10 mingdan oshib ketgan, 40 fozi bolalar.

Xon-Yunus shahri ham bugun hujumga uchragan. BMT rasmiylariga ko’ra, minglab yaradorlar tibbiy yordamga muhtoj G’azoda sog’liqni saqlash tizimi qulash arafasida.

Kasalxonalarda dorilar, ko’plab boshqa narsalar tugab bormoqda. Isroil armiyasi XAMASning qo’mondonlik markazlari va raketalarini uchirish moslamalari G’azo shimolidagi kasalxonalar ostidagi tunellarda joylashganini da’vo qiladi.

Sektordagi eng yirik al-Shifo kasalxonasi Isroil bombalaridan jon saqlayotgan odamlar uchun boshpanaga aylangan.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant G’azoni “insoniyat tarixidagi eng katta terror bazasi” deb atadi.

"Butun shahar katta bir terror bazasidir. Maktablar va kasalxonalarga ulangan yer ostidagi kilometrlab tunellar bir-biriga bog’langan. Aloqa xonalari, o’q-dori omborlari, yotoqxonalarning hammasi o’sha yerda joylashgan”, - dedi u.

XAMAS shu hafta Isroilning 10 dan ortiq tank va boshqa harbiy texnikasi nishonga olinganini da’vo qilmoqda.

Bu o’rtada AQSh Vakillar palatasida Demokratik partiyadan qonunchi Rashida Tolibga xayfsan e’lon qilishga ovoz berildi. Palatada respublikachilar ko’p bo’lgani uchun hamda 22 nafar demokrat ham ularga qo’shilgani bois falastinlik-amerikalik Tolibning partiyadoshlari ovoz berishda mag’lub bo’ldi.

Qonunchilar uni antisemitizmda aybladi. Quyi palataning 234 ta a’zosi unga xayfsan e’lon qilishga ovoz berdi, 188 ta vakil choraga qarshi chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG