Breaking News

Isroilda 7-oktabr hujumi qurbonlari xotirlanmoqda…G’azoda esa odamlar o’lishda davom etmoqda


G'azoning Xon-Yunus shahriga hujumdan so'ng
G'azoning Xon-Yunus shahriga hujumdan so'ng

Roppa-rosa bir oy oldin G’azoning XAMAS harakati Isroilga hujum qilib, mingdan oshiq odamni o’ldirdi, 240 kishini garovga oldi. Bugun Isroilda qurbonlar xotirlandi, garovdagilarni ozod etishga da’vatlar yangradi.

Xalqaro hayot - 7-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:39 0:00

Sobiq muzokarachi Gershon Baskin ularning aksariyati tirik va G’azodagi tunellarda saqlamoqda degan fikrda.

“Ularni jismonan qiynashyapti deb o’ylamayman. Ularni tirik ushlab turishga yetarli ovqat va suv berishyapti degan fikrdaman. XAMAS ularni Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga almashishda muhim deya ko’rmoqda”, - deydi Baskin.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu garovdagilar ozod etilmasa, otashkesinga ko’nmasligini aytadi.

Isroil G’azoda XAMAS harbiy inshootlarini nishonga olayotganini bildirmoqda. Isroil mudofaa kuchlari tarqatgan videoda sektorda bir tunelning vayron etilgani tasvirlanadi.

XAMAS ham qarshilik ko’rsatmoqda. Harakatning qurolli qanoti chop etgan so’nggi videoda isroillik askarlar joylashuvi va harbiy texnikasiga hujumlarni ko’rsa bo’ladi.

Bu o’rtada Isroil havo hujumlaridan o’lgan falastinliklar soni 10 mingdan oshib ketdi, kamida 4100 nafari bolalar. G’azo mutasaddilari vayronalar ostida 2800 dan ziyod odam borligini taxmin qilmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G’azo asta-sekin bolalar qabristoniga aylanayotganini bildirdi.

Bugun sektorning Xon-Yunus shahriga hujumda bir necha uy vayron bo’lgan, o’lganlar bor. Ahmad Ayash ismli bir odam yaqinlarining 27 nafar a’zosi vayronalar ostida qolib ketganini aytdi. Isroil Rafah shahrini ham bombardimon qilgan.

“Qo’shma Shtatlar hukumat va mamlakat sifatida yahudiylarlarga bu urushda yordam beryapti. Amerika bo’lmaganida, yordam bermaganida Isroil ham bo’lmasdi. Haqiqiy dushman – Amerika. Bizni hozir Amerika qurollari o’ldiryapti”, - deydi Muhammad Abdulloh ismli g’azolik.

Bayden ma’muriyati Isroilga 320 million dollarlik aniq bombalar uzatilishi haqida Kongressni xabardor qildi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk G’azodagi vaziyatdan tashvishda ekanini aytib, dahshatli gumanitar va inson huquqlari vaziyatiga chek qo’yishga chaqirdi.

BMT rasmiysi bugun Qohirada Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abulg’ayt bilan ko’rishdi. Ertaga Misrning G’azo bilan chegarasiga bormoqchi.

'The situation in Gaza is catastrophic', says Doctors Without Borders

Parijda asoslangan “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti ham G’azodagi ahvolni ayanchli deb, otashkesinga da’vat etdi.

Xalqaro tashkilotlar yaradorlarning ko’pligidan kasalxonalar ularga tibbiy xizmat ko’rsatishga ulgurmayotganini, oziq-ovqat, toza suv tugab borayotganini ta’kidlaydi.

"G’azoga hujumlar soatbay kuchaymoqda. Taqchillik G’azo aholisi hayotini bashorat qilib bo’lmaydigan darajaga yetmoqda. Otashkesin har qachongidan muhimdir hozir. Chunki hududga gumanitar yordam yetkazish, bombalardan omon qolgan aholi uchun joy tashkil etish kerak”, - deydi “Chegara bilmas shifokorlar”ning Fransiyadagi rahbari Kler Magon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG