G’azo shimoliga kirgan Isroil armiyasi bir guruh muxbirlarga hududga kirishga ruxsat berdi. Jurnalistlar birorta joyda sog’ imorat qolmaganiga ishora qilishadi.
"Ikki hafta jang qildik. Bu amaliyot emas, haqiqiy urush. Yana ancha davom etadi, XAMAS yo’q bo’lib ketmaguncha”, - deydi Isroil mudofaa kuchlari podpolkovnigi Ido.
XAMAS jangchilari qurol-yarog’ va harbiy texnika bobida Isroil armiyasidan ancha qoloq, raketalari qo’lbola, Isroil raketalaridek buzg’unchi kuchga ega emas.
Oxirgi 12 kunda minglab askarlar G’azo shahrini qurshab olib, xamaschilarni ovlamoqda. Tunellarga yashiringan jangarilar Isroil armiyasiga yer ostidan chiqib kutilmaganda hujumlar qilmoqda. Shu davr ichida 31 ta isroillik harbiyning o’lgani ma’lum.
Aholiga janubga evakuatsiya qilish buyurilgan. Bugundan boshlab har kuni buning uchun to’rt soatlik gumanitar tanaffus kuchga kiradi.
Isroil shaharni havodan ham hujumga olmoqda. Yaradorlar al-Shifo kasalxonasiga yetkazilmoqda.
“Janubga ketayotganimizda bizga tank hujum qildi”, - deydi bir g’azolik.
Bir ayol hujumda o’g’lini yo’qotdi. Isroil askarlari uyidan turib ularni videoga olayotgan bir qizga o’q uzgani tasvirlangan video tarqaldi. Falastinlik rasmiylarga ko’ra, 7-oktabrdan beri G’azoda 10569 odam o’lgan, 4324 nafari bolalar.
XAMAS nazoratida bo’lmagan G’arbiy Sohildagi Isroil reydlarida esa bugun yetti falastinlik o’ldirilgan, 13 nafari yaralangan. Voqea Jeninda ro’y bergan.
80 mamlakatdan rasmiylar va xalqaro tashkilotlar bugun Parijda to’planib, gumanitar tanaffus paytida G’azoga gumanitar yordam ko’rsatish, yaradorlarni davolash masalasini muhokama qildi.
Anjumanda Falastin Muxtoriyatining bosh vaziri ham qatnashmoqda. Isroildan hech kim taklif etilmadi. Rossiya vakili ham anjumanda yo’q.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti favqulodda ehtiyojlar uchun 1,1 milliard dollar kerakligini bildirgan.
G’azoga suv, elektr quvvati, yoqilg’i ta’minotini tiklash, dengizda gumanitar koridor va dala gospitallarini tashkil etish xususida ham gap ketadi. Misr gospitallarning o’z hududida qurilishiga qarshi.
Norvegiya qochqinlar kengashi bosh kotibi Yan Egeland G’azoda zudlik bilan otashkesin joriy etish muhimligini aytdi.
“Chegara bilmas shifokorlar” rahbari Izabel Defurni Isroil G’azo janubida xavfsiz deb atagan zonalarni “soxta zonalar” deb atadi.
“Dunyo shifokorlari” tashkilotining vitse-prezidenti Jan-Fransua Korti esa G’azo Sektorini “ochiq osmon tagidagi ulkan mozor” deb atadi.
Unga ko’ra, dunyo rahbarlari gumanitar tanaffus emas, otashkesin haqida gapirishi kerak.
"G’azoda odamlar hamma narsadan o’lyapti. Og’ir yaralaridan, tanasi kuyishidan, qulayotgan imoratlar ularning ustiga tushishidan o’lyapti. O’tkir va surunkali kasali bor odamlar ham o’lyapti, chunki qamal sabab tibbiy yordam olishga imkoni yo’q. Tug’ayotganda o’layotgan ayollar ham bor. Analgetiklarning yo’qligi sabab, anesteziyasiz ham og’riqdan o’lishyapti. G’azo ochiq osmon tagidagi ulkan mozorga aylangan”, - dedi Korti.
Saudiya Arabistonida esa bugun Yaqin Sharq davlatlari tashqi ishlar vazirlari majlis qildi. Bir necha kundan so’ng mamlakatda Arab Ligasi va Islom hamkorligi tashkilotining favqulodda majlislari ham bo’lib o’tadi.
Qirollik Afrika davlatlarini ham yig’inga to’plamoqchi, tadbir qachon o’tkazilishi hozircha noma’lum.
Islom hamkorligi tashkiloti majlisida Eron va Turkiya rahbarlari qatnashadi. Bugun ular Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammiti chetida ko’rishib, G’azodagi vaziyatni muhokama qilgan.
Rajab Toyib Erdog’an Ibrohim Raisiyga islom dunyosi Isroilga bosimni oshirishi kerakligini, Turkiya Isroil va falastinliklar o’rtasida vositachi va kafolatchi bo’lishga tayyor ekanini aytdi.