Yaqin o'tmishda Isroil bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlik qilishga kelishgan arab davlatlar kelajak haqida jiddiy o'ylanib qolgan. Bir tomonda G'azo sektoridagi qon to'kilishlari yuzasidan chuqur nafrat va g'azab, ikkinchi tomonda esa iqtisodiy-moliyaviy manfaatlar.
Bahrayn yahudiy davlatdagi elchisini chaqirib olgan. Birlashgan Arab Amirliklari esa uch yil oldin o'z zimmasiga olgan majburiyatlarga endilikda asossiz, deb qaramoqda, chunki Isroilni ishonchsiz tomon deb hisoblaydi.
Ichki urushlar tinmayotgan Sudan 2021-yildan beri yahudiy davlat bilan rishtalarni yo'lga qo'ya boshlagan, ammo hozirda unga mutlaq qarshi va Falastin mustaqil davlatga aylansin, deya talab qilmoqda.
Marokash nazarida ham Isroilga biror jihatdan tayanib bo'lmaydi va xalqaro hamjamiyatni G'azoni himoya qilishga chaqirmoqda, biroq Tel-Aviv bilan diplomatiyani to'xtatmagan.
Tahlilchilar deydiki, hozir nima deyilishidan qat'i nazar, urush qanday tugashi ko'p narsani hal qiladi.
Qator davlatlar Isroilga havo qatnovlarini bekor qilgan. Birlashgan Arab Amirliklari hozircha bu qarorga bormagan.
Quvaytda Isroil bilan aloqa qilish jinoyatdir. Tunisda ham shunday qonun loyihasi muhokamada.
Biroq Isroil bilan biznes qiladigan mamlakatlar uchun hamkorlikni batamom to'xtatish qimmatga tushishi aniq. Tel-Aviv shu bois bu borada ko'ngli to'qligini bildirmoqda.
Xususan Bahrayn bilan savdo joyida, deya tasdiqlaydi Benyamin Netanyaxu hukumati.
Londondan ekspert Sanam Vakil deydiki, arab hukumatlari Falastin borasida o'z xalqi fikr-qarashlariga ko'z yuma olmaydi, bosim kuchli. Ular G'azo ahli uchun joy kuydiradi va buni yashirmaydi.
"Gumanitar yordam yuborish harakatlari jadal. Arab qo'shnilar Isroilga o'z noroziligini turli shakllardan bildirmoqda, oqibatlar haqida ogohlantirmoqda", - deydi Vakil.
Mutaxassis fikricha, Isroilda hukumat yangilanishi hozir hammaga qo'l kelgan bo'lar edi. Barchaning umidi va eng asosiy maqsadi - Falastin-Isroil ixtilofini hal qilish. Mintaqada busiz barqaror bo'lmaydi.
"Arablar adolat istaydi, ya'ni Falastin xalqi orzularining ro'yobga chiqishini. Bunga esa Isroilning hozirgi rahbariyati bilan erishish mumkin emas",- deydi Vakil.
Vashingtondagi Atlantika kengashidan Ahmed Abudu tahlilicha, arab hukumatlar Isroilni qanchalik qoralamasin, u bilan uzoq muddatda ishlashga majburligini biladi, chunki geografiyani o'zgartira olmaysiz.
Strategik jihatdan Isroil bilan hamkorlik qilishdan ular manfaatdor, deydi u, G'azodagi qonli urushni qanchalik la'natlamasin.
"Diplomatik va iqtisodiy hamkorlik davom etsa ham bu urush tufayli yangilangan yara va gina-kudratlar o'z ta'sirini ko'rsatadi, ayniqsa agar Isroilning siyosiy jihatdan ekstremist hukumati xalqaro hamjamiyat chaqiriqlariga quloq solmay, G'azoga hujumlarni davom ettiraversa", - deydi Abudu.
Isroil bilan normal aloqaga kirish haqida o'ylab yurgan davlatlar esa hozir ancha chekingan, deydi ekspert.
"Munosabatlarni rasmiylashtirish, yahudiy davlat bilan muzokaralar olib borish, hatto uchrashuvlar xalq noroziligiga sabab bo'lishi aniq. Ortiqcha taranglik hech kimga kerak emas, chunki bu butun mintaqani alanga ichida qoldirishi mumkin".
Arab hukumatlar nazarida Isroil hozir har doimgidan ham o'jar va o'zboshimcha. Bu holatda u bilan hamkorlik ham milliy, ham mintaqaviy manfaatlarga zid, deya xulosa qiladi Abudu.