Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Isroil Livanda “Hizbulloh” guruhiga qarshi yirik amaliyot boshlashi mumkin. Taraflar hozircha cheklangan ravishda o’q almashib turibdi, biroq AQShning “Wall Street Journal” gazetasi Isroil rasmiylaridan olingan ma’lumotlarga ishora qilib, ikki taraf o’rtasida to’laqonli urush ehtimoli so’nggi kunlarda oshganini bildirmoqda.
Yakshanba kuni “Hizbulloh”ning Isroil shimoliga raketa, minomyot va tankga qarshi snaryadlari hujumida 10 nafar tinch fuqaro va 7 ta askar yaralangan. Bunga javob tariqasida Isroil harbiy-havo kuchlari va artilleriyasi islomiy harakatga qarshi obyektlarni nishonga olgan.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant XAMASning kuni “Hizbulloh”ning boshiga solinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Isroil Livan va G’azo Sektori bilan chegaradagi rayonlardan 200 mingga yaqin odamni mamlakat ichkarisiga evakuatsiya qilgan.
Bugun BMTning Jenevadagi idorasi G’azoda Isroil hujumlaridan nobud bo’lgan 101 xodimini bir daqiqalik sukut va bayroqlarni tushirish bilan xotirladi.
Idora rahbari Tatyana Valovaya bunday qisqa davr ichida tashkilot tarixida eng ko’p xizmatchisi o’lganini ta’kidladi.
BMTning 1949-yilda tashkil etilgan falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligida ishlagan odamlarning ba’zilari nonga navbatda turganida, yana kimdir uyida oilasi bilan halok bo’lgan.
Agentlikning G’azoda ishlagan 5000 xizmatchisining ko’pi falastinlik qochqin ekani aytilmoqda.
So’nggi kunlarda Isroil hujumlariga guvoh bo’lgan al-Shifo kasalxonasida elektr quvvati, suv, oziq-ovqat, dorilar va tibbiy vositalar tugab borayotgani, yangi tug’ilgan chaqaloqlarning hayoti xavf ostida ekani aytilmoqda.
"Kecha 39 ta chaqaloq bor edi, bugun 36 tasi qoldi. Yana ikkita chaqaloq nobud bo’lishi mumkin”, - deydi pediatriya bo’limi boshlig’i Muhammad Tabasha.
Unga ko’ra, muddatidan erta tug’ilgan va 1,5 kilodan yengil bo’lgan chaqaloqlar elektr quvvati tanqisligi sabab inkubatorlarda emas, oddiy palatalarda yonma-yon saqlanmoqda, xona harorati barqaror emas.
Shifokor chaqaloqlar uchun sut sterilizatorlari, shisha so'rg'ichlari va ko’plab boshqa narsalarga ehtiyoj borligini, shifokorlar va hamshiralar ham jismonan, ham ruhan holdan toyganini aytadi.
Isroil hujumlaridan o’lgan falastinliklar soni 11200 dan oshdi, 4600 dan ziyodi bolalar, 3100 nafari ayollar.
Sharqiy Quddus kasalxonalarida muolaja olgan g’azolik bemorlar Isroil istilosidagi G’arbiy Sohilga chiqib ketishga majbur bo’ldi.
"Kasalxona ma’muriyati “joy yo’q” deb, bizni haydadi”, - deydi ulardan biri.
G’azoning Xon-Yunus shahrida do’kon rastalari bo’shab qolgan, oziq-ovqat ta’minoti to’xtagani aytilmoqda. Sektor shimolidan o’n minglab odam evakuatsiya qilinib, shaharda taqchillik yanada kuchaygan.
So’nggi ikki kunda janubni 100 mingdan ortiq odam tark etgan.
“Supermarket rastalarini to’ldirish uchun har kuni mahsulot, ta’minotchilarni izlayman, ammo hech narsa yo’q. Chegara yopiq. Isroil hujumlari sabab o’zimizdagi sharbat zavodi ham ishdan to’xtadi. Yaqinda daraxt barglarini yeyishni boshlaymiz”, - deydi Hasan Abu Shabab ismli do’kon egasi.
Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bugun Bryusselda uchrashib, G’azodagi vaziyatni muhokama qildi, Ukrainaga yordamni davom ettirish yo’llari xususida gaplashdi.
Tashkilotning yakshanba kungi bayonotida aytilishicha, XAMAS kasalxonalar va fuqarolardan jonli qalqon sifatida foydalanmoqda. Isroilga ko’ra, harakat qo’mondonlik markazlarini kasalxonalar ostidagi tunellarda joylashtirgan. XAMAS ushbu da’volarni inkor etmoqda.
“Zudlik bilan tanaffuslarga chaqiramiz. Bir emas, bir nechta tanaffusga. G’azodagi odamlar yuzlashayotgan og’ir vaziyat bilan shug’ullanish uchun gumanitar koridorlar tashkil etilishi kerak”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel.
“Inson hayoti va qadri rang yoki millatga ega emas. Zudlik bilan harakatga tushish kerak. Gumanitar koridorlar orqali muhtojlarga yordamni yetkazish zarur”, - deydi Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Georgios Gerapetritis.
“Irlandiya gumanitar otashkesin tarafdori”, - deydi bu mamlakat vaziri Maykl Martin.
“Gumanitar otashkesinni joriy etishga, tinchlik anjumanini o’tkazishga, ikki davlat yechimiga va Falastin davlatini tan olishga chaqiraman”, - dedi Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Xose Alvares Bueno.
Vazirlar Ukrainani ham unutmaslikka da’vat etdi.
Yakshanba kuni CNN telekompaniyasiga intervyu bergan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azoda ko’p odam o’layotganini shunday izohladi.
“Tinch aholi orasidagi har qanday talafot fojiadir. Va bu ishda XAMASni ayblash kerak, chunki ular odamlarga qurol niqtab, urush zonasidan chiqib ketishlariga ruxsat bermayapti”, - dedi u.
Netanyaxuga ko’ra, urush tugaganidan so’ng sektor xavfsizligi bilan Isroil armiyasi shug’ullanadi, biroq G’azoni kim boshqarishi hozircha noma’lum.
“G’azoni butunlay demilitarizatsiya va deradikalizatsiya qilish kerak. Falastinda bunga qodir kuchni ko’rmadik hozircha. Hatto Falastin Muxtoriyati ham bunga qodir emas”, - dedi bosh vazir.