20-noyabr kuni AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin kutimaganda Kiyevga borib, Ukrainaga 100 million dollarlik qo'shimcha harbiy yordam berilayotganini ma'lum qildi.
Ostinning aytishicha, bu ko'mak Vashingtonni Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan davlatni quvvatlashda davom etishini anglatadi.
Prezident Volodimiy Zelenskiy Pentagon rahbari bilan muloqot qilar ekan, unga xalqi nomidan minnatdorchilik bildirgan.
"Bu tashrif va yordam Ukraina uchun o'ta muhim signal", - deydi Zelenskiy.
"Biz Amerika xalqidan bag'oyat minnatdormiz. Biz shuncha qiyinchilik, mashaqqatli oylar va yillarni boshdan kechirar ekanmiz, siz biz bilan yelkadoshsiz".
Ukrainaga uzatilayotgan qurollar, mudofaa tizimlari va boshqa ilg'or texnologiya AQSh zaxirasidan kelmoqda, deya tasdiqlaydi rasmiylar.
Ostin deydiki, Ukraina xalqi jasorati va irodasi bilan uni lol qoldiradi. AQSh bu davlatga ishongani va hurmat qilgani uchun ham undan madadni ayirmaydi, deydi vazir.
"Bu do'stlik va hamkorlik uzoq muddatni ko'zlaydi",- deydi Zelenskiy.
"Ukrainada urush qanday tugashi butun dunyo kelajagiga ta'sir qiladi".
Ostin fikricha, Ukraina qishdan kutilayotgan og'ir janglarga tayyor.
"Prezident Zelenskiy qayd etib kelayotganidek, Rossiyaga bosim to'xtamaydi. Ukraina unga zarba berishda davom etadi. Biz bunga ishonamiz".
O'tgan kunlar ichida Rossiyadan otilgan 38 dron Eronda ishlab chiqarilgan qurollar, deydi Ukraina harbiylari. 29 donasi urib tushirilgan. Qolganlari esa infratuzilmalarni ishdan chiqarib, 400 dan oshiq qishloq va shaharlar toksiz qolgan.
Dronlar, xususan, Odessa va Zaporojye kabi viloyatlarga tushgan. Ayrimlari Kiyevni ham nishonga olgan.
Pentagon kelasi oylarda yana yordam uzatadi, jumladan qurol-aslaha va texnologiya. O'q-dori ta'minoti ham jadallashgan.
Germaniya ham madad ko'lamini oshirmoqda. Ilg'or texnika berilmoqda, deydi Berlin rasmiylari.
Ukraina va uning G'arbdagi quvvatlovchilarining maqsadi - bu qishda Rossiyani havodan va yerdan chekintirish.
O'tgan hafta Rossiya kuchlari Dnepr daryosining sharqiy qismlaridan siqib chiqarilgan. Ukraina qo'shinlari ochayotgan yo'llar Qrimga ham olib boradi. Yarimorol 2014-yildan beri Rossiya nazoratida.
Ukrainaning 18 foizga yaqini hozirda Kreml kontroli ostida. Kiyev Rossiya bosib olgan yerlarning 50 foizdan ziyodini qaytarib olgan.
Isroil-Falastin mojarosining oxiri ko'rinmas ekan va Vashington Isroilga ham ulkan miqdorda yordam va'da qilar ekan, Ukrainaga ko'mak ozayadi, degan xavotir tinmagan.
Bu hafta 50 dan ziyod davlat Kiyev bilan harbiy hamkorlik borasida maslahat qilmoqda. Unga ko'makni kelishgan holda yetkazish muhokamada.
Kongress a'zolari Isroilga shartsiz yordam xususida yakdil, ammo Ukrainaga kelganda, salmoqli qarshilik bor.
Lekin Ostin bu kelishmovchiliklarga qaramay Bayden ma'muriyatining takliflari ma'qullanadi, deydi vazir.
Davlat kotibi Entoni Blinken Kongressga murojaatida Kiyevni quvvatlash hozir har doimgidan ham muhim, deydi.
"Ukrainaga madad ko'rsatib, butun mintaqa barqarorligiga hissa qo'shayapmiz va agressiyaning oldini olayapmiz. Bu hammamizning tinchligimiz uchun xizmat qiladi", - deydi Blinken.
Pentagonda Ukrainaga yordam ozaymaydi, degan ishonch baland. Yaqin Sharqdagi vaziyat buni o'zgartirmagan, deydi rasmiylar.