Breaking News

AQShda millionlab migrantlar ishlash uchun ruxsat ololmayapti


Oq uy oldida migrantlarning norozilik namoyishi, 14-noyabr, 2023
Oq uy oldida migrantlarning norozilik namoyishi, 14-noyabr, 2023

Oq uy oldida yuzlab migrantlar yig'ilib, Amerika hukumatining hujjatsiz migrantlarga nisbatan siyosatini qoraladi. Ular Bayden ma'muriyatidan ishlash uchun ruxsat so'ramoqda.

Namoyish tashkilotchisi Lidiya Valter-Rodrigez deydiki, 3000 dan ziyod odam qatnashgan tadbirdan maqsad - AQShda uzoq yillardan beri yashab, tirikchilik qilib kelayotgan muhojirlarning manfaatlarini himoya qilish.

Bunday migrantlar soni qariyb 11 million, deydi faollar, va ular Amerikaga yaqinda kelgan odamlar emas. Oilalari shu yerda. Ko'pi bu mamlakatda o'qigan, hunar o'rgangan.

“Biz migrantlar xavfsiz bo'lsin, deymiz. Fuqarolikka kirishga umid bog'lagan insonlar nomidan gapirayapmiz", - deydi Lidiya.

300 dan oshiq biznes, qator shtatlarning respublikachi va demokrat gubernatorlari, turli tashkilotlar bu migrantlarga qonuniy maqom berilishini istashini bildirgan.

Kongress bu borada chora ko'rishini kutmay, deydi namoyishchilar, Prezident Jo Bayden bu muhojirlar bemalol ishlay olishi uchun farmon chiqarishi mumkin.

Insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, shuningdek, immigrantlar hibsga olinmasligi va deportatsiya qilinmasligi uchun zarur qadamlar tashlansin, deya so'ramoqda faollar.

Illinoys shtatidan demokrat kongressmen Yesus Chuy Garsiya namoyishchilar tomonda.

“Qachon kelgan bo'lishingizdan qat'i nazar, sizni qadrlashimiz joiz. Ko'plar, masalan, mening okrugimda ham, yillardan beri mehnat qilib, soliqlarni to'lab kelmoqda. Lekin biz sizga zarur hujjatlarni va imkoniyatlarni bermayapmiz, bu xato va adolatsizlik", - deya bayon qiladi Garsiya.

AQSh Tijorat palatasi hisobicha, mamlakat bo'ylab 9,6 million bo'sh ish o'rni bor. Ishsizlar soni esa ayni damda 6,4 million.

"Millionlab bo'sh o'rinlarini to'ldirish uchun nima qilayapmiz? Hunarli va bilimli muhojirlar dardini eshitishmayapti", - deya so'raydi Stefani Ferguson, palata eksperti.

Hozirda Amerikada har 100 ish o'rniga 68 ishchi to'g'ri keladi.

Vashingtonda migrantlar namoyishi, 14-noyabr, 2023
Vashingtonda migrantlar namoyishi, 14-noyabr, 2023

Meksikalik Katalina Bueno 30 yildan oshibdiki, Amerikada. Chikago shahrida yashaydi, ishlash uchun ruxsat so'ramoqda.

“Qachondir bizga doimiy maqom berishlari kerak emasmi? Butun hayotim shu yerda o'tayapti. Meksikaga qaytishni tasavvur ham qila olmayman", - deydi u.

Sudan, Ukraina, Salvador, Gonduras, Nepal va Nikaraguadan kelganlarga istisno tarzida imkoniyatlar berilgan. Boshqalar uchun ham harakat avjida.

Respublikachilar orasida qarshilik kuchli. Meksika orqali kirayotganlarni haydash va ularga biror maqom bermaslikka undovchi tashabbuslar olg'a surilgan.

Ruxsatnomalar muddati ham qisqa bo'lsin, degan chaqiriqlar yangraydi.

Florida shtatida advokat Renata Kastro deydiki, immigrantlarni qadrlamaslik AQSh iqtisodiyotiga qimmatga tushadi.

“Innovatsion iqtisod effektiv islohotlar talab qiladi. Demak, siz talabga qarab ish tutishingiz kerak. Bu muhojirlar ishchi kuchidir, ular sizga kerak”, - deydi Kastro.

Uning kuzatishicha, Amerikada kichik bizneslar, xizmat ko'rsatish sektori, qurilish sohasi va boshqa sanoatlar ishchi topolmay, sarson.

Millionlab tajribali va tayyor immigrantlar esa hujjatsiz mehnat qilishga majbur yoki ishlay olmay azobda. Nimadir qilish kerak, deydi Kastro.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG