Breaking News

Qochoqlar AQShga qaysi yo'llar bilan kirishi mumkin?


Ikki yil avval Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, AQShning Kobuldagi elchixonasi yopildi va AQSh harbiylari Afg‘onistondan tartibsiz ravishda 100 mingdan ortiq afg‘onni evakuatsiya qildi.

Urush paytida AQSh hukumatiga yordam bergan va evakuatsiya qilinganlarning katta qismi hali ham AQShda doimiy yashashga ruxsat olish uchun immigratsiya jarayonlaridan o'tmoqda.

Uchinchi mamlakatlarda qolayotganlar ham bor. Agar ularning AQShda qonuniy maqomga ega bo'lgan yaqin oila a'zosi bo'lsa, ular o'z qarindoshlarini AQShga ko'chirish uchun ariza berishi mumkin.

Boshqalar esa AQShga qochqinlarni qabul qilish dasturi doirasida mavjud imkoniyatlardan foydalanishi mumkin.

P1, P2 va P3 dasturlari

2022-yil avgust oyi boshida AQSh Davlat departamenti afg’on qochoqlarini qabul qilish bo’yicha uchta toifani e’lon qildi. Bular AQSh hukumat uchun ishlagan (P1), AQShda joylashgan nodavlat-notijorat tashkilotlari yoki Amerika axborot agentliklarida (P2) ishlagan yoki Amerikada qochoq yoki muhojir maqomida yaqin qarindoshi bo‘lgan afg‘onlarni o’z ichiga oladi.

Arizachi ushbu uch dasturdan biriga to’g’ri kelsa ham, uning Qo'shma Shtatlarga qabul qilinishi kafolatlanmagan.

“Barcha ariza beruvchilar keng qamrovli xavfsizlik tekshiruvlaridan oʻtishi va Ichki xavfsizlik departamenti/AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari xodimi bilan suhbatdan oʻtishi kerak”, deyiladi Davlat departamenti veb-saytida.

Qochqinlarni qabul qilish dasturi

AQSh Qochqinlarni qabul qilish dasturi murojaatchilarni qabul qilishning to'g'ridan-to'g'ri yo'lini taqdim etadi, lekin buning uchun, avvalo, qochqinlar o'zlari mustaqil davishda uchinchi davlatga chiqib, so’ng u yerdan Davlat departamentiga murojaat qilishlari kerak.

Bu dastur asosida ariza beruvchilar xorijiy davlatlardagi Qayta joylashtirishni qo'llab-quvvatlash markazlaridan birida oldindan ko'rikdan o'tkaziladi. Shundan so‘ng AQSh immigratsiya xizmati xodimi bilan intervyu, ko‘plab xavfsizlik tekshiruvlari va tibbiy ko‘rik amalga oshirilishi kerak.

Davlat departamenti qochqinlar dasturiga yo'llanmalar bilan shug'ullanadi, ammo arizachi Afg'onistonni tark etgunga qadar AQSh hukumati bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqa o’rnatmaydi.

Departament veb-saytida aytilishicha, arizani ko'rib chiqish uchun bo'limga 12 oydan 18 oygacha vaqt kerak bo'ladi. Shuning uchun arizachilar uchinchi davlatda yashashlari va ish ko'rib chiqilgunga qadar o'zlarini va oilalarini boqish imkoniyatini topishlari kerak.

Oilaga asoslangan immigratsiya

AQShda qochqin yoki boshpana maqomiga ega bo'lgan shaxs ilgari qochqin maqomi berilmagan turmush o'rtog'i yoki 21 yoshdan kichik turmushga chiqmagan farzandlarini AQShga chaqirib olishi mumkin.

Gumanitar asosda qabul qilinganlar yoki AQShga kirgandan keyin Vaqtinchalik himoyalangan maqomiga ega bo’lganlar ham turmush o'rtog'i va 21 yoshgacha bo'lgan turmush qurmagan bolalari uchun Qo'shma Shtatlarga qochqin sifatida kiritishni so’rab ariza berishlari mumkin.

Shuningdek, AQSh fuqarolari va qonuniy doimiy rezidentlari ma'lum toifadagi yaqin qarindoshlarining Qo'shma Shtatlarga immigratsiya qilishlari uchun ariza topshirish huquqiga ega.

Oila asosidagi immigratsiya 1965-yilda qabul qilingan Immigratsiya va fuqarolik to'g'risidagi qonun tomonidan boshqariladi.

Qonun AQSh fuqarolari yoki qonuniy doimiy yashovchilarga yaqin qarindoshlari, shu jumladan, turmush o'rtog'i, turmushga chiqmagan va voyaga yetmagan bolalari va ota-onalarini hech qanday cheklovlarsiz AQShga ko'chib o'tishlariga homiylik qilish imkonini beradi.

BMT: Dunyo bo'ylab qochqinlar soni 117 milliondan oshadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:27 0:00

Buning uchun AQSh fuqarosi yoki rezidenti topshiradigan ariza AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmatlari va Davlat departamentida 12 bosqichli jarayondan o’tadi.

Tasdiqlangandan so'ng, murojaatchilar Qo'shma Shtatlarga kelish uchun sayohat hujjatlarini oladi.

Davlat departamenti, shuningdek, Xalqaro Migratsiya tashkiloti tomonidan boshqariladigan dastur orqali Qo'shma Shtatlarga ko'chiriladigan qochqinlarni tashish xarajatlarini moliyalashtiradi.

Qochqinlar kelganidan olti oy o’tgach, safar xarajatlarini qaytarishi kerak.

Yangi kelgan qochqinlar uy-joy va ish topishda yordam ko'rsatadigan homiylik tasjkilotlariga biriktiriladi.

AQSh immigratsiya qonuniga ko'ra, qochqin maqomiga ega bo'lganlar Qo'shma Shtatlarda bir yildan so'ng doimiy rezident bo'lish uchun ariza topshirishlari mumkin. Besh yillik doimiy rezidentlikdan keyin ular AQSh fuqaroligini olish huquqiga ega bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG