Breaking News

AQShdagi afg'onistonlik muhojirlar taqdiri savol ostida


Afg'onistonlik muhojirlar
Afg'onistonlik muhojirlar

AQSh Kongressining respublikachilar ustun Vakillar palatasi kelasi yil uchun mudofaa xarajatlarini tasdiqladi. Oq uy milliy xavfsizlikka oid bir qator masalalar, jumladan, afg'onistonliklar uchun maxsus immigratsion vizalar sonini oshirish bo'yicha kiritilgan takliflar loyihaga qo’shilmaganidan norozi.

Milliy mudofaa to'g'risidagi qonunning Vakillar palatasi qabul qilgan versiyasi, Bayden ma'muriyati iltimosiga qaramay, 2024-moliyaviy yilda afg’onlar uchun vizalar sonini qo’shimcha 20 000 ga oshirishni ko’zda tutmaydi. Shuningdek, ushbu maxsus viza dasturini 2024-yil 31-dekabrdan keyin ham davom ettirish masalasi ko’rib chiqilmagan.

2009-yilda qabul qilingan Afg‘on ittifoqchilari himoyasi to‘g‘risidagi qonun asosida Afg‘onistonda amerikaliklar bilan ishlagan harbiy tarjimonlar va AQSh hukumati uchun ishlagan boshqa shaxslarga doimiy yashash uchun AQShga kelishga yordam beradigan immigratsion vizalar dasturi yo’lga qo’yilgan edi.

Ushbu dastur orqali Agar bu dastur muddati uzaytirilmasa, 2024-yil oxiriga borib, Afg‘onistondagi urush paytida AQSh hukumati bilan ishlagan afg‘onlarning AQShga qonuniy immigratsiya qilish imkoniyati tugaydi.

Dasturni uzaytirish harakati davom etadi

Mudofaa to’g’risidagi qonun qabul qilingan kuni har ikki partiyaga mansub bir guruh qonunchilar afg’onistonliklarga oid alohida qonun loyihasini taqdim etdi.

U AQShga kelish huquqini olishi mumkin bo’lgan afg’onlar safini kengaytiradi va aksilterror amaliyotlarda yordam bergan ayollar hamda AQSh kuchlari bilan ishlagan boshqa shaxslarni ham qamrab oladi.

2022-yilda ham bu qonun har ikki partiyaning bir guruh qonunchilari tomonidan qo'llab-quvvatlanib, Mudofaa qonuniga kiritilishi rejalangan, ammo Kongress tasdig’idan o’tmagan edi.

2021-yil avgust oyida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan so‘ng, 70 000 dan ortiq afg‘on AQShga olib kelindi. Ularga ikki yil davom etadigan vaqtinchalik gumanitar qochqin maqomi berildi.

Favqulodda vaziyatlarda AQShga kirishga umid qilganlarga gumanitar shartli qochoq maqomi beriladi. Bu avtomatik ravishda doimiy rezidentlikka olib kelmasa-da, shartli ravishda qabul qilinganlar AQShda bo'lgan payti siyosiy boshpana so’rash yoki boshqa huquqiy yo’llar orqali doimiy qonuniy maqom olish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Ammo gumanitar maqom muddati tugasa, ular noqonuniy muhojirga aylanishi mumkin.

Kanzaslik respublikachi senator Jerri Moranning aytishicha, AQShga qochgan afg'onlar mavhumlikka duch kelmoqda; chunki ularning hozirgi maqomi vaqtinchalik.

"Yangi qonun bizning afg'on hamkorlarimiz uchun yangi hayot boshlash yo'lini, shuningdek, milliy xavfsizligimizga tahdidlarni kamaytirish uchun muhim tekshirish jarayonini belgilab beradi", - dedi Moran.

Ayni paytda Senat mudofaa xarajatlariga oid qonunning yangi versiyasini tayyorlamoqda. Vakillar palatasi va Senat qonunning so’nggi nusxasi bo’yicha kelishuvga erishgach, uni qabul qiladi va prezident imzolashi uchun Oq uyga jo’natadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG