Breaking News

Qochqinlar soni bo'yicha dunyo rekordi yangilanishi kutilyapti


BMT: Dunyo bo'ylab qochqinlar soni 117 milliondan oshadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:27 0:00

Bu o'tgan yili Ukraina, Sudan va Afg'onistondagi mojarolardan omon qolgan ba’zi insonlarning hikoyasi. 2022-yil oʻrtalariga kelib, dunyo boʻylab majburiy uyini tark etganlar soni 103 million kishiga yetdi.

Qochoqlar bo’yicha BMT Oliy komissari Filippo Grandi bu raqamni "hech qachon o'rnatilmasligi kerak bo'lgan rekord" deb atadi. Bu rekord yana yangilanishi kutilyapti. Joriy yil, BMT hisob-kitobiga ko'ra, 117 milliondan ortiq odam qochoqqa yoki davlati yo’q shaxsga aylanishi mumkin.

Qochqinlar turli sabablarga ko'ra o'z uyini tark etadi. O‘tgan yili Ukrainadagi urush, Sudandagi qurolli to‘qnashuvlar va Afg‘onistonda Tolibonning hokimiyatga kelishi ular sonini yanada ko’paytirdi.

2022-yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropa qit’asida qochqinlarning eng katta oqimiga sabab bo‘ldi. 2023-yil may oyi holatiga ko‘ra, 8 milliondan ortiq odam mamlakatni tark etgan.

Yevropa Ittifoqi 2022-yil 4-martda o‘zining Vaqtinchalik himoya qilish bo‘yicha direktivasini qabul qilib, ukrainaliklarga aniq huquqiy maqom va himoya, jumladan, turar joy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va mehnat bozoriga kirish huquqini berdi.

Shunga qaramay, 2022-yilning yoziga kelib "qochoqlar charchash" belgilari namoyon bo'ldi. Resurslar kamaygani va yashash xarajatlari oshgani sayin, ayniqsa, ko’plab ukrainaliklar panoh topgan Polsha va Chexiyada qochoqlarga nisbatan norozilik kayfiyatlari yuzaga chiqa boshladi.

Eng ko'p qochqin qayerdan?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

Ukrainaliklar ikki yildan beri sargardon; Afg'onistondagi qochqinlar inqirozi bir necha avlodni qamrab oladi. 2021-yil avgust oyida Tolibon poytaxt Kobulga bostirib kirib, mamlakat ustidan nazoratni qo’lga kiritgach, mamlakatda qochqinlarning yangi to’lqini paydo bo’ldi.

2021-yilning oʻrtalaridan beri 90 000 ga yaqin afgʻon Amerikaga qabul qilindi. Bu oxirgi bir necha o’n yillikda AQSh amalga oshirgan eng yirik koʻchirish harakatidir. Oradan ikki yil o‘tgan bo’lsa-da, qabul qilinganlarning aksariyati Kongressdan doimiy uy-joyga ega bo’lish, ish va o‘qish huquqi bilan ta’minlaydigan qonun qabul qilinishini kutmoqda.

Afg'onistonlik qochqinlarning aksariyati qo'shni Eron va Pokistonda. Pokistonning o’zida 3,7 million afg'on yashaydi. O'tgan yilgi vayronkor suv toshqinlari tufayli bu yerda hayot yanada og'irlashgan.

2023-yil 15-aprelda Sudan yana urush sahnasiga aylandi. Muxolif guruhlar o’rtasida hokimiyat uchun kurash 1,4 millionga yaqin odamni o’z uyini tark etishga majbur qildi.

Sudanga qo’shni yetti davlatdan beshtasi - Efiopiya, Chad, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya va Janubiy Sudan ham so'nggi yillarda mojaro va siyosiy to'ntarishlarni boshdan kechirdi. Sudan bir vaqtlar 1 milliondan ortiq qochqinga mezbonlik qilgan. Bu Afrikadagi ikkinchi eng katta qochqinlar soni. Endi minglab qochqinlar bu yerdan yana siqib chiqarilmoqda. Ba'zilari bir vaqtlar o’zlari qochgan inqiroz zonalariga qaytishga majbur. Masalan, dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo'lgan Chadda aholining to'satdan ko'payishi oziq-ovqat narxini ikki baravar oshirdi. Jahon oziq-ovqat dasturi 2,3 millionga yaqin odam zudlik bilan oziq-ovqatga muhtojligidan ogohlantirmoqda. Chunki mamlakat ketma-ket to'rtinchi yil davomida o'tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda.

Dunyo qochqinlarining nomutanosib ulushi aholining soni va mavjud resurslari bo'yicha past daromadli mamlakatlarda joylashgan. Dunyo aholisining 9 foizini va dunyo yalpi ichki mahsulotining 0,5 foizini tashkil etuvchi mamlakatlar dunyo qochqinlarining 18 foiziga bag’rini ochgan. Bu qisman qochqinlarni qabul qilish bo'yicha umumiy kelishuvning yo'qligi, shuningdek, mojarolarni boshdan kechirayotgan ko'plab davlatlar kambag'al mamlakatlarga qo'shni ekani bilan bog'liq.

Shu bilan birga, badavlat davlatlarda, jumladan, Yevropada va Qo'shma Shtatlarda qochqinlarni qabul qilishga siyosiy qarshilik yuqori.

Xalqaro Qutqaruv Qoʻmitasining soʻnggi hisobotiga ko’ra, 2022-yilda Yevropa Ittifoqiga atigi 271 nafar afgʻon koʻchirilgan. Britaniyada yuzlab ukrainalik qochqinlar uysizlik bilan yuzlashmoqda. AQSh esa Ukrainaga yordam sifatida 76,8 milliard dollar ajratgan bo’lsa-da, bu mablag'ning atigi 5 foizi insonparvarlik yordamiga to'g'ri keladi. Sudan va yaqin atrofdagi davlatlarga qochayotgan qochqinlarning insonparvarlik ehtiyojlarini qondirish uchun BMT 3 milliard dollar kerak bo’lishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG