AQShning San-Fransisko shahrida Osiyo va Tinch okeanidagi davlatlar rahbarlarining iqtisodiy sammitiga borgan Xitoy Prezidenti Si Zinpin Jo Bayden bilan uchrashib, ikki tomonlama aloqalarni jonlantirish xususida gaplashdi.
AQSh rahbari bir yildan beri Si bilan ko’rishmoqchi edi, biroq Xitoy tarafi uchrashuvga ko’nmay kelayotgan edi.
Rahbarlar Tayvan, ikki davlat o’rtasidagi harbiy aloqalar, savdo bobidagi kelishmovchiliklar, AQShda ko’plab odamlar hayotiga zomin bo’layotgan fentanil tarkibidagi moddalarning Xitoydan taralayotgani va inson huquqlari haqida gaplashishdi.
“Xitoy va AQShdek ikki yirik davlatning bir-biriga qarshi turishi to’g’ri emas. Bir taraf ikkinchi tarafni o’zgartirishga harakat qilishi ham to’g’ri emas. Chunki mojaro va to’qnashuvning har ikki tomon uchun oqibati yaxshi bo’lmaydi”, - dedi Si Zinpin.
Uchrashuvdan so’ng Bayden matbuotga intervyu berdi, biroq Si har doimgidek jurnalistlar bilan muloqotdan bosh tortdi.
“Bugun qabul qilingan muhim qadamlarni olqishlayman. Amerika diplomatiyasining eng yaxshi an’analariga tayangan yondashuvni amalga oshirayotganimizni dunyo ko’rishi muhimdir. Raqiblarimiz bilan gaplashyapmiz. Muhimi ham shu – tushunmovchilik bo’lmasligi uchun bir-birimiz bilan ochiqchasiga gaplashish kerak. Bu global barqarorlikni ta’minlash uchun muhimdir”, - dedi Bayden.
Shu bilan birga AQSh rahbari Si Zinpinni diktator deb atashdan tap tortmadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi uning bu gapini shu zahotiyoq tanqid qildi.
APEK sammitiga to’plangan rahbarlar AQSh va Xitoy liderlari o’rtasida muloqot jonlanganidan mamnun ekanini aytadi.
“Prezidentlar Bayden va Si Zinpin o’rtasidagi bunday muloqot men uchun muhimdir. U jiddiy muammolarni hal qilish uchun bir-birimiz bilan ishlay olishimizga, bir-birimizga ishona bilishimizga ishora qiladigan aniq signal beradi. Iqlim, Ukraina, G’azodagi muammolar bilan yuzlashyapmiz. Dunyoda bahsli masalalar ko’p, ularni hal qilishga harakat qilishimiz, muloqot qilishimiz kerak”, - dedi Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim.
Mutaxassislarga ko’ra, Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitining muvaffaqiyati ko’p jihatdan dunyodagi ikkita yirik iqtisodiyotning bir-biri bilan til topa bilishiga bog’liq.
“Prezident Bayden va Prezident Sining 2024-yildan oldin munosabatlarni barqarorlashtirishdek asosiy maqsad sari uchrashgani muhimdir. Nafaqat ikki tomonlama aloqalar uchun, balki APEK mintaqasi uchun ham. Region davlatlari, iqtisodiyotlari uchun munosabatlarning barqaror bo’lgani muhim, ayniqsa yanvar oyida Tayvanda, noyabr oyida esa AQShda bo’ladigan saylovlardan oldin”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashidan Maykl Froman.
Bayden Si bilan muloqot va hamkorlikni davom ettirishini bildirdi, chunki unga ko’ra, bundan dunyo manfaatdor.