Bugun, 15-noyabr kuni, AQSh va Xitoy rahbarlari Kaliforniya shtatining so'lim go'shasida yuzma-yuz muloqot qildi. Bu - Jo Bayden va Si Zinpin orasidagi ikkinchi uchrashuv. Oldingisi o'tgan yili Indoneziyada o'tgan edi.
Dunyoning har jihatdan ikki eng qudratli davlatlari, raqobatchilari va hamkorlari avvalo harbiy aloqani tiklash va xavfsizlik masalalarini, shuningdek, iqtisod va global mavzularni muhokama qilgan.
Yangi bir kelishuv ustida harakat ketmoqda, deydi rasmiylar. Amerika va Xitoy kuchli narkotik hisoblangan fentanil moddasiga qarshi birga kurashishni xohlaydi. AQShga katta miqdorda kirib keladigan bu qoradori manbai sifatida Xitoy ko'rsatiladi.
Vashington Pekin o'z hududi deb biladigan Tavyanni qanchalik quvvatlamasin, Oq uyga ko'ra, Bayden ma'muriyati uchun yaxlit Xitoy ustuvordir. Ya'ni, deydi rasmiylar, AQSh Tayvanni mustaqil deb hisoblamaydi.
Amerika hukumati azaldan shunday siyosat yuritadi. Tayvandagi demokratiyani olqishlaydi, ammo Vashington nazarida orol suveren emas.
Diplomatlarga ko'ra, Bayden va Si San-Fransiskoda shu haqda ham gaplashgan.
Shaharda ayni damda Osiyo-Tinch okeani hududidagi 21 davlat rahbarlari yig'ilgan. Xavfsizlikdan tortib madaniy aloqalargacha, texnologiyadan tortib ziddiyatlargacha, hammasi yuzasidan so'zlashuvlar kechmoqda.