Breaking News

AQSh Xitoy bilan keskinlikni yumshatishni istayaptimi?


AQSh Prezidenti Jo Bayden (o'ngda) Xitoy rahbari Si Zinpin bilan
AQSh Prezidenti Jo Bayden (o'ngda) Xitoy rahbari Si Zinpin bilan

Yaqinlashib kelayotgan iqtisodiy yig'ilishda Xitoydan kimlar qatnashishi aniq bo'lmasa-da, Pekinga ko’ra, Xitoy rahbari Si Zinpinning ishtirok etishi va AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan ehtimoliy uchrashuvi Vashingtonning to'g'ri muhit yaratishiga bog'liq.

Noyabr oyida San-Fransiskoda boʻlib oʻtadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti qarama-qarshilikni kuchaytirish o’rniga hamkorlikni rivojlantirishi kerak, dedi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi matbuot brifingida.

Uning bayonoti boshqa xitoylik amaldorlarning fikr-mulohazalariga mos keladi.

"Balidagi muhitni San-Fransiskoga ko’chirish uchun Qo'shma Shtatlar yetarlicha samimiyat ko'rsatishi kerak", - deb yozdi Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi o'zining “WeChat” ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

O'tgan yilning noyabrida Indoneziyaning Bali orolida bo'lib o'tgan “Katta yigirmalik” sammiti doirasida yetakchilar so'nggi bor uchrashgan edi.

Vashingtonni uchrashuv uchun "yaxshiroq sharoit yaratishga" undagan Van "demokratiya va avtokratiya"ni bir-biriga qarshi qo’yishni bas qilishga chaqirdi. Unga ko’ra, Vashington o'z qarashlarini boshqalarga majburan o’tkazishga urinmoqda.

Amerika va Xitoy rasmiylari Bayden-Si potentsial uchrashuvi uchun poydevor qo'yishda davom etar ekan, Vashington ikki poytaxt o'rtasida bir necha oydan beri davom etayotgan keskinlikni yumshatish imkoniyatlarini ko’rayotgani haqida xabarlar bor.

Seshanba kuni “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ma'muriyatning yuqori martabali mulozimlaridan biri har doim maqsad munosabatlarni mojaro tomon eltadigan ritorikadan tiyish bo’lganini aytdi. Biroq so'nggi haftalarda "ohangda pasayish" kuzatilmaganini va ma'muriyat ichida bu masalada alohida suhbatlar bo'lmaganini ta’kidladi.

O'tgan hafta Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida so'zlagan nutqida Prezident Jo Bayden raqobatni mas'uliyat bilan boshqarish va mojarolarga yo'l qo'ymaslik istagini tilga olib, uning ma'muriyati Xitoy bilan uzoqlashish emas, xavf-xatarni kamaytirishni xohlashini aytdi.

Mintaqada hamkorlari sonini oshirish yo’lidan borayotgan Bayden bu sa'y-harakatlar Xitoyni "jilovlash" uchun mo'ljallanmaganligini bir necha bor qayd etdi.

Ekspertlarga ko’ra, bunday mujdalar keskinlashgan haroratni pasaytirish uchun kerak. Iyun oyida boʻlib oʻtgan saylovoldi kampaniyasi chogʻida Bayden Sini qarorlar qabul qilishda reallikdan uzilib qolgan diktator deb atagan edi. Bir necha hafta o'tgach, u Xitoyni "soatli bomba" deb atadi.

Ikki davlat o’rtasidagi geosiyosiy raqobat, jumladan, savdo va texnologiya sohasida ham kuchaymoqda. Vashington Xitoyni zaif davlatlarga qarshi "iqtisodiy majburlash" choralarini qo’llashda va Hind-Tinch okeanida tajovuzni oshirayotganlikda ayblaydi. Pekin esa AQSh bayonotlarini "G'arb gegemoniyasi"ga asoslangan tahdidlar deb hisoblaydi.

APEC yig‘ilishi ikki davlat rahbarlari uchun aloqalarni barqarorlashtirish imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda. Ammo ko'plab bahsli mavzular hal hal etilmagan, jumladan, tashkilot a'zosi bo’lgan Gonkong rahbarining sammitda ishtiroki masalasi. Xitoyga qarashli hududning rahbari tinch namoyishchilarni kuch bilan bostirganiga oid ayblovlar ortidan 2020-yildan beri AQShga kirishi taqiqlangan.

Ijobiy o’zgarishdan umidalar

AQSh German Marshall Jamg'armasining Hind-Tinch okeani dasturi boshqaruvchi direktori Bonni Glaser har ikki tomon munosabatida o'zgarishlar borligini qayd etdi.

“Xitoy olimlari bilan AQSh-Xitoy munosabatlari haqidagi suhbatlarimda men koʻproq ijobiy ohang va ikki tomonlama munosabatlarni barqarorlashtirish imkoniyatidan foydalanishga qiziqish borligini sezyapman”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Si tashrif buyurishi yoki buyurmasligidan qat’i naza, Van Yiga ko’ra, Xitoy Tinch okeani mintaqasining 21 ta iqtisodiyotini o'z ichiga oluvchi bu sammitning muvaffaqiyatida "konstruktiv rol o'ynashga" tayyor. U Sining ishtirok etishiga kafolat bermadi.

Shu oy boshida, hech qanday rasmiy tushuntirishlarsiz, Si Nyu-Dehlida bo'lib o'tgan dunyoning eng yirik iqtisodiyotlarini to’plagan “Katta yigirmalik” sammitiga ham bormadi.

"Agar siz yig'ilishda nima istayotganingizni bilmasangiz, o'yin rejangiz bo'lmasa, hech kim xalqaro uchrashuvlarda o’tirishni yoqtirmaydi", - dedi Bayden Xitoy rahbarining yo’qligiga munosabat bildirib.

Oq uy ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirmoqda. Sentabr oyi o'rtalarida Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan Van bilan ikki kunlik uchrashuv o'tkazdi. Bu "ochiq aloqa liniyalarini saqlab qolish" bo'yicha davom etayotgan sa'y-harakatlarning bir qismidir.

Vashington va Pekin, shuningdek, sog'lom iqtisodiy raqobatni rivojlantirish uchun AQSh Moliya vaziri Janet Yellen va uning xitoylik hamkasbi vitse-premyeri Xe Lifeng tomonidan nazorat qilinadigan ishchi guruhlarni yaratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG