AQShning yuqori martabali qonunchilari Bayden ma'muriyatini Xitoy Kubada qurayotgan josuslik markazi haqida ko’proq ma'lumot berishga chaqirmoqda. Tahlilchilar fikricha, Xitoyning Amerika biqinida olib borayotgan maxfiy faoliyati razvedka ma'lumotlarini yig'ishdan boshqa maqsadlarni ham o’z ichiga oladi.
Agar Tayvan ustidan urush boshlansa, Xitoy armiyasi Lotin Amerikasi va Karib havzasida AQSh harbiy amaliyotlarini buzishi yoki hatto AQShning kontinental hududiga zarba berish uchun harakat qilishi mumkin, deydi ular.
22-iyun kuni Markaziy Razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Berns va Davlat kotibi Entoni Blinkenga yo‘llagan maktubida demokrat senator, Senat tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Bob Menendez va Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi, respublikachi Maykl Makkol 14-iyulgacha Kubadagi Xitoy faoliyati haqida batafsil ma’lumot berishni so‘ragan.
Qonunchilarning xavotiri 19-iyun kuni “Wall Street Journal” gazetasi AQShning amaldagi va sobiq rasmiylariga tayangna holda Xitoyning Florida shtatidan atigi 166 kilometr uzoqlikdagi orol davlatda qo‘shma harbiy o‘quv bazasini tashkil etish bo‘yicha Kuba hukumati bilan muzokara olib borayotgani haqida yozishi ortidan o’rtaga chiqdi. Kubadagi bazaga xitoylik qo'shinlar joylashtirilishi mumkinligi haqida ham xavotirlar bor.
“Biz toʻliq maʼlumotga ega boʻlishimiz zarur: XXRning Kubada razvedka ma’lumotlari yigʻilishining aniq mohiyati va maqsadlari hamda rejim bilan harbiy hamkorligi, AQSh milliy manfaatlariga bunday saʼy-harakatlarning ta’siri va Bayden maʼmuriyati buni to’xtatish uchun nima qilayotgani haqida ", deyiladi maktubda.
"Amerika jamoatchiligini ishontirish kerakki, ularning hukumati bu keskinlashuvni so'zsiz qoralaydi va bunga qarshi turish uchun qo'lidan kelgan barcha choralarni ko’rishga harakat qiladi", deb yozadi qonunchilar.
AQSh: Ba’zi muvaffaqiyatlar bor
Blinken 25-iyun kuni NBC telekanalining “Matbuot bilan tanishish” dasturiga bergan intervyusida Vashington o‘z xavotirlarini Pekin va Gavanaga ochiq-oydin bildirganini va natijada Xitoyning xorijda harbiy bazalar qurishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasida biroz oldinga siljish borligini aytdi.
Respublikachi vakil, AQSh-Xitoy strategik raqobati bo‘yicha maxsus qo‘mita raisi Mayk Gallager “Amerika Ovozi” xitoy xizmatiga 26-iyun kuni elektron pochta orqali shunday javob berdi:
“Agar rost bo‘lsa, bu [gazeta] hisoboti Bayden ma’muriyati faqat Bosh kotib Si [Zinpin] bilan diplomatik muloqotga ega bo’lish uchungina mudofaa harakatlarini to‘xtatib qo‘yishi qanchalik ahmoqlik ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. [Xitoy Kommunistik partiyasi] tinch status-kvoni o’zgartirishga intilayotgan yagona partiya bo'lib, raqobatbardosh siyosat olib borish o’rniga tuganmas muloqotga tayanish tajovuzkorlikni keltirib chiqaradi”.
"Amerika Ovozi" Xitoyning Vashingtondagi elchixonasiga so'nggi voqealar yuzasidan izoh so'rash uchun elektron pochta orqali xabar yubordi, ammo javob kelmadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi 20-iyun kuni bu vaziyatdan bexabar ekanini aytdi.
Biroq Xitoyning rasmiy “Global Times” gazetasi 26-iyun kuni chop etgan maqolada AQSh "Kubada Xitoyning josuslik bazasi deb ataladigan dezinformatsiya kampaniyasi"ni boshlaganlikda ayblanadi.
Geytstoun instituti tahlil markazining taniqli katta ilmiy xodimi Gordon Changning ogohlantirishicha, agar Kubada Xitoy inshooti tashkil etilsa, AQSh ichki xavfsizligi uchun harbiy va strategik tahdidlar yuzaga kelishi mumkin.
23-iyun kungi maqolasida Changning yozishicha, Kubada yadroviy raketa omborlarining o’rnatilishi Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasiga “qisqaroq parvoz vaqti” ustunligini beradi.
“Bundan tashqari, AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimlari va radarlari hozirda Arktikadan, shimoldan bo’ladigan hujumlarga qaratilgan. Kuba Xitoyga janubdan hujum uyushtirish imkonini beradi.
Razvedka ma’lumotlari
London Siti universiteti elektronika va radiotexnika professori Devid Stupplesning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoy Kubaga koʻp askar joylashtira olmasa ham, Pekinning u yerdagi bazasi AQSh suv osti kemalaridan razvedka maʼlumotlarini yigʻa oladi.
Mintaqaning Xitoy va boshqa gʻarbiy yarimshardagi davlatlar bilan munosabatlariga eʼtibor qaratuvchi AQSh Armiya harbiy kolleji professori Evan Ellisning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Kuba Xitoyga 1999 yoki 2000-yildayoq Sovet davridagi uchta kuzatuv obyektiga kirishga imkon bergan boʻlishi mumkin.
Ellisning so'zlariga ko'ra, Xitoy Kubadan maxsus amaliyot kuchlarini joylashtirish va Pekin Tayvanga hujum qilsa, AQSh mudofaasini qo'llab-quvvatlovchi asosiy ta'minot zanjirlarini uzish uchun foydalanishi mumkin.
“Urush AQSh biqinida bo’lishi mumkin”
Chang o’z maqolasida shunday deb yozadi: "Osiyodagi urush Amerika hududi yaqinida va uning ustida - ehtimol yadro qurollari bilan olib boriladi".
Uning maqolasida, shuningdek, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi "Floridadagi AQSh harbiy-dengiz kuchlarining bazalariga zarba berishi va Amerika kemalarining harakatini to‘sish uchun Kubaga kema va samolyotlarga qarshi qanotli raketalarni joylashtirishi mumkinligi aytiladi.
Gallager 20-iyun kuni Milliy razvedka direktori Avril Xayns va Savdo kotibi Jina Raymondoga maktub yo‘llab, Kubada faoliyat yurituvchi “Huawei” va “ZTE” kabi Xitoy kompaniyalari amerikaliklar va AQShning maxfiy harbiy obyektlari haqida razvedka ma’lumotlarini yig‘ayotgan bo’lishi mumkinligi haqidagi savollarga javob berishni talab qildi.
Stupplesning ta'kidlashicha, intellektual mulkni o'g'irlash va sun'iy yo'ldosh tarmoqlarini rivojlantirish orqali Xitoy so'nggi o'n yil ichida o'zining razvedka imkoniyatlarini yuqoriga ko'tardi.
“Ehtimol, u to'playdigan ma'lumotlar miqdori bo'yicha AQShdan keyin ikkinchi o'rinda turadi", - deydi u.
Stupples taxminicha, Xitoy Kuba hukumati nazoratini chetlab o'tib, mahalliy xususiy kompaniyalar va texnik xodimlar orqali kiberrazvedka ma'lumotlarini to'plashi mumkin.
Tashqi aloqalar kengashining Lotin Amerikasida kuchayib borayotgan Xitoy ta'siri to'g'risidagi hisobotiga ko'ra, Xitoy, shuningdek, Lotin Amerikasi bo'ylab qurol sotish, harbiy almashinuv va ta'lim dasturlarini ko'paytirmoqda.
AQSh hukumati 2006-yilda Venesuelaga tijorat qurollarini sotishni taqiqlaganidan keyin Venesuela mintaqada Xitoy harbiy texnikasining eng yirik xaridoriga aylandi. Argentina, Boliviya, Ekvador va Peru ham Xitoyning ko‘p million dollarlik harbiy samolyotlari, quruqlikdagi transport vositalari, havo hujumidan mudofaa radarlari va hujum qurollarini sotib olgan.
Xitoyning kengayib borayotgan harbiy faoliyati
23-mart kuni AQSh janubiy qoʻmondonligi qoʻmondoni Lora Richardson Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qoʻmitasi oldida guvohlik berishicha, XXR oʻzining zararli taʼsirini yoyish, iqtisodiy qudratini qoʻllash va oʻz kuchini kengaytirish uchun son-sanoqsiz usullardan foydalanmoqda.
“XXR muhim infratuzilmaga, jumladan, chuqur suv portlari, kiber va kosmik inshootlarga sarmoya kiritmoqda. Ulardan tijorat va harbiy faoliyat uchun ikki tomonlama foydalanishi mumkin. Har qanday potentsial global mojaroda XXR strategik mintaqaviy portlardan AQSh dengiz va tijorat kemalariga kirishni cheklash uchun foydalanishi mumkin. Bu biz qabul qila olmaydigan yoki e'tibordan chetda qoldira olmaydigan strategik xavfdir", - dedi u.
U Xitoy tomonidan moliyalashtirilgan yoki egalik qilinadigan "ikki tomonlama foydalanish" yoki harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo'lgan fuqarolik loyihalarini eslatib o'tdi. Bular qatoriga kosmosdagi faoliyatni kuzatish uchun ishlaydigan kamida 11 ta obyekt, jumladan, Argentinada chuqur kosmik sig'imga ega bo'lgan obyekt va kuzatuv imkoniyatlari kiradi.
Facebook Forum