Breaking News

AQSh moliya vaziri: Xitoy bilan aloqalarda siljish bor


AQSh Moliya vaziri Janet Yellen
AQSh Moliya vaziri Janet Yellen

AQSh Moliya vaziri Janet Yellen yakshanba kuni Xitoy rasmiylari bilan so‘nggi kunlarda o‘tkazilgan 10 soatlik muzokaralar “samarali” kechganini va bugun AQSh-Xitoy munosabatlari “ishonchliroq asosda” ekanini aytdi.

"AQSh va Xitoy o'rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud", - dedi Yellen AQShning Pekindagi elchixonasida va Xitoy "adolatsiz iqtisodiy amaliyotlar" qo’llashini va Xitoyda faoliyat yuritayotgan AQSh bizneslarini qasddan nishonga olishini eslatib o’tdi.

Ammo Yellenning qo‘shimcha qilishicha, u va AQSh prezidenti Jo Bayden “ikki davlat ham gullab-yashnashi uchun dunyo yetarlicha katta ekanligiga ishonishadi”.

AQSh va Xitoy dunyoning ikki eng yirik iqtisodiyotidir.

Ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar milliy xavfsizlik va savdo bo’yicha mavjud sovuqlikka qaramay, har ikki tomonning yuqori lavozimli rasmiylari so'nggi haftalarda normal aloqalarni tiklashga harakat qilmoqda. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o'tgan oy Pekinga tashrif buyurdi. Bu Bayden prezidentligi davridagi AQSh bosh diplomatining Xitoyga ilk safari bo’ldi. Iqlim bo'yicha elchi Jon Kerri ham shu oy oxirida Pekinga borishi kutilyapti.

AQShning diplomatik tashabbusi Bayden va Prezident Si Zinpin Nyu-Dehlida “Katta yigirmalik” guruhi sammitida yoki noyabr oyida San-Fransiskoda o'tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik yig'ilishida yuz berishi kutilayotgan ehtimoliy uchrashuv oldidan amalga oshmoqda.

Moliya vazirligining yuqori martabali mulozimiga ko’ra, Yellenning safari aniq yutuqlarga olib kelgan deyish qiyin, ammo “aloqani qayta tiklash” va munosabatlarni o‘rnatish nuqtai nazaridan muvaffaqiyatli deyish mumkin.

Tashrifi chog‘ida Yellen shanba kuni Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifeng bilan besh soat suhbatlashgan. AQSh rasmiylari uchrashuvlarni "samimiy, konstruktiv va keng qamrovli" deb ta'riflagan bo'lsa, Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari ularni "chuqur, samimiy va pragmatik" deb atadi.

Yellen Bayden ma'muriyatining Pekin rozi bo'lmagan texnologiya eksportiga qo'ygan cheklovlarini himoya qildi va bunday kelishmovchiliklar ikki davlatga "rivojlanayotgan bozorlar va mamlakatlardagi qarz muammosi hamda iqlim o'zgarishi kabi muhim global muammolarni hal qilish yo'llarini topishga to'sqinlik qilmasligi kerak", dedi.

Xitoy tomoni, shuningdek, AQShning Xitoyga nisbatan sanksiyalari va cheklovchi choralaridan xavotir bildirdi, deya xabar beradi Sinxua davlat axborot agentligi. Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, ikki hukumat noyabr oyida Bayden va Xitoy rahbari Si Zinpin o‘zaro munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha erishgan kelishuvga qaytishi kerak.

Yellen Xitoyning yangi iqtisodiy jamoasi bilan ham uchrashishga muvaffaq bo'ldi.

“Ushbu sayohatimdan maqsad Pekindagi yangi iqtisodiy rahbariyat jamoasi bilan aloqalarni oʻrnatish va chuqurlashtirish edi”, - dedi Yellen.

Moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, Yellen "ma'muriyatning Xitoy bilan sog'lom iqtisodiy raqobatga intilish istagini muhokama qildi; bu ikkala iqtisodiyotga, shu jumladan amerikalik ishchilar va korxonalarga ham foyda keltiradi".

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida bosh vazir AQSh va Xitoyning iqtisodiy manfaatlari bir-biri bilan chambarchas bog'liqligini va Xitoyning rivojlanishi Qo'shma Shtatlar uchun muammo emas, balki imkoniyat ekanligini ta'kidlagan.

Ikkala tomon ham Yellenning tashrifini ijobiy baholagan bo'lsa-da, yuqori darajadagi uchrashuvlar uchun yangi rejalar e'lon qilinmadi.

Vashington Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor va kelasi oy AQShning bosh diplomati Entoni Blinken yana Xitoyga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Iqlim bo‘yicha AQSh elchisi Jon Kerri ham shu oy oxirida Xitoyda bo‘ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG