AQShning Xitoy bilan ziddiyatlarni yumshatishga urinar ekan, tomonlar bir-biriga qanday va’dalar bergani va qanday majburiyatlarni olgani to’g’risida turlicha qarashda ekani ayonlashmoqda.
Xitoy rasmiylari va ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, Prezident Jo Bayden Xitoy rahbari Si Zinpinga qator va’dalar bergan. Pekinda bu “to’rtta yo’q va bitta niyat yo’q” degan formula sifatida tavsiflanmoqda.
“Umid qilamanki, AQSh tomoni Prezident Bayden va men Balidagi [Indoneziya] uchrashuvimizda erishgan konsensusga sodiq qoladi va tegishli ijobiy bayonotlarni amalda qo’llaydi”, - degan Zinpin 19-iyun kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda.
“Sinxua” davlat axborot agentligiga ko’ra, Blinken AQSh Bayden bergan va’dalarga amal qilishini bildirgan.
To’rt va’daga ishora qilib, “Sinxua” Blinken quyidagilarni ta’kidlagani haqida xabar berdi: “AQSh yangi sovuq urushga intilmaydi, Xitoydagi [siyosiy] tizimni o’zgartirishga intilmaydi, ittifoqchilik rishtalarini mustahkamlash orqali Xitoyga qarshi chiqishga intilmaydi, Tayvan mustaqilligini qo’llab-quvvatlamaydi va Xitoy bilan ziddiyatga kirishish niyatida emas”.
AQSh bosh diplomatining bu so’zlarini tasdiqlash so’ralganida, Davlat departamenti Blinkenning Prezident Si bilan uchrashuvidan so’ng bergan intervyulari va bayonotlariga ishora qildi.
Xabar qilingan qator majburiyatlar umuman olganda AQShning amaldagi siyosatini aks ettirsa-da, Blinken jurnalistlar bilan muloqotda Baydenning Zinpinga bergan va’dalarini tilga olmagan edi. U AQShning texnologik va sanoatdagi mavqeini, shuningdek, xorijda hamkorlikni mustahkamlash sa’y-harakatlari haqida bayonot qilgan.
Tayvan masalasida Blinkenning aytishicha, Bayden ma’muriyati orol mustaqilligini qo’llab-quvvatlamasa-da, “bizni tashvishga solayotgan narsa bu kelishmovchiliklarni tinch yo’l bilan hal qilish haqida gap ketganda, Xitoy o’z siyosatini o’zgartirmoqda”.
“Biz o’z manfaatlarimizni ilgari surish va ularni himoya qilish uchun muloqot yo’lidan borayapmiz”, - deydi Blinken Xitoyga nisbatan umumuy pozitsiyani va Pekinga safarini izohlar ekan.
Xitoy bo’yicha siyosat
Bayden ma’muriyatining Xitoy bo’yicha siyosatini Entoni Blinken 2022-yilning mayida to’liq tushuntirgan edi.
“Biz Xitoyning siyosiy tizimini o’zgartirishga intilmaymiz, - degan Blinken. - Bizning vazifamiz - demokratiya shoshilinch muammolarga javob berishi, imkoniyatlar yaratishi, inson-qadr qimmatini yuksaltirishi, kelajak erkinlikka ishonadiganlarniki ekanligi, barcha davlatlar majburlovsiz o’z yo’lini tanlashda erkin bo’lishini yana bir bor isbotlash”, - degan edi Blinken.
Baydenning 2021-yilgi so’zlari
Xitoy davlat OAV birinchi bor Bayden 2021-yilning noyabrida Si Zinpin bilan virtual uchrashuvda va’dalar bergani haqida xabar bergan edi.
Baydenning so’zlari quyidagicha keltirilgan:
“Takror aytmoqchimanki, Qo’shma Shtatlar Xitoyning siyosiy tizimini o’zgartirishga intilmaydi, ittifoqlarni mustahkamlash orqali Xitoyga qarshilik ko’rsatishga intilmaydi, Xitoy bilan ziddiyatga kirishish niyatida emas, AQSh “yagona Xitoy” siyosatiga amal qilishda davom etadi, Tayvan mustaqilligini qo’llab-quvvatlamaydi, Tayvan bo’g’ozida tinchlik va barqarorlikni ko’rishni istaydi”.
Keyingi yili Xitoyning o’sha paytdagi Tashqi ishlar vaziri Van Yi yuqoridagi fikrlarni qo’llab, Bayden ma’muriyati a’zolarini tanqid qilgan.
“Ikki orkestr hamkorlik qilishi uchun ikki dirijor birinchi navbatda umumiy ohangni belgilab olishi shart, musiqachilar esa bir xil notaga muvofiq kuyni uyg’unlikda ijro etishlari kerak. Biroq guvoh bo’layapmizki, AQSh jamoasi ikki xil nota ishlatyapti, o’z rahbari tomonidan bildirilgan siyosiy irodani mantiqiy siyosatga aylantira olmadi. Natijada bu Xitoy xalqi va boshqa mamlakatlar xalqlari orasida chalkashliklarni keltirib chiqardi”, - degan Van.
Uning aytishicha, AQSh “to’rtta yo’q va bitta niyat yo’q” formulasini endi amalda qo’llashi va ikki tomonlama munosabatlarni tiklashi lozim.
Quvg’inda yashayotdan xitoylik dissident Vey Jinshen “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bayonot va va’da o’rtasidagi farqni e’tirof etadi.
“Bayonotlar shunchaki bayonot, “va’da” so’zi esa majburiyat va ikki tomon o’rtasida tuzilgan shartnomani anglatadi”, - deydi u.
Facebook Forum