Breaking News

Bayden Hindiston bosh vazirini dabdaba bilan kutib oldi


Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Oq uyda
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Oq uyda

Vashingtonga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sharafiga davlat ziyofati uyushtirildi. Modi, shuningdek, AQSh Kongressiga murojaat qildi. Ayni paytda Oq uy geosiyosiy maqsadlar yo’lida Hindistonda inson huquqlari himoyasi va demokratiya susayib borayotganidan ko’z yumayotganlikda ayblandi.

Prezident Jo Bayden Oq uyda Bosh vazir Narendra Modini kutib olar ekan, AQSh-Hindiston aloqalari har doimgidan ham mustahkam ekanini ta’kidladi.

"Men uzoq vaqtdan beri AQSh va Hindiston o'rtasidagi munosabatlar XXI asrning eng muhim munosabatlaridan biri bo'lishiga ishonaman", - dedi u.

Modi bu fikrni takrorlab, yangi dunyo tartibi shakllanayotganini aytdi.

"Hindiston va AQSh o'rtasidagi do'stlik butun dunyoning kuchini oshirishda muhim rol o'ynaydi", - dedi u.

Tanqidchilar Vashingtonni Hindistondagi inson huquqlari bilan bog’liq muammolardan ko’z yumayotganlikda ayblamoqda. Bayden esa bu da'voni rad etadi.

"AQSh-Xitoy munosabatlari AQSh-Hindiston munosabatlari kabi emasligiga ishonishimning asosiy sabablaridan biri shundaki, biz ikkalamiz ham demokratik davlatmiz", - dedi Bayden.

Modi ham o’z navbatida Hindistonda diniy ozchiliklar nishonga olinayotgani va tanqidchilar ovozi o'chirilayotgani haqidagi tanqidlarga qarshi chiqdi.

“Hindiston va Amerika – har ikki davlatda demokratiya bizning genimizga xos. Demokratiya bizning ruhimizga singgan. U tomirimizda oqadi”, - dedi u.

70 dan ortiq amerikalik qonunchi Baydenni Modi bilan uchrashuvda inson huquqlari va demokratik qadriyatlarga e’tibor qaratishga undadi.

Modi esa, aksincha, Kongressning qo'shma yig'ilishida nutq so'zlash uchun taklif qilindi. Bu chet ellik nufuzli shaxslarga beriladigan eng yuqori mukofotlardan biri. Qonunchilarning qo'shma yig'ilishda ikki marta nutq so'zlagan Hindistonning birinchi bosh vaziri sifatida u millionlab hindistonlik Amerika fuqarolarini ham tilga oldi.

“Ularning ba'zilari shu palatada ham o'tiribdi. Ortimda esa ulardan biri tarix yaratgan!” – deya u AQSh vitse-prezidenti Kamal Harrisga ishora qildi.

Modi o’z nuqtida o’zaro hamkorlik, jumladan, mudofaa va texnologiya sohalaridagi aloqalarga alohida to’xtaldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG