Breaking News

Bayden kelasi hafta Oq uyda Hindiston rahbarini qabul qiladi


21-iyun kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi AQShga so’nggi 9 yilda ilk bor davlat tashrifi bilan boradi. Modi Prezident Bayden bilan texnologiyalar va ishlab chiqarishni oshirishga qaratilgan harakatlarini kuchaytirish xususida gaplashadi.

Masalan, Amerikaning “General Electric” kompaniyasi Hindiston armiyasi uchun dvigatellar ishlab chiqarmoqchi, bu borada muzokaralar davom etmoqda.

AQSh va Hindiston Xitoyning global texnologik manzaraga ta’siriga qarshi turish maqsadida mudofaa, toza energiya, fazoni tadqiq qilishga qaratilgan strategik texnologiya bobida sheriklik qilmoqda. Oq uyning bildirishicha, ikki rahbar shu mavzuda ham gaplashadi.

To’qqiz yil oldin “Hindistonda ishlangan” tashabbusini olg’a surgan Modi mamlakatini texnologiyalar va ishlab chiqarish bo’yicha global markazga aylantirishda jiddiy yutuqlarga erisha olgani yo’q.

Vashingtonlik tahlilchi Rick Rossouning aytishicha, taraqqiyotga asosan infratuzilmaning zaifligi va Hindiston shtatlarida kompaniyalarga og’ir tushayotgan qoidalar to’sqinlik qilmoqda.

“Ishlab chiqaruvchilarga elektr quvvati kerak, suv kerak, mujmal bo’lmagan qoidalar kerak, biroq bularning hammasi shtatlar hukumatlari qo’lida”, - deydi mutaxassis.

AQShda ta’minot bilan shug’ullanuvchi bir kompaniya rahbari Ben Zyan nazarida esa Hindistonda kompaniyalar loyihalarni jadvalga qarab yakunlashga odatlanmagan, narx va tezlik bobida Xitoyga yetishishiga hali ancha bor.

“Xitoyda loyihaga buyurtma olinishi bilan ishga tez kirishiladi va tez topshiriladi”, - deydi u.

Biroq siyosiy ziddiyatlar va COVID-19 lokdaunlari sabab Xitoyda vaziyat o’zgarmoqda.

“Apple” kompaniyasi uchun ayfonlar ishlab chiqaruvchi “Foxconn” kompaniyasi kelasi yili Hindistonning Karnataka shtatida yangi zavod ochib, 50 ming odamni ish bilan ta’minlamoqchi.

Hindistonda shu paytgacha uchinchi chakana savdogarlar orqali mahsulotlarini sotib kelgan “Apple” aprel oyida ilk bor o’z do’konlarini ochdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG