Breaking News

Modi: AQSh bilan munosabatlarda eng muhimi - xalq diplomatiyasi


AQShga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki davlatni bir-biriga bog’lab turgan eng muhim omil bu ularning xalqlari ekanini e’tirof etmoqda.

U, xususan, ikki mamlakat o’rtasidagi akademik almashinuv dasturlarini yuqori baholab, ularni yanada ko’paytirishga chaqirdi.

“AQShda ta’lim va tadqiqot bilan bog’liq sohalarda ishlayotgan va nafaqaga chiqqan insonlardan ta’tillarini Hindistonda o’tkazishni so’rab qolaman. Shu tariqa ular Hindiston haqida bilib olishlari va bilimlarini yangi avlod bilan baham ko’rishlari mumkin”, - deydi Modi.

Amerikada hind millatiga mansub aholi taxminan 2,7 millionni tashkil etadi. Mamlakatda vaqtinchalik ishlayotgan yuqori malakali mutaxassislarning qariyb to’rtdan uch qismi Hindiston fuqarolari. Talabalik vizasini olganlar ham anchagina.

Bosh vazir Narendra Modi Xalqaro yoga kuni tadbirida ishtirok etdi, Nyu-York, 21-iyun, 2023.
Bosh vazir Narendra Modi Xalqaro yoga kuni tadbirida ishtirok etdi, Nyu-York, 21-iyun, 2023.

Tahlilchilar deydiki, Vashington va Dehli munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga shay. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Richard Rossoga ko’ra, ayniqsa mudofaa va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik salmoqli natijalar berishi mumkin.

Atlantika kengashi tahlil markazidan Irfan Nuriddin deydiki, Qo’shma Shtatlar o’z ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishni, bu borada Xitoyga tobe bo’lmaslikni istaydi.

“Hindiston barpo etilayotgan yangi zanjirning bir qismi bo’lishga tayyor. Hindistonlik amerikalik ishbilarmon doiralar ham bu imkoniyatlarni AQSh-Hindiston iqtisodiy hamkorligining bir qismi sifatida ko’radi”, - deydi u.

AQSh Kongressi a’zosi Ro Xannaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Vashington muzokaralarda nozik mavzularni ham chetlab o’tmaydi.

“Albatta, inson huquqlari, erkin matbuot, mamlakatning liberal demokratiyaga sodiqligi muhim ekani to’g’risida gaplashamiz. Ammo asosiy mavzu – sheriklikni mustahkamlash”, - deydi kongressmen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG