Breaking News

Kongress hukumat uchun yana bir qisqa byudjetni ma'qulladi


Kongress qisqa byudjetni ma'qulladi/O'zbekiston-AQSh
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:00 0:00

Kongress qisqa byudjetni ma'qulladi/O'zbekiston-AQSh

AQSh Kongressi bu hafta ma'qullagan hujjatga ko'ra, hukumat 2024-yilning 2-fevraliga qadar byudjetga ega. Bu bilan uning ishdan to'xtab qolish xavfining oldi olindi.

Amerika qonunchilari bir necha yildirki, zarur xarajatlar uchun mablag'ni shu tarzda, ya'ni qisqa muddatga ajratib kelmoqda.

2-fevralgacha Kongress moliyaviy yilning qolgan qismi yuzasidan kelishib olishi kerak.

Noyabr oyining oxirgi payshanbasida nishonlanadigan Shukronalik ayyomi oldidan qonunchilar ta'tilga ketdi, ammo orada ziddiyat kuchli.

Vakillar palatasining yangi spikeri Mayk Jonson deydiki, Oq uyning kelasi yil uchun byudjet taklifi kamomadni yanada oshiradi va Bayden ma'muriyatiga so'ragan pulni aslo bermaslik kerak.

2023-yilda federal hukumat daromadi 4,3 trillion dollarni tashkil etgan. Xarajatlar esa 6 trillion dollardan oshiq.

Kapitoliy, Vashington
Kapitoliy, Vashington

Kelgusi deyarli uch oyni qoplovchi byudjetga Isroil va Ukraina uchun so'ralgan 106 milliard dollarga yaqin mablag', shuningdek, Falastin uchun yordam kiritilmagan.

Bu masalalar bayramdan keyin, yangi yildan oldin ko'rib chiqilishi kutilmoqda.

Senatda demokratlar sardori Charlz Shumer deydiki, qisqa muddatli byudjetni ma'qullashning o'zi ham, mavjud kelishmovchiliklarni hisobga olganda hozirgi Kongress uchun katta yutuq.

Spiker Mayk Jonson deydiki, byudjet har doim vaqtida tasdiqlanishi shart va qonunchilar keskin shartlar qo'yishni bas qilishi kerak. Har ikki partiya vakillari orasida uning pozitsiyasiga qarshilar talay.

"Xarajatlarni kamaytirish lozim", - deydi spiker.

Biroq Jonson uzoq muddatli murosa tarafdori.

19 respublikachi vakil uning yondashuviga qat'iy qarshi, ya'ni ular nazarida demokratlarning biror taklifi qabul qilinmasligi kerak.

Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson

Jonson qonunchilar 10 hafta tinimsiz ishlaganini nazarda tutib, tanaffus zarurligini aytadi. Vakillar okruglaridan ozgina vaqt o'tkazib kelishi foydali, deya qo'shadi u.

Qonunan byudjet loyihasi 12 qismda ko'rib chiqilib, ma'qullanadi. Respublikachilar bu tartibni yoqlaydi, ammo oxirgi paytlarda u buzilgan va nima uchunligi yuzasidan yakdillik yo'q.

Ukraina, Isroil, immigratsiya va chegara xavfsizligi kabi masalalar bo'yicha alohida harakat qilish kerakmi yo qo'shib qabul qiliishi kerakmi - bahs-munozara avjida.

Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnell deydiki, Meksika bilan chegaradagi inqirozdan chiqish birlamchi vazifa.

Ayrim partiyadoshlari nazarida ham Ukrainaga yordam ko'rsatish hozir eng muhim ish emas.

Oq uyga ko'ra esa Rossiya aggressiyasiga qarshi kurashayotgan Ukrainaga madad allaqachon miqdor jihatdan ozaygan.

Zarur ko'mak uzatilmasa, deydi Milliy xavfsizlik kengashidan Jon Kirbi, Kiyev urushda boy bera boshlaydi.

Senator Shumer Kongress a'zolarini murosa yo'llari ustida o'ylanishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG