Breaking News

Qarz, byudjet Kongressda muhokamada


Kapitoliy shifti, Vashington
Kapitoliy shifti, Vashington

AQSh Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti partiyadoshlarini, ya'ni respublikachilarni Oq uy bilan erishilgan murosani ma'qullashga undamoqda. Bayden ma'muriyati 5-iyungacha qarz shifti ko'tarilmasa, iqtisod va moliyaviy tizim izdan chiqadi, deya ogohlantirmoqda.

O'ta konservativ respublikachilar nazarida Makkarti Prezident Jo Baydenni davlat xarajatlarini keskin kamaytirishga ko'ndira olmagan. Spiker deydiki, aksincha, murosada uning talablari ustun kelgan. Kelasi ikki yilda sarfiyat oshmaydi va ijtimoiy himoyada ham cheklovlar qo'yiladi.

Demokratlar mamnuniyat bilan aytishicha esa ijtimoiy yordam dasturlari respublikachilar xohlaganidek kamaymaydi.

Vakillar palatasi qarz shiftini oshirish ko'zlangan qonun loyihasi yuzasidan 31-may kuni ovoz berishi kutilmoqda.

Makkarti respublikachilarga loyihani obdon ko'zdan kechirib, muhokamani cho'zmaslikka, hujjatni vaqtida tasdiqlashga chaqirmoqda.

Kongress Byudjet idorasiga ko'ra, 99 betli hujjat kamomadni kelasi o'nyillikda 1,5 trillion dolllarga ozaytiradi. Buni respublikachilar anchadan beri talab qilib kelayotgan edi.

Biroq konservatorlarning shikoyati shuki, bu vaqt mobaynida ijtimoiy himoya uchun ko'proq mablag' talab qilinib, xarajatlar yana 2,1 trillion dollarga oshishi mumkin.

Respublikachilar Skott Perri va Chip Roy Oq uy va Vakillar palatasi liderlari orasidagi murosadan norozi
Respublikachilar Skott Perri va Chip Roy Oq uy va Vakillar palatasi liderlari orasidagi murosadan norozi

Makkarti qonunchilarni taxminlarga berilmay, ayni damdagi eng dolzarb masalani hal qilish uchun ovoz berishga undamoqda.

Prezident Bayden 30-mayni asosan Kongress liderlari bilan telefonda o'tkazgan.

435 a'zolik Vakillar palalastida 218 qonunchi "ha" deb ovoz bersa, loyiha ma'qullanadi.

Demokratlar sardori Hakim Jeffris deydiki, uning partiyadoshlari tasdiqlashga tayyor. Spiker respublikachilar orasida birdamlikni ta'minlasin, deydi u.

Pensilvaniya shtatidan konservativ qonunchi Skott Perri fikricha Oq uy bilan murosa Amerika uchun oyda emas, zarar.

"Biz bu loyiha o'tmasligi uchun qo'ldan kelgancha harakat qilamiz".

Texas shtatidan yana bir konservator Chip Roy ham qarshi va spikerni yangilash kerak, degan taklifni olg'a surmoqda.

Janubiy Karolina shtatidan respublikachi Nensi Meys ham "ha" deb ovoz bermoqchi emas.

Spiker Kevin Makkarti o'z partiyadoshlarining bosimi ostida
Spiker Kevin Makkarti o'z partiyadoshlarining bosimi ostida

Liberal demokratlar orasida ham loyihani xushlamayotganlar bor. Vashington shtatidan Pramila Jayapal ijtimoiy yordam aslo kamaymasligi kerak, deydi.

"Respublikachilarga qolsa, ular bunday himoyani mutlaq yo'q qiladi".

Ayni damda AQShda davlat qarzi shifti 31,4 trillion dollar. U qanchaga oshishi mumkinligi hozircha noaniq.

Senatda demokratlar lideri Chak Shumer respublikachi yetakchilar murosaga borganidan xursand. Uningcha, palatada loyiha tezlikda o'tishi kerak.

Biroq demokrat va respublikachi senatorlar orasida debat qizib bormoqda.

Virjiniya shtatidan demokrat Tim Keyn fikricha, loyihaning hozirgi shakli qabul qilinmasligi kerak. Energetika sanoati uchun ko'zlangan xarajatlarni u savolga tutmoqda. Bu bandlarni esa aynan respublikachilar kiritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG