Breaking News

XVF Ukrainaga 15,6 milliard qarz beradi


A local resident walks inside a destroyed school after a strike in Chasiv Yar, west of Bakhmut, eastern Ukraine, March 22, 2023.
A local resident walks inside a destroyed school after a strike in Chasiv Yar, west of Bakhmut, eastern Ukraine, March 22, 2023.

Ukraina va Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) 15,6 milliard dollarlik qarz paketi ustida kelishgan. Rossiyaning bostirib kirishi va davom etayotgan urush mamlakat iqtisodiyotiga mislsiz zarar yetkazgan va yetkazishda davom etmoqda, deydi rasmiylar. Kiyevning umidi shuki, boshqa donorlar ham madadni oshiradi. Ukraina hukumati korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga so'z bermoqda.

Moliya vazirligi bu qarz mamlakatda makro-moliyaviy barqarorlikni ta'minlash uchun suv va havodek zarurligini bildirgan. Ukrainani qayta qurishni boshlash kerak.

XVFdan keladigan kredit to'rt yilga mo'ljallangan. Ukraina byudjetidagi katta kamomadni yopish uchun ham yordam zarur, deyiladi Vashingtonda asoslangan fond bayonotida.

Pensiyalar va davlat xizmatidagilarning maoshini to'lash hamda eng asosiy xizmatlarni ko'rsatishga qiynalayotgan hukumat pul chiqarishga majbur. Bu esa inflyatsiyani oshirmoqda.

Qarzning bir qismi Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishidagi xarajatlari uchun ham sarflanadi.

Kelishuvni endi fond boshqaruv kengashi tasdiqlashi kerak. Tashkilotning Ukrainadagi missiyasi rahbari Gavin Grey deydiki, Kiyev qarz olish shartlariga javob bera olgan.

Mojaro ichidagi davlatlarga kredit ajratish XVFga xos odat emas, deya e'tirof etadi rasmiylar, biroq xalqaro hamjamiyat Ukraina naqadar murakkab ahvolda ekanini tushunadi.

Mamlakat iqtisodiyoti o'tgan bir yil ichida qariyb 30 foizga qisqargan. Harbiy xarajatlar esa yoppasiga o'sgan.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkorlar ko'mak ko'rsatmoqda, ammo yetmayapti.

Urushgacha bo'lgan davrda Ukraina bank tizimi sezilarli darajada isloh qilingan. Hukumatning moliyaviy faoliyati shaffoflashgan. Biroq hali ko'p o'zgarishlar qilish kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurash reytingida Ukraina 180 davlat ichida Ukraina 122-o'rinda. Ekspertlar tahlilicha, yulg'ichlik va o'marish darajasi hamon juda yuqori, ayniqsa davlat darajasida.

XVF nazarida esa Ukraina samarali boshqaruv va qonun ustuvorligi yo'lida dadil qadamlar tashlab kelmoqda va hamkorlik jarayonni yanayam jadallashtirishi lozim.

Joriy yil boshida qator yuqori lavozimli mutasaddilar, jumladan vazirlarning o'rinbosarlari va gubernatorlar korrupsiyada gumon qilinib, ishdan olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG