AQSh Prezidenti Jo Bayden Kongressdagi so’nggi chiqishida ma’muriyatining iqtisodiy yutuqlarini sarhisob qildi. Statistik ma’lumotlarda ishsizlik pasayganini ko’rsa bo’ladi, biroq mutaxassislar iqtisodiy muammolar mavjudligiga ishora qiladi.
Bayden mamlakat ahvoliga bag’ishlangan yillik hisobotida iqtisodiyot qaddini rostlayotganini aytdi.
“Inflyatsiya bizda tushyapti. Masalan, bir gallon benzin narxi 1,5 dollarga arzonladi”, - dedi u.
Biroq iqtisodchilar hanuz ko’plab muammolar borligini ta’kidlaydi.
“Ba’zi mutaxassislar ishlab chiqarish keskin tushganiga ishora qilib, allaqachon turg’unlikda ekanimizni aytishadi”, - deydi Monkler davlat universiteti professori Den Geltrud.
AQShda ishsizlik hozir 3,4 foiz atrofida bo’lib, 1969-yildan beri eng past ko’rsatkich; yalpi ichki mahsulot o’tgan yilning uchinchi va to’rtinchi choraklarida taxminan 3 foizga o’sgan, xuddi shu davr mobaynida inflyatsiya darajasi tushgan.
Biroq 2022-yilda o’rtacha inflyatsiya so’nggi 40 yilda eng yuqori darajada qayd etildi. Ekspertlar ta’minot zanjiridagi muammolar hanuz bartaraf etilmaganini ham aytadi.
Xalqaro valyuta jamg’armasining yaqinda chop etilgan hisobotida Amerikada iqtisodiy o’sish sekinlashishi, ammo tanazzulgacha yetib bormasligi bashorat qilinadi.
Ayrim iqtisodchilar esa hozirgi vaziyatni “sayoz, umri qisqa tanazzul” deb atamoqda.
“Jiddiy xavotirga sabab narsa emas bu, ammo bir necha oy, balki olti oy davom etishi mumkin”, - deydi Nyu-York universitetidan Nikolas Ekonomayds.
Ba’zilar Ukrainadagi urushning uzoq muddatli iqtisodiy ta’siriga ham e’tibor qaratmoqda. AQSh bundan qattiq zarar ko’rmagan, biroq Yevropa bir necha oydan beri qiynalmoqda.
“Jahon iqtisodiyoti Amerikanikidan ancha yomonroq ahvolda”, - deydi Ekonomayds.
Yevropa va Osiyoda tanazzul uzoqroq va chuqurroq bo’lish ehtimoli mavjud.
Dunyo rahbarlari iqtisodiy turbulentllikka hozirlanar ekan, Bayden ma’muriyati ishlab chiqarishni kuchaytirish xorijiy kompaniyalarni biznesini Amerikaga ko’chirishga turtki berishiga umid qilmoqda. Bu esa, deydi Nikolas Ekonomayds, Yevropa Ittifoqi rahbarlari xavotiri va muhokamalariga sabab bo’lmoqda.
Oq uy yangi imtiyozlar orqali Amerikada ishlab chiqarishni rag’batlantirishga urinmoqda, biroq bu oson bo'lmasligi aytilmoqda.
“Ishlab chiqarishni AQShga qaytarish juda qiyin bo’ladi. Sababmi? Atrof-muhit, qonunchilik, soliqlar bilan bog’liq masalalar”, - deydi iqtisodchi Geltrud.
AQSh qonunchilari hozir mamlakat qarz shiftini ko’tarish bo’yicha muzokara qilmoqda. Muzokara natijasi mamlakat iqtisodiyotini kelasi bir yilda belgilashi aniq.
Facebook Forum