Oq uy va Kongress muntazam muloqotda biroq AQSh moliyaviy tizimini jar yoqasidan qaytarish uchun hozircha biror kelishuv yo'q. Qarz shifti ko'tarilmasa, davlat zarur xarajatlarini qoplay olmay qoladi.
Hukumatga ko'ra, 1-iyungacha masala hal etilmasa, sistema izdan chiqadi. Bu esa, deya ogohlantirmoqda Bayden ma'muriyati, nafaqat millionlab amerikaliklar, balki dunyo ahli tirikchiligiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Ma'muriyat va qonunchilar byudjet yuzasidan murosa qilishi shart, deydi Prezident Jo Bayden, ammo respublikachilar nazarida Oq uy qator talablaridan voz kechishi kerak.
Qarz limitini yuksaltirish uchun respublikachilar xarajatlarni pasaytirish shartini qo'ygan. Oq uy bunga ko'nmayapti.
2024-yil byudjeti ustida ayni damda qizg'in muhokama ketmoqda. Erishilishi zarur bo'lgan kompromis, deydi qonunchilar, kelasi bir yil uchun hayot-mamot masalasidir.
Qarz shifti
Kongress shu kungacha qariyb 80 marta qarz shiftini ko'targan. Bu qaror bilan Moliya vazirligiga zarur to'lovlarni amalga oshirish uchun ko'proq qarz olishda ruxsat beriladi.
Lekin bu chora tobora siyosiylashib, limitni qayta ko'rib chiqishga zarurat tug'ilganida demokratlar va respublikachilar byudjetga qo'shimcha talablarni kiritishni odat qilgan. Natijada partiyaviy-mafkuraviy ziddiyatlar keskinlashib, murosa qilish tobora qiyin.
Vakillar palatasida ko'pchilik o'rinlarni egallagan respublikachilar ko'proq qarz olishga izn berish uchun sarfiyatni qirqishga intilmoqda. Kelajakda ham kamroq xarajat qilinishi shart, deydi ular.
Ayni damda qarz shifti 31 trillion dollar. Konservatorlar fikricha, bu limitning o'zi aslida osmon baravar. Ular ijtimoiy himoyani ham ozaytirish payida. Demokratlar bunga qat'iyan qarshi.
Bayden deydiki, Kongress zarur miqdorda qarz olishga to'siq qo'ymasligi lozim, aks holda mamlakat va jahon iqtisodiyoti aziyat chekadi.
Murosa yaqinmi?
Vakillar palatasi spiketi Kevin Makkarti so'zlariga ko'ra, Oq uy bilan kelishish mumkin, ammo Bayden ma'muriyati hozircha respublikachilarning qator shartlarini qabul qilmagan.
"Prezident Bayden bizning talablarimiz o'rinli ekanini tushunsa, murosa tayin", - deydi spiker.
"Amerika bu yil oldingi yilga qaraganda kamroq xarajat qilishi kerak".
Bayden qonunchilar bilan kelisha olishiga ishonadi. Uzoq yillar Kongress a'zosi sifatida uning o'zi bunday kurashlar ichida bo'lgan.
Murosa har ikki palatada ma'qullanishi shart. Oq uy pirovardida respublikachilarga bo'yin egishga majbur bo'ladi, deydi ayrim ekspertlar. Shundagina respublikachi liderlar kelishuvni tezlikda ovozga qo'yib, vaqtida qabul qiladi.
Cheklovlar?
Respublikachilar azaldan demokratlarni ko'p pul sarflashda, moliyaviy mas'uliyatsizlikda va isrofda ayblab keladi. Ular kelasi o'nyillikka cheklovlar qo'yishni ko'zlamoqda.
Demokratlar nazarida esa federal xarajatlar zamon talablariga mos va bu yilgi byudjetga aslo o'zgartirish kiritmaslik kerak hamda kelgusi yillar ham shunga qarab rejalanishi lozim.
Ikkala partiya ham birdek istaydigan loyiha va dasturlar bor, xususan, energetika sohasida va infrastrukturani yangilash yo'lida.
Masala hal qilinmasa-chi?
1-iyungacha qarz shifti ko'tarilmasa, Amerika iqtisodiyoti "katastrofa" tomon yo'naladi, deydi Moliya vaziri Janet Yellen.
Yellenning ogohlantirishicha, defolt millionlab odamlarni maoshsiz qoldiradi, minglab bizneslar inqirozga uchraydi, shuningdek, ijtimoiy himoya va nafaqa to'lanmay qoladi.
Sakkiz milliondan oshiq amerikalikning hayotiga bevosita ta'sir qilishi mumkin. Allaqachon yuqori inflyatsiyadan qiynalayotgan aholi bunday sinovlar bilan yuzlashishi adolatsizlik bo'ladi, deydi Bayden ma'muriyati a'zolari.
"Defolt, xususan, transport va huquq tartibot, chegara xavfsizligi, mudofaa va oziq-ovqat ta'minotiga zarar yetkazadi", - deydi Yellen.
Boshqa variantlar bormi?
Ba'zi demokratlar fikricha, qarz shiftini respublikachilar quvvatlovisiz ham ko'tarish mumkin.
AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 14-o'zgartirishga ko'ra, AQSh qarzi biror qarshiliksiz to'lanishi shart. Defolt, deydi ayrim ekspertlar, bosh qomusga ziddir.
Prezident Bayden esa masala Kongressda hal etiladi, degan umidda. Biroq Oq uy har ehtimolga qarshi boshqa variantlar haqida bosh qotirayotgani ham ma'lum.
Vakillar palatasida demokratlar sardori Hakim Jeffris qarz limitini oshirish masalasini ovozga qo'yish harakatida.
Lekin demokratlar palatada 213 o'ringa ega, ya'ni ozchilik. Maqsadga yetish uchun kamida besh respublikachini ular kabi ovoz berishga ko'ndira olish shart.
Bunday nozik mavzularda ozchilikka qo'shilish hukmron partiya tomonidan sadoqatsizlik sanaladi.
Facebook Forum