Breaking News

Yil sarhisobi: 2022-yil jahon iqtisodiyoti uchun qanday kechdi?


Yil sarhisobi: 2022-yil inflyatsiya va inqirozlar davri bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00

Koronavirus pandemiyasi oqibatlari tugamay turib, Rossiyaning Ukrainaga urush ochishi energiya narxlarining keskin oshishiga sabab bo’ldi va 2022-yilda jahon iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga olib keldi.

Ganalik Obeng Krampa Akkra shahrida sotish uchun xorijdan ikkinchi qo'l mebellarni import qiladi. Hozir uning moliyaviy ahvoli yaxshi emas. Ganada inflyatsiya bu yil qirq foizga yetdi. Natijada milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan deyarli ikki baravar qadrsizlandi.

“Bitta konteynerni import qilish uchun ketadigan xarajatni endi ikki baravar oshirishga to’g’ri kelyapti. Xuddi shu tovarlar, miqdori bir xil; lekin sarfi ikki baravar oshgan”, - deydi u.

Butun dunyo bo'ylab markaziy banklar energiya narxi o'sishi natijasida yuzaga kelgan inflyatsiyani yumshatish uchun qayta moliyalash stavkalarini keskin oshirdi. AQSh Markaziy bankining 2022-yilda foiz stavkalarini olti marta oshirishi dollar qadrini yanada mustahkamladi.

“Odamlar mol sotib oladi va sotadi. O’rtada ma’lum bir vaqt bor. Agar shu orada valyuta qadri o'zgarsa, ishlab chiqaruvchi yoki xaridor pul yo'qotishi mumkin. Bularning barchasi, esda tuting, inflyatsiya bilan ham bog'liq. Nafaqat inflyatsiya, balki inflyatsiyani kutish bilan. Agar men burger sotayotgan bo'lsam, ularni hozir qanchaga narxlashim kerak? Narxni har kuni o'zgartirishim kerakmi, degan savollar bor", - deydi London shahar universiteti professori Manmohan Sodi.

Noaniqlik jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'sir qilmoqda. 2023-yilda jahon iqtisodiyoti atigi 2,2 foizga o'sishi prognoz qilinyapti. Bu o’tgan yilgi besh foizdan ancha kam.

“Global foiz stavkalarining o’sishi qarz olish narxini oshirmoqda va ko'plab oilalar, firmalar va hukumatlar bosim ostida qolmoqda. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ham kam daromadli davlatlar uchun vaziyatni yomonlashtirdi. Ularning aksariyati oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqoriligidan himoyasiz va bundan tashqari, global moliyaviy sharoit og’irligi bois bu mamlakatlar qarzdorlikning yanada kuchayishi xavfi bilan yuzlashmoqda”, - deydi iqtisodchi Matias Korman.

1948-yilda mustaqillikka erishganidan beri eng og‘ir moliyaviy inqirozni boshidan kechirayotgan Shri-Lankada vaziyat, ayniqsa, ayanchli. Hukumat may oyida o‘z qarzlarini to‘lay olmadi; inflyatsiya esa 70 foizdan oshdi.

“Tovuq, baliq yoki boshqa go‘sht sotib olishga pulimiz yo‘q. Biz faqat sabzavot va barglarni iste'mol qilyapmiz. Hatto bolalarimizni maktabga yuborish va ularni ovqatlantirish ham qiyin bo’lib qoldi. Juda o’gir davrni boshdan kechiryapmiz”, - deydi Nagamma ismli fuqaro.

Butun dunyo bo'ylab ishchilar maoshlar oshirilishini talab qilmoqda, chunki inflyatsiya ularning daromadini kamaytirgan. Britaniyada hamshiralar va tez yordam xizmati xodimlari dekabr oyida ish tashlash uyushtirmoqchi.

"Men bolalar bilan bog’liq juda ko'p narsalarni qisqartirishga majbur bo'ldim, chunki yashash narxi yuqori bo'lgani uchun ularni ta'minlay olmayapman", - deydi britaniyalik hamshira.

2023-yilda inflyatsiya biroz pasayishi bashorat qilinmoqda. Ammo Ukrainadagi urush hali ham davom etayotgani va energiya narxlarining yuqoriligi tufayli yangi yil milliardlab odamlarga yengillik keltirishi kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG