Breaking News

Yevropa yoqilg'ini tejash siyosatiga kelishishga urinmoqda


Bugun Bryusselda Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar energetika vazirlari uchrashib, kelayotgan qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida mart oyigacha gaz iste’molini ixtiyoriy ravishda 15 foizga kamaytirib sovuq kunlar uchun tejash masalasini muhokama qildi.

Xalqaro hayot - 26-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:30 0:00

Avstriya, Vengriya, Polsha va yana bir necha mamlakat bunga qarshi.

Polsha iqlim vazirasi Anna Moskva energetika xavfsizligi bo’yicha qarorlarni yolg’iz Polshaning o’zi qabul qilishini ta’kidladi. Natijada ayrim davlatlar qoidadan xoli bo’lishi mumkin.

Rasmiy Polsha gaz omborlari to’lganini, iste’molni cheklashga zarurat yo’qligini aytadi.

Rus gaziga tobe Yevropa G’arb sanksiyalariga javob tariqasida Moskva gaz ta’minotini butunlay to’xtatib qo’yishidan xavotirda ekan, Ozarbayjon, AQSh, Kanada, Norvegiya, Misr va Isroildan gaz olishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilishi aytilmoqda.

Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok tabiiy gazni tejashga qaratilgan harakatlar muvofiqlashtirilayotganini olqishladi.

"Gaz tanqis bir paytda Yevropa Ittifoqi davlatlari bir-biriga qarshi harakat qilishi mumkin edi, ammo biz birdammiz. Va bu Rossiya prezidentiga eng muhim signaldir. Bizni bo’lib qo’yishlariga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi Berbok.

Bu o’rtada “Gazprom” kompaniyasi chorshanba kundan boshlab “Shimoliy oqim-1” quvuri bo’yicha gaz ta’minoti yana 20 foizga qisqarishi haqida ma’lum qildi. Ushbu qaror kompressor stansiyasining gaz turbinasi ishidagi tanaffus bilan izohlanmoqda, biroq quvur orqali gazni Rossiyadan birinchi bo’lib oluvchi Germaniya yoqilg’i oqimining kamayishiga sabab siyosiy ekaniga ishonadi.

Rossiya ta’mir uchun Kanadaga yuborilgan turbina qaytarilmayotganiga ishora qilib, gaz oqimini ilk bor iyun oyida 40 foizga kesgan edi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyani energiya manbalaridan qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblab keladi. Kreml esa G’arbni Ukrainani haqiqiy qurollar bilan ta’minlayotgani, mislsiz sanksiyalar bilan rus iqtisodiyotiga zarba berishga harakat qilayotgani uchun qoralaydi.

Rossiya qish kelishi bilan gazni o’chirib qo’ysa, Yevropaning ayrim mamlakatlari, jumladan Germaniyada aholi qiynalibgina qolmay, sanoatlar ishi ham to’xtab, mamlakat tanazzul va yanada kattaroq inflyatsiya bilan yuzlashadi.

O’tgan hafta Germaniya hukumati Rossiyadan gaz import qiluvchi “Yuniper” kompaniyasi uchun 15 milliard dollarlik yordam paketi ajratilishi haqida ma’lum qildi.

Yevropa gazning 40 foizini, neftning 30 foizini Rossiyadan oladi.

“Gaz qisqarsa, hamma narsaga ta’sir qiladi. Kasalxonalar qisman gaz hisobiga isitiladi, jamoat joylari ham”, - deydi germaniyalik bir odam.

“Qishda saunalar, yopiq hovuzlar, idoralarda ham issiqlikni kamaytirishga to’g’ri keladi”, - deydi yana biri.

“Italiyalik siyosatchilar quruq gapdan bo’shamaydi. Ularning biz bilan ishi yo’q. Chunki iqtisodiy muammolar ularga ta’sir qilmaydi. Oyiga 1200 yevro maosh topayotgan oddiy xalqqa qiyin. Bizga inqilob kerak”, - deydi bir italiyalik.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Kanadaga ta’mir uchun yuborilgan turbina Rossiyaga hamon qaytarilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG