Breaking News

Jahon banki, XVF Vashingtonda yillik majlisda


Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi yig'inlariga kelganlar tashkilotlar eshigida ro'yxatdan o'tmoqda, 10-aprel, 2023
Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi yig'inlariga kelganlar tashkilotlar eshigida ro'yxatdan o'tmoqda, 10-aprel, 2023

Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi (XVF) 10-16 aprel kuni AQSh poytaxtida yillik bahorgi majlislarini o'tkazmoqda. Islohotlar, yuqori inflyatsiya, geosiyosiy tarangliklar va moliyaviy beqarorlik muhokamada.

"AQSh va Yevropa davlatlarida savdo jadallashgani va Xitoy yana biznesga ochila boshlaganiga qaramay jahon iqtisodiyoti bu yil uzog'i bilan 3 foizga kengayadi", - deya taxmin qilmoqda XVF rahbari Kristalina Georgiyeva Vashingtondagi yig'inlarni ochar ekan.

Jahon banki va XVF ta'biricha, kelasi besh yil ichida dunyo bo'ylab ko'rsatkich bundan yuqorilamaydi.

Bu yil rivojlangan mamlakatlarning deyarli 90 foizida sekinlashish kuzatilib, Osiyo davlatlari ancha ildamlaydi. Biroq asosiy o'sish, ya'ni ko'tarilishning yarmi Hindiston va Xitoyga to'g'ri keladi.

Georgiyeva deydiki, kambag'al davlatlar uchun qarz olish qiyinlashib, eksportga talab kamayadi. Bu esa qashshoqlik va ochlikka yetaklashi mumkin, deya ogohlantirmoqda u.

Jahon bankining taxminlari XVFnikidan ancha salbiy. Bank prezidenti Deyvid Malpassning aytishicha, pandemiya davrida yopilib qolgan Xitoyning endilikda ochila boshlagani jahon uchun ijobiy siljish.

Xalqaro valyuta fondi rahbari Kristalina Georgiyeva deydiki, jahon iqtisodiyoti bu yil uzog'i bilan 3 foizga kengayadi
Xalqaro valyuta fondi rahbari Kristalina Georgiyeva deydiki, jahon iqtisodiyoti bu yil uzog'i bilan 3 foizga kengayadi

AQShda bir necha bankning qulashi moliyaviy vahima uyg'otgan. Georgiyeva markaziy banklarni tizimlarni ehtiyot qilish uchun zarur choralar ko'rishda davom etishga undab, bu borada chuqur xavotirga o'rin yo'q, deydi.

"Markaziy banklar inflyatsiya bilan olishmoqda. Kurashni ular turli instrumentlarni ishga solgan holda olib bormoqda. Moliyaviy barqarorlik uchun harakat to'xtamaydi", - deydi XVF direktori.

Bahorgi majlis oldidan XVF va Jahon banki boy davlatlardan pandemiya davrida bo'shab qolgan jamg'armani to'ldirish uchun 1,6 milliard dollar so'ragan. Bu hisobdan odatda favquloqqa hollarda foydalaniladi.

Jahon banki rahbari Malpass kambag'al davlatlarda ayni damda sarmoya oqimi pasayib, ko'proq kapital tashqariga chiqib ketayotganiga e'tibor qaratmoqda.

"Rekapitalizatsiya o'rniga dekapitalizatsiyaga guvohmiz. Bu albatta hamma uchun hayotni og'irashtiradi", - deydi Malpass.

Yig'inlarda Markaziy Osiyodan ham tegishli vazirlar, vazirlarning o'rinbosarlari va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar qatnashmoqda. Mintaqa uchun alohida ochiq anjumanlar rejalanmagan, ammo delegatsiyalar yopiq eshiklar ortida muloqotda.

Jahon banki va XVF O'zbekiston va Qozog'istonni islohotlarni jadallashtirishga, iqtisodiy va moliyaviy tizimlarni yangilash va shaffoflashtirishda davom etishga undamoqda.

Deyvid Malpass Jahon banki prezidentligi lavozimidan ketishga qaror qilgan
Deyvid Malpass Jahon banki prezidentligi lavozimidan ketishga qaror qilgan

Ukrainadagi urush va uning ta'siri - eng ko'p tilga olinayotgan masala. Jahon banki bu yil Ukrainaga "qo'shimcha 11 milliard dollar qarz" berishga to'g'ri kelishi haqida so'z ochgan.

Bu orada AQSh Jahon bankini isloh qilish uchun o'z takliflarini targ'ib qilmoqda.

Moliya vaziri Janet Yellen deydiki, bank maqsadlari rasman yangilanib, unga iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash, pandemiyalar, mojaro va mo'rtliklarga nisbatan chora ko'rish kabi yo'nalishlar qo'shilishi kerak.

Yellenga ko'ra, missiya kengayishi bankka tushad 50 milliard dollarga oshirishi mumkin.

Malpass prezidentlikdan ketish arafasida. Uning o'rniga "Mastercard" kompaniyasining sobiq rahbari Ajay Banga kelishi kutilmoqda. Bank prezidentligiga odatda AQSh nomzod ko'rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG