Turkiya shu oy yuz bergan ikki zilziladan o'ziga kelishga urinmoqda, ammo iqtisodiy zarar shu qadar yuqoriki, oqibatlarini yengish uchun uzoq vaqt va ulkan yordam zarur.
Turkiya tadbirkorlik va biznes uyushmasi hisobicha, fevral oyidagi tabiiy ofatlardan 80 milliard dollardan oshiq ziyon yetgan.
AQShning "Morgan Stanley" sarmoya banki 38 milliard dollarlik turar joy vayron bo'lgan deya tahlil qilsa, "JPMorgan" taxminicha, uylar va infratuzilmani qayta qurish uchun kamida 25 milliard dollar zarur.
Zilzila qaqshatgan hududda qariyb 13,5 million aholi tirikchilik qilgan. Bu esa Turkiya iqtisodining 10 foizga yaqiniga to'g'ri keladi. Zarar hisoblanganda bu sanalmagan.
1999-yilda Izmirda yer qimirlaganida hududdagi sanoat vayron bo'lib, yillik milliy mahsuldorlikning 30 foizdan oshig'i boy berilgan. O'sha yili Turkiyada iqtisod 3,3 foizga qisqargan.
Jahon banki bu yilgi zilzila o'sishga qanchalik ta'sir qilishi mumkinligini prognoz qilishga shoshmayapti. Xalqaro valyuta fondi 2023-yilda mamlakat iqtisodi 3 foizga kengayadi deya bashorat qilgan edi.
Londondan tahlilchi Timoti Ash deydiki, bu safar zarar 1999-yildagidan ozroq bo'ladi, chunki ko'proq qishloq xo'jaligi va qishloq joylar talafot ko'rgan.
Qayta qurish va tiklanish ishlari avj olar ekan, Turkiya iqtisodiyoti tezlikda oyoqqa tura boshlaydi, deya taxmin qiladi Ash. Rekonstruksiyaga qilingan sarmoya salmoqli bo'lishi kutilmoqda.
Turkiya aslida anchadan beri iqtisodiy tushkunlikda - inflyatsiya 60 foizdan yuqori, milliy valyuta misli ko'rilmagan darajada qadrsizlanib ketgan.
“Iqtisodiy o'sishga qaramay inflyatsiya o'tgan 24 yildagi eng yuqori darajada. Lira esa zaiflashgan. Kapital bozori boshi berk ko'chada", - deydi Umberto Lopez, Jahon bankining Turkiyadagi bosh vakili.
Turk iqtisodchisi Selva Demiralp deydiki, makroiqtisodiy siyosat shu qadar izdan chiqib ketgan ediki, bu zilzila vaziyatni yanayam murakkablashtirib, kelgusi yillar aholi tasavvur qilayotganidan ham og'irroq bo'ladi.
“Inflyatsiya va moliyaviy ahvolimiz sal yengilroq bo'lganida, hozirgi sinovli davrni eplay olgan bo'lar edik", - deydi Demiralp.
Ekspert Ash taxminicha, Turkiya katta qarz olishi mumkin.
14-mayda mamlakatda prezident va parlament saylovlari. Kim yutadi, siyosat qay tomon yo'naladi, degan savollar ostida iqtisodiy qarorlar ham shoshmay qilinishi mumkin.
Oxirgi yillarda qator xalqaro kompaniyalar va sarmoyachilar Turkiya rahbariyatini egri siyosatda tanqid qilib, mamlakatni tark etgan.
"Ko'plar qaytishni istaydi, lekin buning uchun yo'nalish yangilanishi kerak. Xorijiy investorlar ishonchli va tartibli muhit istaydi. Siyosat ular nazarida biznesga tamoman qarshi ketgan", - deydi Ash.
Zilzilaga javob berishda ham hukumatdan norozilar ko'p. Ular boshqaruvni e'tiborsizlik va sustlikda ayblaydi.
"Yaqinlashayotgan saylovlarda eng muhim omil zilzila bo'ladi," - deydi ekspert.