Breaking News

Mayk Jonson - Vakillar palatasining yangi spikeri


Mayk Jonson - Luiziana shtatidan saylangan respublikachi
Mayk Jonson - Luiziana shtatidan saylangan respublikachi

22 kunlik tortishuv ketidan AQSh Vakillar palatasi o'ziga yangi spiker sayladi - respublikachi Mayk Jonson. Luiziana shtatidan saylangan qonunchi 435 a'zolik organdagi 220 vakil tomonidan ma'qullangan. 209 kishi unga qarshi ovoz bergan.

51 yoshli kongressmen hozir uchinchi muddat faoliyat olib bormoqda. Shu kungacha ancha past darajada o'tirgan vakil endilikda AQSh boshqaruv tizimidagi uchinchi eng muhim mansabdor.

Ya'ni, prezident biror sabab vazifasini o'tay olmay qolsa, vitse-prezident uning o'rnini egallaydi. U ham ishidan chetlashtirilsa, spiker davlatning muvaffaqat rahbari bo'ladi.

Jonsonni spiker sifatida xohlamagan demokratlar, ya'ni organda ularning hammasi, 209 vakil, o'z liderlari Hakim Jeffris uchun ovoz bergan.

2020-yilda Donald Tramp prezidentlikka qayta saylanmaganini tan olmayotgan paytda Jonson uning yonini olgan va saylov natijalarini bekor qilish kerak, deya targ'ibot olib borgan.

Yangi spiker Mayk Jonson Kapitoliyda so'zlamoqda, 25-oktabr, 2023
Yangi spiker Mayk Jonson Kapitoliyda so'zlamoqda, 25-oktabr, 2023

Jonson spiker sifatida ilk nutqida nasroniyligiga urg'u berib, yangi vazifani ilohiy burch deb ta'rifladi.

"Xudoning ehsonini buyuk davlatimiz ravnaqi uchun sarflaymiz, xalqimizga sidqidildan xizmat qilamiz", - dedi u.

Safdoshi Eliz Stefanik nazarida Jonson tabiiy lider.

"O'tkir yurist, konstitutsiya bo'yicha yetuk mutaxassis. Amerika qadiyatlarini, erkinlik va farovonlik tushunchalarini u chuqur tushunadi".

Prezident Jo Bayden yangi spikerni tabrilab, unga omad tiladi.

“Boshidan aytganman, spiker kim bo'lishidan qat'i nazar, Amerika xalqi manfaatlari uchun birga ishlaymiz", - deydi Bayden.

Oq uyga qaytishga bel bog'lagan Donald Tramp ham Jonsonni qutladi.

"Maykni hamma hurmat qiladi. U haqda hech kimdan yomon narsa eshitmaganman", - deydi Tramp.

Vakillar palatasida demokratlar lideri Hakim Jeffris yangi spiker Mayk Jonson bilan, Vashington, 25-oktabr, 2023
Vakillar palatasida demokratlar lideri Hakim Jeffris yangi spiker Mayk Jonson bilan, Vashington, 25-oktabr, 2023

3-oktabrda respublikachi Kevin Makkarti spikerlikdan haydalgan edi. 212 demokrat va 8 respublikachi buning uchun ovoz bergan.

Undan norozi respublikachilarga ko'ra, Makkarti Oq uy bilan byujet yuzasidan kelishgani noto'g'ri bo'lgan. Ularga ko'ra, Bayden ma'muriyati so'rayotgan mablag'ni aslo bermaslik kerak, davlat xarajatlari oshirilmasligi lozim.

“Respublikachilar orasida anchadan beri bu qadar ziddiyat ko'rmaganmiz”, - deydi siyosiy tahlilchi Keysi Burgat.

"Buni ular yashirishmayapti ham. Ayniqsa buydjet borasidagi muhokamalarda ichki kurash qattiq sezildi. Makkarti o'z partiyasidan yetarlicha ovoz to'play olmadi".

Shundan beri bir necha respublikachi spikerlikka ko'rsatildi, ammo ma'qullanmadi.

Kongress oldidagi asosiy vazifa byudjet yuzasidan kelishib olish, aks holda 17-noyabrdan keyin hukumat ishdan to'xtab qolishi mumkin, chunki mablag'siz qoladi.

Bu orada Oq uy undan Ukraina va Isroilga yordam uchun qo'shimcha pul so'ramoqda - 61 milliard Ukrainaga, 14 milliard Isroilga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG